10 ming yetakchi
10 ming yetakchi

 

Yoshlar to'g'risidagi zarur ma`lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish. Bu vazifalar davlatimiz rahbarining «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida belgilangan ustuvorliklardan biri sanaladi. YaQINda qabul qilingan mazkur me`yoriy hujjatga ko'ra, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi vazifasi joriy etiladi.

O'zbekiston yoshlari ko'p mamlakat. Quvonch ham, tashvish ham shunga yarasha. Agar yoshlar hunarli va ishli bo'lsa, baxt ustiga baxt, lekin aksi bo'lsa, muammo ko'payadi. Shuning uchun yoshlarga muammo emas, imkoniyat, deb qarash zarur. Yangi tizim buning ustidan chiqa oladimi?

 

MAS`ULIYAT ISHLASHGA MAJBUR QILADI

Pirimqul ZARMASOV,

O'zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi o'rinbosari:

— Mahallada ishlagan tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, bu tizim chuqur o'ylab joriy etilyapti. Chunki mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlaydigan mas`ullar, diniy, ma`naviy-ma`rifiy yo'nalishdagi masalalarga yo'naltirilgan mutaxassislar bor. Huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlarga ham alohida shaxslar biriktirilgan. Bundan ko'rinadiki, yoshlarni tinglaydigan, ularning ko'ngliga yo'l topa oladigan, xuddi ulardek his qilib, fikr yuritadigan kishilarga ehtiyoj bor edi. Prezident qarori bilan aynan shu tizim joriy etiladi.

Qarordagi e`tiborimni tortgan eng muhim jihat bu – har bir harakat, har bitta murojaat va amalga oshirilayotgan ishlar raqamlashtiriladi. Hisobot va nazorat ham ana shu asosda orlib boriladi. Elektron baza shakllantirilishi kim qanday ahvolda ekani, nimaga ehtiyoji borligi, xarakter-xususiyati haqidagi barcha savollarga bir manzildan javob olish imkonini beradi. Natijada yoshlarga ko'maklashish, ularning muammolaridan o'z vaqtida xabardor bo'lish, asosiysi, hal etish choralarini ko'rishda kechikmaslikka olib keladi. Chunki yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi yoki ma`lumotidan qat`i nazar, endilikda bu ishlarning barchasiga mas`ul va javobgar shaxs bo'ladi. Bu esa bizga kerak edi.

Ularni saralab olish uchun ishchi guruh, komissiya tuzilyapti va Prezident maslahatchisining o'rinbosari uning raisi etib belgilangan. Bundan ko'rinadiki, masalaga juda jiddiy yondashilyapti. Alohida e`tibor va katta mas`uliyat bilan qaralyapti. Bu vertikal boshqaruv bo'lib, mahalladan tumanga, tumandan viloyatga, viloyatdan respublikaga tizimida faoliyat olib boriladi.

Yana bir muhim jihati shundaki, tashkil etiladigan yangi shtat birliklari uchun byudjetdan alohida mablag' talab qilinmaydi. Sababi Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta`lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo'linmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy o'rta ta`lim maktablaridagi yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi. Ularning soni esa 10 mingdan oshadi. Bu puxta va to'g'ri o'ylangan yechim, deb bilaman.

To'g'ri, shu kungacha ham mahallada yoshlar bilan ishlar olib borilgan. Ularning murojaatlari eshitilgan. Ammo masalaning yechimi to'liq oxiriga yetkazilmagan. Chunki mahalla raisining vazifalari juda ko'p. Undan talab qilinadigan ishlar ko'lami ham keng. Vazifalarni har bir yo'nalish bo'yicha o'z yordamchilariga yuklab qo'yishi mumkinligi ham bor gap. Faqat yoshlarning murojaatlari bo'yicha posbongami, biror jamoatchi xodimgami topshiriq beradi. Ular «xo'p», deydiyu bajarmay ketaveradi. Sababi, ularda majburiyat yo'q. Oylik olib ishlagan xodimda esa mas`uliyat va burch bo'ladi. Elektron shaklda faoliyat olib borilishi bilan mahalla nazorati joyiga tushadi.

 

SAMARASIZ LAVOZIM BYUDJETNI KEMIRADI

Mirolim ISAJONOV,

jurnalist:

— Ijtimoiy tarmoqqa shu mavzuda post qo'ygan edim, turli fikrlar bildirildi. Yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi va ularning zimmasiga yuklatilayotgan vazifalarning amaliyotda to'liq ta`minlanishi aslida katta ish bo'lardi. Biroq tanishlarimning aksariyati bu chora ham mahallalarni o'zgartira olmaydi, degan fikrni bildirmoqda. Chunki ko'p narsa moddiyatga, ya`ni aholining iqtisodiy ahvoliga bog'liq. Odamlarning ishsizlik muammosiga yechim topmay turib, katta natijalar, olamshumul o'zgarishlar haqida gapirish xato, menimcha. Nazarimda, yaxshi oylik, mehnat uchun munosib sharoit ko'p masalani ijobiy tomonga o'zgartiradi. Chunki qorni to'q odamning qulog'iga gap kiradi, ma`naviyat, ma`rifat va kelajak haqida xayol qiladi. Aks holda, bunaqa lavozimlar byudjetni kemiradi, xolos.

Bir qancha tengdoshlarimning muammosini hal qilish uchun Yoshlar ishlari agentligigacha chiqib, zo'rg'a natijaga erishganman. Shu paytgacha ham maktablardagi yetakchilar biror yigit-qizning muammosini hal etganini eshitmaganman. Sababi, ularning ishlashga vaqti yetmasdi. Tadbirbozlik, qog'ozbozlik bilan umri o'tib ketardi. Hisobot, kim nechta tadbir qildi, qancha odam qatnashdi, kimlar bordi va hokazo. Bundan keyin ham shunaqa bo'lmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Yaqinda joriy etilgan hokim yordamchisi lavozimi ham odamlar muammosini aniqlash, hal etish uchun yo'lga qo'yildi. Ular uyma-uy yurib, aholi muammolarini o'rgan­ya­pti, ularga nima kerakligi bilan qiziqyapti. Maqsad kim nimaga qodirligini, qo'lidan nimalar keladiyu qaysi sohada qobiliyatli, degan savollarga javob olishdan iborat. Ana shu asosda ularni ishli qilish ko'zda tutilgan.

Lekin bu kabi minglab shtatlarsiz ham odamlar tarmoqlarda muammosini ochiq aytyapti. To'g'ri, ularning xayqiriqlari bilan muammolar yechilib qolmaydi. Biroq yurtdoshlarimizni yolg'on va`dalar, puch xayollar bilan chalg'itishning imkoni yo'q. Shuning uchun bugungi urinishlar ertaga samara berishi lozim. Shunchaki qog'oz to'ldirish, «buncha odam bilan uchrashdim», «mana bunday rejalarim bor», deyish uchungina qilingan urinishlar besamar ketadi. Vijdonan ishlash kerak. Bu yetakchilarga ham bog'liq. Yetakchi muammoni o'rganib, unga yechim topishi uchun baribir mahalliy hokimlik organlariga murojaat bilan chiqadi. Ularga nega ishlari to'g'ri yo'lga qo'yilmagani va joylarda muammolar yuzaga kelayotgani haqidagi savollariga javob talab qiladi. Unga turli vajlar pesh qilinadi. Umuman, vijdonan ishlaydigan yoshlarning ham oldiga to'siqlar qo'yilishi mumkin.

Shuning uchun har xil yangi tuzilmayu lavozimlar bilan muammolar hal bo'lmaydi, deb o'ylayman. Yaxshisi, qoniqarsiz ishlayotgan hokimlar, quyidagi amaldorlar ishdan olinishi lozim. Chunki davlat rahbarining gapi, talabi va tashabbuslari asosan quyi bo'g'inlarda amalga oshmaydi.

 

ISHDAGI NATIJA O'SHA SOHANING EGASIGA BOG'LIQ

Kamola O'TANOVA,

«Yangi Sergeli» MFY yoshlar yetakchisi:

— 284-maktabda yetakchi vazifasida ishlaganman. Ayni paytda o'sha maktab joylashgan hududdagi mahallada yoshlar yetakchisi etib tayinlandim. Maqtanish bo'lsa ham aytaman, maktabimiz jamoasi ishdan ketishimni istamadi. Ularga doimiy aloqada bo'lish, o'quvchilarni tashlab qo'ymaslikka va`da berdim. Demak, u yerda o'rnim borligidan dalolat beradi.

Bu gaplarni aytishimdan maqsad, natijaga erishish, jamiyatda o'rin topish har bir odamning o'ziga bog'liq. Kimdir zimmasiga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarishi yoki o'z intizomsizligi sabab yo'qqa chiqarishi ham mumkin. Bundan ko'rinadiki, har bir ishning muvaffaqiyatli yoki aksincha bo'lishi o'sha yerda faoliyat olib borayotgan kadrning salohiyatiga bog'liq.

Shuningdek, kishida shaxsiy namuna, ichki intizom, mas`uliyat bo'lishi kerak. Yaxshi ishlamayotgan yetakchilarning o'zi hali hayotdan nima xohlashini bilmaydi, o'z maqsadiga ega emas, deb o'ylayman. O'z vazifasi, majburiyatlari hamda undan talab qilinayotgan masalalarni tushunib ololmagani ham ijobiy natija ko'rsatishga monelik qiladi va bu jihatlar har bir sohada, har bitta tizim va yo'nalishda kuzatiladi.

Etakchilarning vazifasiga kelsak, biror bir tashkilot va muassasadagi yetakchi faqatgina o'sha joydagi yoshlar bilan ishlab, ularni taraqqiyotga eltuvchi g'oyalar ketidan ergashtirishga mas`ul bo'ladi. Mahallada esa bu ish ko'lami kengayadi. Endilikda mas`uliyat yanada ortadi. Buni birgina hududdagi yigit-qizlarning elektron balansi shakllantirilayotgani misolida ham ko'rish mumkin. Ular orasida turfa yosh, xarakter va dunyoqarash egalari mavjud. Har biri esa alohida dunyo.

 

ETAKCHI O'Z USTIDA ISHLASHI KERAK

Nurmurod SIROJOV,

«Farg'onaazot» AJ yoshlar yetakchisi:

— Yetakchi ortidan boshqa yoshlarni ergashtirishi, ma`lum bir maqsadli yo'nalishga yetaklay biladigan kishidir. Mahallada yoshlar yetakchilari esa har bir soha bo'yicha o'z reja va dasturlarini tuzgan holda faoliyat olib borishi, targ'ib qilishi kerak.

To'g'ri, qanchalar mukammal bo'lmasin, har qanday g'oya va tashabbus qog'ozda qolib ketmasa, amaliyotda natija bersagina yaxshi. Ya`ni, vazifa qo'yildi, endi bu tizim zo'r bo'lib ketadi, degan fikr mutlaqo noto'g'ri. Chunki davlat rahbari yo'l ko'rsatib beradi, lekin uning natijasi sizu bizga, xususan, yoshlarga, ijrochilarga bog'liq. Yetakchimi, rahbarmi yoki oddiy xodim, avvalo, o'z ishini sidqidildan bajarishi shart. Aksincha bo'lsa, yer yuzidagi eng yaxshi g'oya ham mamlakatni rivojlantira olmaydi. Shu jihatdan aytish kerakki, yoshlar yetakchilari ham doimo izlanishi, dunyoqarashini kengaytirishi zarur. O'z ustida ishlamagan, mehnat qilmagan odam o'z o'rnini topa olmaydi. Hurmat va e`tibor haqida-ku o'ylamasa ham bo'ladi.

Bundan tashqari, yetakchilar aholi bilan ishlaydigan soha vakillari hisoblanadi. Shu bois, ulardagi samimiylik ham ustuvor sanaladi. Ana shunda odamlarda ishonch yuzaga keladi. Sababi, bugun yoshlarda kelajakka ishonch yo'q. Ularning ko'pida hafsalasizlik bor. Aksariyat yigit-qizlar o'z qobiliyatidan, iqtidoridan kelib chiqib, yo'nalish tanlashga qiynaladi. Vaholanki, hammaning qaysi bir sohada ustunligi, qiziqishi bo'ladi. Lekin uni anglash va to'g'ri yo'lni topib olishda ikkilanishadi.

Etakchi aynan shu jihatlar bilan kurashishi kerak. Faol yoshlar o'zlari bizni qidirib keladi. Biz ularga ko'maklashamiz. Yana bir qatlam borki, kunim o'tsa bo'ldi, deb yuradi. Aynan ular bilan ko'proq ishlash kerak. Ularning ishonchini qozonish, faollashtirish, jamiyatga qo'shish bo'yicha alohida reja lozim. Individual tarzda suhbatlashish, ularning qalbiga yo'l topish, o'zi ko'ra olmayotgan ertangi kun haqida tasavvurlarini shakllantirish, maqsad va istaklarini kashf qila olish bilan masalaga yechim topish mumkin.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«Ўзбекистон овози», 9.02.2022, №6

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish