Davlatning mehri har bir hududdan 100 nafar qiz bepul tahsil oladi
Davlatning mehri har bir hududdan 100 nafar qiz bepul tahsil oladi

 

Hayotda o'ziga bog'liq bo'lmagan sabablar bilan murakkab, umidsiz vaziyatga tushib qolgan onalar, xotin-qizlarga har tomonlama madad berilyapti. Ayol, ona o'qimishli bo'lsa, qiyin vaziyatlardan chiqib ketish yo'lini topa oladi. Farzandlarini ham to'g'ri tarbiyalaydi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo'q yolg'iz ayollar oliy ta`lim olishini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risidagi hukumat qarori mazmuni, ahamiyatini tushunish oson. Bu hujjat orqali ehtiyojmand qizlar yoki boquvchisi yo'q ayollarning orzulari ushaladigan bo'ldi.

 

Muqaddas O'ROZALIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi:

— Qiziqishi bo'la turib, o'ziga bog'liq bo'lmagan sabablar bilan kontrakt asosida o'qiy olmaydigan qizlar oz emas. Endi ota-onasidan ayrilganlarning holatini tasavvur qilib ko'ring…

Qarorda e`tiborimni tortgan jihati, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili 100 nafardan xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo'shimcha manbalari hisobidan “shartnoma pullari” to'lab berilishi belgilangan. Bu oliy ma`lumotli, qo'lidan ish keladigan, keng dunyoqarashli onalar soni har yili har bir hududda ortadi, degani.

Qaror asosida belgilangan nizomda to'lab borish bu qay tartibda amalga oshirilishi ko'rsatib o'tilgan. Ya`ni, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2021/2022 o'quv yilidan boshlab, har yili o'zlarining hududlaridan o'qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-3-4-bosqichlarda tahsil olayotgan 75 nafar xotin-qizning bazaviy to'lov-kontrakt summasini o'qishni bitirguniga qadar to'lab beradi.

Moliyaviy barqaror (byudjetdan tashqari to'lov-kontrakt mablag'lari bo'yicha birlamchi xarajatlar qoplangandan so'ng qoldiq mablag'larga ega) davlat oliy ta`lim muassasalari tomonidan ularning kengashlari qaroriga muvofiq, 50 nafargacha xotin-qiz birinchi o'quv yilida byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan bepul o'qishi ham qayd etilgan. Bunda talabgorlarning ikkinchi va undan keyingi o'quv yillari uchun o'z hududlaridagi tijorat banklari tomonidan ta`lim kreditlari rasmiylashtiriladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o'z hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda o'qishni tamomlagandan so'ng ularni ish joyi bilan ta`minlaydi.

Eshitgan quloqqa bu juda ham yoqimli. Pul to'lab o'qishga imkoniyati yo'q shuncha odam tahsil olibgina qolmay, ishli ham bo'ladi. E`tiborlisi, bu tizim ishga tushdi. Joylarda shartnoma mablag'lari to'lab berilmoqda. Opa-singillarimiz bunday qulay imkoniyatdan unumli foydalanib, oila va jamiyatga nafi tegadigan kadr bo'lib yetishadi, deb ishonamiz.

 

Oybarchin ABDULLAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi:

— Qaror yaxshi, unda belgilangan vazifalar ham ko'pchilikka manzur. Aynan kimlarga to'lov-shartnoma pullari to'lab beriladi, degan savol tug'iladi.

Hukumat qarorida aniq ko'rsatib o'tilgan. Unga ko'ra, talabgorlarni tanlab olish qator mezonlar asosida amalga oshiriladi. Xususan, to'liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya`ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo'q ehtiyojmand yolg'iz ayollarga e`tibor qaratiladi.

Buning uchun oliy ta`lim muassasasiga kirish uchun topshirilgan test imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga ko'ra bazaviy to'lov-kontrakt asosida qabul qilinganlar ma`lumotnomasi talab etiladi. Shuningdek, 2-3- va 4-kurslarda tahsil olayotgan va qaror mezonlariga mos keluvchi xotin-qizlar test natijalari e`lon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati to'g'risidagi hujjatni har yili 10 kalendar kun ichida oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasiga taqdim etadi.

Talabgorlarga tug'ilganlik haqidagi va ota-onasi yoki ularning biri vafot etgani to'g'risida o'lim guvohnomalarining nusxalari kerak bo'ladi. Yolg'iz onalar esa yolg'izligini tasdiqlovchi ma`lumotnomaga ega bo'lishi lozim.

Har bitta davlat oliy ta`lim muassasasi belgilangan mezonlar asosida talabgorlar ro'yxatini shakllantirib, ularning doimiy yashash joyi bo'yicha hokimliklarga yozma ravishda ma`lumotlarni yuboradi. Bunda keltirilgan mezonlardan biri asosida davlat oliy ta`lim muassasasiga o'qishga tavsiya etilgan va tahsil olayotgan talabgorlar ro'yxati tahlil qilinib, 5 kalendar kun mobaynida tegishliligi bo'yicha hokimliklarga bakalavriat ta`lim yo'nalishlari va o'quv yili uchun to'lov-kontrakt miqdorlari aniq ko'rsatilgan holda davlat oliy ta`lim muassasalari tomonidan taqdim etiladi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning oliy ta`lim olishlarini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash komissiyasi a`zolari tomonidan talabgorlardan 100 nafarini tanlab olishda birinchi navbatda ularning ijtimoiy holati, ehtiyojmandligi, to'plagan ballari, hududlardagi ta`lim yo'nalishlari bo'yicha kadrlarga bo'lgan ehtiyoj hamda tahsil olayotgan bosqichlari inobatga olinadi.

Hokimliklar tomonidan tavsiya etilmagan talabgorlarga nima bo'ladi? Hukumat qarorida bu masala ham nazarda tutilgan. Davlat oliy ta`lim muassasalari moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, o'zlarining kengashlari qarori bilan tanlab olingan 50 nafargacha bo'lgan xotin-qizlarni birinchi o'quv yilida byudjetdan tashqari to'lov-kontrakt mablag'lari hisobidan bepul o'qitishni ta`minlaydi.

Korrupsiyaning oldini olish, tanish-bilishchilikka yo'l qo'ymaslik, asosiysi, imkoniyatlardan haqiqiy muhtojlar foydalanishi uchun ijro mexanizmi to'g'ri yo'lga qo'yilishi kerak. Jarayon ochiq tarzda, jamoatchilik vakillari hamda deputatlar ishtirokida amalga oshirilsa, nur ustiga nur bo'lardi, deb o'ylayman.

 

“O'zbekiston ovozi” muxbiri

Zilola UBAYDULLAEVA

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 23.02.2022, №8

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish