PENSIYA HAM DAROMADMI?..

O‘zXDP Markaziy Kengashi pensiyani hisoblash tartib-taomillari haqida seminar o‘tkazdi.

— Mamlakatimizda 3,5 millionga yaqin fuqaro har oy pensiya va ijtimoiy nafaqa oladi, — dedi O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Boymurod Yusupov. — Millionlab oilalarga moddiy hamda ijtimoiy yordam beriladi. Buning uchun byudjet mablag‘laridan salmoqli xarajat qilinadi, ijtimoiy himoyaning zarur infratuzilmasi shakllantirilgan va u samarali ishlab kelmoqda. Bu sohada maxsus vakolatga ega markaziy va mahalliy davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat yuritayotgani ishlar ko‘lami naqadar keng ekanini ko‘rsatib turibdi.

Aytish kerakki, pensiya yoshidagi aholining soni o‘sish tendensiyasiga ega. Masalan, 2010 yildagi 5,9 foizdan 2018 yilga kelib 7,4 foizga o‘sgan. Demak, fuqarolarning umr ko‘rish darajasi oshgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan boshlab pensiya yoshidagi aholi soni 9,0 foizdan ortadi va 2025 yilga borib 11,0 foizga yetadi. Umuman olganda, 2018-2025 yillarda pensiya yoshidagi aholining ulushi 1,2 million kishiga oshishi kutilmoqda. Natijada pensiya tayinlash uchun murojaatlar soni ortib boradi, 2017 yilning 12 oyida 206 ming kishiga, 2018 yilning 9 oyida esa 205,5 ming kishiga pensiya tayinlangan.

— Jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, pensiya tizimlarini isloh etishdan maqsad pensionerning minimal turmush darajasini ta’minlab bera oladigan pensiyani joriy etish, mehnat faoliyati davomida to‘langan badallar va pensiya miqdori o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni ta’minlashdan iborat, – dedi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat O‘taganov. — Mamlakatimizda ham pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Eng muhimi, bu masalalar qonunchiligimizda ham o‘z aksini topyapti.

Bosqichma-bosqich yangi tizimga o‘tib borilmoqda. Zamon talablari hamda aholining taklif va istaklaridan kelib chiqib, yangi usullarni amaliyotga tatbiq etib borish kerak. Bu orqali muammolarga yangicha yondashuv asosida yechim topishga erishiladi.

— Davlatimiz rahbarining 2018 yilning 12 dekabrida fuqarolarning pensiya tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi, — dedi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Aleksandr Navodniy. — Unda 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga nafaqalar to‘liq miqdorda to‘lanishi, uni hisob-kitob qilish uchun ish haqining eng yuqori miqdorini eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha oshirish belgilandi. Shu bilan birga, mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha farmon qabul qilindi. Unga asosan, 2019 yil 1 sentabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga, 634 880 so‘m miqdorida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori va 223 000 so‘m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori hamda 223 000 so‘m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilmoqda.

Yig‘ilishda, shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari ham so‘zga chiqdi. Nogironlar jamiyatlari a’zolari belgilanayotgan yangi tartib bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Qayd etildiki, pensiya va nafaqalarning qayta belgilanishi soliq bo‘yicha imtiyozlarga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Bir qo‘l bilan berib, ikkinchi qo‘l bilan olib qo‘yish aholining noroziliklariga sabab bo‘ladi. Ya’ni, pensiya va nafaqalarni hisoblashda oshirilgan me’yor soliq va boshqa to‘lovlar oshishiga ham sabab bo‘lsa, bu islohotdan ko‘pchilik rozi bo‘lmaydi. Odamlarning e’tirozlari va tushunmovchiliklarni bartaraf etish uchun joriy etilayotgan 3 bosqichli tizimni qayta ko‘rib chiqish hamda uni aholiga tushuntirish lozim.

— Konstitutsiyaning 39-moddasida barcha pensiya va nafaqalar yashash minimal miqdoridan kelib chiqib belgilanishi qayd etilgan, — dedi O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi rahbari Oybek Isoqov. — Lekin, afsuski, 27 yildan beri ushbu modda bajarilmay kelinmoqda. Mana, uchta bazaviy tizim ishlab chiqildi, ertaga beshta bazaviy ko‘rsatkichlarni o‘ylab topamiz. Bu esa turli tushunmovchiliklar, odamlarning e’tirozlari va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Eng ma’quli va qulayi esa Bosh qonunimizda belgilanganidek, yashash minimalini belgilash va shundan kam bo‘lmagan miqdorda pensiya hamda nafaqalarni joriy etish kerak. Ana shunda hech bir savolga o‘rin qolmaydi.

Tizimda o‘zgarish qilish vaqti keldi. Masalan, fuqaroning umri davomida ishlagan vaqtning oxirgi 10 yilligidan bitta besh yili tanlab olinadi. Axir inson qarigan chog‘ida emas, yoshligida ko‘p va yaxshi ishlaydi. O‘zimiz o‘zimizni aldab nima qilamiz. Agar imkoni bo‘lmasa, byudjet yetmayapti, kutib turing, deyilsin. Konstitutsiyamizni to‘liq bajaraylik, ana shunda barcha xalqaro standartlarga javob beradigan tizim yaratiladi.

To‘g‘ri, yashash minimali ishlab chiqilyapti. Lekin ba’zi moliyachilar pensiyani ham daromad, deb hisoblamoqda. Yoki mahalladan moddiy yordam so‘ralsa, ular daromad sifatida nogironlik uchun tayinlangan pensiyani kiritishadi. Aslida pensiya daromad emas. Bu nogironlar sog‘lig‘ining kompensatsiyasi. Mazkur masala ham o‘rganib chiqilishi kerak, deb o‘ylayman.

Ko‘zlangan natijaga erishish uchun partiya o‘z dasturiga shu va boshqa masalalarni kiritishi lozim. Vaholanki, ushbu masala partiyaning 5 yil oldingi dasturida ham bor edi. Partiyaning g‘oyasi edi bu. Lekin negadir ushbu masalani boshqa organlar ko‘tarmoqda. Partiya o‘z dasturida ilgari surayotgan yaxshi-yaxshi g‘oyalarga o‘zi egalik qilsa, tashabbus ko‘rsatsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Seminarda ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan pensiya tizimini isloh etishga qaratilgan qonun hujjatlari, qaror va farmonlar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha hamkorlikdagi rejalar belgilab olindi. Shuningdek, yangidan ishlab chiqilayotgan partiya dasturi va Saylovoldi dasturiga pensiya va ijtimoiy nafaqalar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha takliflar berildi.

Seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya Markaziy Kengashi mas’ullari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Nogironlar, Ko‘zi ojizlar, Karlar jamiyatlari vakillari, xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari ishtirok etdi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish