Bir daryo suvini ichgan ikki xalqmiz
Bir daryo suvini ichgan ikki xalqmiz

 

Dasturxonimizga tortilgan har qanday tansiq taomimizda qo‘shnimizning rizqi bor ekan. Bizga ota-bobomiz, ona va momomizdan shunday udum va shu kabi o‘gitlar meros bo‘lib qolgan.

Biz ana shunday go‘zal ma’naviyat ichida ulg‘aygan elu, zarur bo‘lsa, bir mayizni qirq bo‘lib yeyishgada qodir ulug‘ bir xalqmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turganligi ham kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlarining yanada yuqoriroq pog‘onalarga ko‘tarilishiga yetarlicha asos bo‘lishini bugun ishonch bilan ayta olishimiz mumkin.

Ta’kidlash joiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi mazkur iliq bordi-keldi munosabatlarimiz kelgusida ham xalqaro aloqalar tarixidagi eng esda qolarli oliy darajadagi tashriflar sirasida qayd etilishi shubhasizdir.

Sheriklikning yangi pog‘onasi

Aytish mumkinki, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi o‘zaro devor darmiyon qo‘shnichiligimiz, samimiy va do‘stona aloqalarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlarida to‘la namoyon bo‘lgan: «O‘zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shohi, bir daryoning ikki irmog‘iga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yo‘lida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qayg‘uyimizda ham doimo birgamiz. Ajdodlar an’anasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamog‘imiz darkor».

Darhaqiqat, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida, xususan Tojikiston Respublikasi bilan yuqoridagi fikrlarga og‘ishmay amal qilayotgani ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda tobora yaqqolroq aks etib bormoqda. Bu esa, davlatimiz rahbarining mazkur masala borasidagi o‘z fikrida sobit ekanligi va davlatlar o‘rtasidagi teng sheriklik, manfaatdorlikning tarafdori ekanidan dalolatdir.

Misol uchun, 2018 yilda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida davlatlararo strategik sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu esa davlatlararo turli tarmoqlarda o‘zaro manfaatli aloqalarning tiklanishi hamda rivojlanishiga katta turtki berdi.

Darhaqiqat, 2018 yilning 17-18 avgust kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga qilgan birinchi davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni tamomila yangi bosqichga olib chiqqani bilan tarixga kirdi.

Ikki kunlik tashrif davomida Prezidentlar o‘zaro aloqalarni tomonlar uchun manfaatli yo‘nalishda, mavjud imkoniyatlarni to‘la ishga solish hisobiga rivojlantirishning muhim jihatlarini muhokama qilishdi.

Uchrashuvda jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya, harbiy-texnik, suv-energetik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, ularning yakuni bo‘yicha qo‘shma qarorlar qabul qilindi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning 10-11 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif bilan bordi.

Tashrif davomida o‘tkazilgan muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha jami 35 ta hujjat imzolangani esa o‘zaro aloqalarning tadrijiy rivojlanishida muhim o‘rin tutdi.

Bu galgi tashrif dasturiga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida Abadiy do‘stlik deklaratsiyasi imzolanishi kutilmoqda. Demakki, o‘zaro aloqalarda tarixiy lahzalar guvohi bo‘lmoqdamiz. Zotan, mazkur hujjat savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni izchillik bilan yanada samarali davom qilishda mavjud imkoniyatlarni yanada oshirishga xizmat qiladi.

2018 yil 28 avgust kuni davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sherikchilikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.

Hozirgi kunda qabul qilingan mazkur qaror davlatlararo kelishuvlardagi belgilangan vazifalarni izchil ravishda hayotga tatbiq qilishning mustahkam huquqiy asosi vazifasini o‘tamoqda. Bu haqda ko‘plab iliq gaplarni yozish mumkin.

Ikki davlat o‘rtasida imzolanayotgan hujjatlar hayotga qay tarzda tatbiq etilmoqda?

Bu savolga javob berish asnosidagi o‘rganishlardan anglashiladiki, bugun davlatlararo birgalikda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i anchagina. Ayni paytda amalga oshayotgan tashrif arafasida, aniqrog‘i, 2022 yil 1 iyun kuni Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida «Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ta’minlashda Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning roli» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tganidan xabardormiz.

Mazkur tadbirda O‘zbekistondan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Tojikiston Respublikasidan esa, Prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi, Milliy Fanlar akademiyasi mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda mustaqil ekspertlar ishtirok etishdi.

Biz uchun ahamiyatlisi, unda so‘zga chiqqan Tojikiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Manzura Rustamova ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijalari haqida to‘xtalib, bugungi kunga qadar davlatlararo 300 dan ziyod qo‘shma korxonalar tashkil etilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi esa, oxirgi olti yilda 37 barobar oshgan. Birgina, 2022 yilning dastlabki choragida ushbu ko‘rsatkich 173,6 mln. AQSH dollariga yetdi.

Taqqoslash uchun aytish joizki, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 40 mln. AQSH dollari yoki 30,4 foizga ko‘pdir. Iqtisodiyotdagi bunday o‘sish shubhasiz, ikki davlat xalqlari turmush farovonligi oshishiga zamin yaratmoqda.

Ishonchli do‘stona aloqalar esa qo‘shnilar hayotiga baraka keltirishi shubhasizdir. Davlatlararo munosabatlarning mustahkamlanishi, avvalo xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi, quda-andachilik va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Buning uchun ham barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Misol uchun, keyingi yillarda davlat chegaralarida 20 ga yaqin o‘tkazish punktlari ochildi. O‘zbekiston fuqarolari uchun Tojikistonda ro‘yxatdan o‘tmasdan yurish muddati 10 kungacha uzaytirildi, ilgari bu muddat 3 kun edi.

Shuningdek, 2018 yil may oyida Toshkent -Xo‘jand-Toshkent yo‘nalishida xalqaro avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi ikki davlat fuqarolari manfaatlarini ko‘zlab, aviachiptalar narxini ikki martaga arzonlashtirdi. Dushanbe bilan Samarqand va Buxoro o‘rtasida aviaqatnovlar ham qayta tiklanmoqda.

Bu esa madaniy-gumanitar, sayyohlik sohalari bo‘yicha ham aloqalar mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Xususan, joriy yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida «Do‘stlik nasimi» nomli adabiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda o‘zbek va tojik adiblari ikki xalq o‘zaro aloqalarining o‘ta go‘zal va betakror ijodiy talqinini namoyish qilishdi.

So‘nggi so‘z o‘rnida

Bir so‘z bilan aytganda, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi bu gal ham o‘zaro ishonch va do‘stona ruhda, har ikki taraf uchun teng manfaatli bo‘lishiga barcha asoslar mavjud. Zero, Prezidentlarning har bir uchrashuvidan xalqlarimiz doim yaxshi yangiliklar kutishga odatlanishgan va bunga ishonadi.

 

Zulayho AKRAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish