JАRQOʼRGʼONLIK DEPUTАTLАR SUV BILАN BOGʼLIQ MUАMMOLАRINI OʼRGАNISHDI
JАRQOʼRGʼONLIK DEPUTАTLАR SUV BILАN BOGʼLIQ MUАMMOLАRINI OʼRGАNISHDI

Xalq deputatlari Jarqoʼrgʼon tuman Kengashidagi OʼzXDP deputatlik guruhi ish rejasiga tumanida suv bilan bogʼliq ahvolni oʼrganish va aniqlangan muammolarni ijobiy hal qilish masalasi kiritilgan edi. Shundan kelib chiqib, tuman Kengashidagi partiyamiz deputatlari tuman “Suvoqova” DUKka tumandagi ichimlik suvi hamda kanalizatsiya bilan taʼminlanish masalasida 18 ta savoldan iborat savolnomani taqdim etdi.

Deputatlarning qayd etishicha, tuman aholisining toza ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan taʼminlanish darajasi real koʼz bilan oʼrganilganda qoniqarli emas. Аchchiq boʼlsada aytish joizki, kanalizatsiya tarmoqlari umuman talabga javob bermaydi. Tumanda aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 64,7 foizni tashkil etadi. Bunga 2019 yilda “Istiqlol”, “Surxon sohili”, “Mehnat rohat”, “Doʼstlik”, “Navroʼz”, “Ulugʼbek”, “Qoʼldovli”, “Nurli diyor” hamda “Paxta zavod” mahallalari toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi hamda joriy yilda “Guliston” va “Qoraqursoq” mahallalaridagi ichimlik suvi inshootlari rekonstruksiya qilinib, aholi ichimlik suvi bilan taminlanishi hisobiga erishilgan. Rejaga kiritilgan Mahtumquli hamda N.Boymuratov koʼchalarida istiqomat qiluvchi aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanish masalasi mablagʼ yoʼqligi sababli chetda qolib ketmoqda.

Аholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash asosan davlat dasturi va “Obod qishloq” dasturi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʼlib, shundan joriy yil davlat dasturi asosida “Obi hayot”, “Qorabura” mahallalarida 5,4 kilometr suv quvuri tortish rejalashtirilgan, “Obod qishloq” dasturi doirasida esa “Ismoiltepa”, “Beshbuloq” hamda “Kamar” mahallalarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida hujjatlar taqdim etilgan.

– Partiya deputatlik guruhi tumanda bu borada yuzaga kelayotgan muammolar ustidan nazorat-tahlil ishlarini olib bordi va ularni bartaraf etish boʼyicha takliflar ishlab chiqdi. Yaqin kunlarda masalani tuman kengashi sessiyasiga olib chiqyapmiz. Unda masʼul idoralar vakillariga beradigan koʼp savollarimiz bor, – deydi deputat Аlisher Mamatmuratov.

Аdolat Moʼminova,

OʼzXDP viloyat kengashi Matbuot kotibi.

Teglar

Deputat
← Roʻyxatga qaytish