Huquq muhim, kafolat ham…
Huquq muhim, kafolat ham…

 

Hayot o'zgarib, rivojlanib borar ekan, xalq va davlat o'rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar ham takomillashib boradi. Konstitusiya ham shunday. 1992 yil yaratilgan, davlatimiz yuzi, obro'si bo'lgan, milliy davlatimizning rivojlanishi va fuqarolarning manfaatlari, ularning jamiyatdagi o'rni, turmush tarzini belgilab beradigan Konstitusiyamiz ham qanchalik mukammal bo'lmasin, hayot bilan hamohang ravishda isloh etilishiga ehtiyoj borligi sezilyapti. Shu kunlarda barcha o'z taklifi, fikr-mulohazasi bilan faol ishtirok etmoqda. Zero, barcha o'zgarishlarning tashabbuskori ham, ijrochisi ham xalqimizdir.

O'zbekistonda ijtimoiy adolat tamoyili asosidagi barqaror rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. “Yangi O'zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili asosida konstutsiyaviy me`yorlarga o'zgartirish kiritishga zarurat bor. Ijtimoiy davlat, deganda, albatta, birinchi navbatda ijtimoiy soha, xususan, tibbiyot, ta`lim, bandlik, nogironlik, ishsizlik masalalari ko'z oldinga keladi.

Tibbiyot doimo davlatning e`tiborida bo'lgan. Birinchi, keyingi yillardagi tub islohotlarning sog'liqni saqlash sohasidan boshlangani ham bejizga emas. Buning natijasida birlamchi tibbiy sanitariya yordami tubdan o'zgardi, xalqimizga yaqinlashdi. Oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalar, umuman, barcha tizimda aholiga davlat tomonidan bepul tibbiy xizmat ko'rsatilishi ta`minlanmoqda.

Birgina «103» xizmatining o'zida qancha ishlar amalga oshirildi: yangi avtoulovlar, reanimobillar bilan ta`minot yaxshilandi. 2019 yilda avtomobillar soni 2525 ta edi, 2022 yilga kelib 3000 ga yaqinlashdi. Dori-darmonlar ta`minotida katta o'zgarishlar bor.

Har bir yo'nalishda, har bitta bosqichda amalga oshirilgan ishlarni sanasak, ancha vaqt kerak bo'ladi. Asosiysi, bularning barchasi insonlar hayotida sezilmoqda, o'z aksini topmoqda.

Amalga oshirilgan mazkur islohotlarning natijadorligini oshirish uchun Konstitusiyamizga ayrim o'zgarishlar kiritilishi yaxshilikka xizmat qiladi, deb o'ylayman. Masalan, 40-moddada malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanimiz yozib qo'yilgan. Biroq bu huquqning kafolati mustahkamlanmagan. Shuning uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga davlat tomonidan kafolatlangan hajmda tibbiy yordam ko'rsatilishi haqidagi me`yorni qo'shimcha sifatida kiritishni taklif qilaman.

Bilamizki, bugungi kunda nogironlikka olib keluvchi ijtimoiy kasalliklarni erta aniqlash borasida manzilli va maqsadli skrininglar o'tkazish, joylarda kadrlar va jihozlar ta`minoti, 13 turdagi emlash ishlari, bu borada vaksinalarni bepul berishni davlat o'z zimmmasiga olgan. Bir so'z bilan aytganda bugungi kunda tibbiyotda nima pulli-yu, nima bepul ekanligi belgilanmoqda. Biroq qonuniy asosni mustahkamlash ham talab etiladi. Shu sababli davlat sog'liqni saqlash tizimi tashkilotlari va xususiy tibbiyot muassasalarida pulli tibbiy yordam qonuniy tartibga ko'ra amalga oshirilishini nazarda tutish ham muhim sanaladi.

Shu bilan birga tibbiy sug'urta haqida o'ylash vaqti keldi, menimcha. Chunki ushbu tizim ko'plab mamlakatlarda amalga oshiriladi. Rivojlangan mamlakatlarda tibbiy sug'urtasizlik tushunchasining o'zi yo'q. Buni aholi o'zining bevosita burchi hamda huquqi, deb biladi. Insonlar imkon qadar tibbiy sug'urta qilishga intiladi. Sababi bu ularning salomatligini kafolatlovchi vosita hisoblanadi. O'ylaymanki, Asosiy qonunimizda ana shu kabi jihatlar ham qamrab olinsa, odamlarning tibbiy madaniyati oshibgina qolmay, tibbiy savodxonligi ham yuqori pog'onalarga ko'tariladi. Hayot xavfsizligi, sog'lig'i kafolatlanadi.

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi.



 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish