Parlamentning ochiq havosi
Parlamentning ochiq havosi

 

Qonun loyihalarini ko'rib chiqish, unda odamlarning xohish-irodasini ifodalash, jamoatchilik muhokamasiga qo'yish, qabul qilish, bularning barchasi bevosita demokratiyaning asosiy talablaridan biri. Buning uchun albatta, parlament ochiq bo'lishi, odamlarga yaqinlashishi kerak. Yig'ilishlar, fraksiyalar munosabati, deputatlar va senatorlar bildirayotgan takliflar, umuman olganda, qonunni muhokama qilish va qabul qilishdagi har bir bosqich jamoatchilikka ma`lum bo'lsa, jurnalistlar ishtirok etsa, bu parlamentda demokratik xarakter uyg'onayotganini anglatadi. Kecha parlament quyi palatasining yalpi yig'ilishida ishtirok etib, bunga yana bir bor amin bo'ldik.

 

Yaqinda joriy etilgan tartibga asosan yig'ilish jonli efir bilan boshlandi. Oldingilaridan farqli ravishda jonli efirning mas`uliyati katta, talablari biroz yuqori. Bahsli muhokamalarni jonli kuzatish, deputatlar bilan ochiq muloqotga kirishish imkoniyati yana paydo bo'lganidan hamkasblarimiz juda quvonishdi. Bu ularning hayajonli nigohlari, deputatlar bilan tengma-teng jonli efirga tayyorlanishayotganidan sezilib turardi.

– Qonunchilik palatasi yig'ilishlarida ishtirok etish jurnalist uchun prinsipial masala, – deydi “O'zbekiston 24” telekanali jurnalisti Ma`suda Gulmetova. – Boisi xalqimiz parlament havosi bilan ommaviy axborot vositalari orqali yaqinroq tanishishadi, ma`lumot oladi. Endi jurnalistlar yig'ilishlarda nafaqat qatnashibgina qolmay, uni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish, axborot berish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Bu, albatta, parlament ochiqligi va shaffofligini ta`minlaydi, jamoatchilikning siyosiy jarayonlar, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorligini oshiradi.

Yig'ilish davomida qonun loyihalari muhokamalarini e`tibor bilan kuzatdik. Deputatlarning biroz hayajonli, ammo qat`iyat bilan bildirgan fikrlarini tahlil qildik. Qo'mitalar vakillari bayonotlariga bo'lgan haqli e`tirozlar, tegishli tashkilot mas`ullari bilan qonun loyihalari moddalarining tushunarsiz jihatlari yuzasidan tortishuvlar bizni ham befarq qoldirmadi.

Ayniqsa, ichimlik suvi ta`minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to'g'risidagi, nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalash faoliyati to'g'risidagi, davlat fuqarolik xizmati to'g'risidagi va O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo'shimchalar kiritish to'g'risidagi qonun loyihalari qizg'in muhokama etildi.

Shuningdek, parlament so'rovlariga vazirliklarning javobi, amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha hisobotlari eshitildi.

Ko'cha sovuq, ammo bizga parlament binosi ichidagi ochiq va iliq havo juda ham ma`qul keldi. Tez-tez borib, ko'p-ko'p yangiliklar guvohi bo'lishni niyat qildik.

 

Gulruh ODASHBOEVA,

“O'zbekiston ovozi” muxbiri.

“Ўзбекистон овози”, 29.12.2021, №52

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish