Advokatlarning hurmati joyida bo'lishi kerak
Advokatlarning hurmati joyida bo'lishi kerak

 

Demokratik jamiyatda advokatlar huquqi, ularning emin-erkin faoliyati kafolatlangan bo'ladi. Chunki fuqarolarning ustuvor huquq va erkinliklari ta`minlanishi ayni soha vakillarining hurmati joyida bo'lishiga ham bog'liq.

Uzoq va yaqin o'tmishimizda insonning himoya bilan bog'liq fundamental huquqlari toptalgan, advokat bilan ikki og'iz gaplasha olmay, yaqinlarini ko'ra olmay mahkum etilgan holatlar yo'q edi, asossiz qamashlar, qaqshatib qiynashlar ham yo'q edi, desak o'zimizni aldagan bo'lamiz.

Prezidentimiz bu boradagi adolatsizliklarga barham berish, insonning qadrini yuksaltirish, adolatni tiklash, qonunga itoatkorlikni ta`minlash bo'yicha juda keng ko'lamdagi islohotlarni amalga oshirish bo'yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Ayni yo'nalishdagi ijobiy o'zgarishlar bardavom bo'lishi uchun himoya huquqini Konstitusiya darajasida mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega, deb o'ylayman.

Konstitusiyaviy komissiyaning o'tgan haftadagi yig'ilishida mazkur muhim masalada bir qator takliflar muhokama etilganini bilib, juda xursand bo'ldik. Men nafaqat deputat, xalqimizning bir vakili sifatida bunday chuqur va kerak yondashuvni qo'llab-quvvatlayman.

Ma`lumki, Konstitusiyada inson huquq va erkinliklari kafolatlari belgilab berilgan. Xususan, shaxsiy huquq va erkinliklarga bag'ishlangan bobda har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi ko'rsatilgan. 26-moddada jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko'rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi, sudda ayblanayotgan shaxsga o'zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta`minlab berilishi belgilangan.

Shunga qo'shimcha ravishda har bir shaxs o'z tanloviga ko'ra va jinoyat prosessining har qanday bosqichida advokat olish huquqiga egaligini konstitusiyaviy mustahkamlash kerakligi haqidagi taklif juda zarur. Bu taklif mamlakatimizning barcha hududlarida, turli soha vakillari tomonidan faol qo'llanishiga ishonaman.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Har bir shaxs harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab advokat olish huquqiga egaligi belgilansa, har xil tazyiqlarning oldi olinadi, inson qadri paymol etilishiga yo'l qo'yilmaydi.

Konstitusiyada ushlangan, ayblangan, sudlangan va hukm qilingan shaxsga advokat bilan to'sqinliksiz va maxfiy uchrashuvlar hamda maslahatlashuvlar uchun zarur shart-sharoitlar ta`minlanishi belgilanishi, buni hamma bosh qomusimiz orqali bilishi va shunga suyanishi uzoq yillardan beri kutilgan masala edi.

Shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish jarayonlarida advokatlarga nisbatan tepadan qarash holatlari kuzatiladi, huquq-tartibot idoralarining oddiy vazifadagi ayrim xodimlari ham o'zini advokatdan zo'rroqman, kuchliroqman, deb o'ylaydigan holatlar ham uchrab turadi. Vaholanki, advokat qonun ustuvorligini ta`minlashda, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda juda muhim shaxs hisoblanadi. Advokatlar huquqlari Konstitusiya darajasida kafolatlanishi yelkasi qisiqlikka barham berib, jamiyatda advokatlarga munosib hurmat ko'rsatilishiga xizmat qiladi.

 

Sherbek BO'RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 15.06.2022, №24

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish