Har bir inson muhim va qadrli bo'ladi
Har bir inson muhim va qadrli bo'ladi

 

Prezidentimizning Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvi juda ko'p omillarga ko'ra davlatchiligimiz tarixida qoladigan voqea bo'ldi.

Bildirilgan fikrlar, davlat va fuqaro o'rtasidagi demokratik, markazida inson turadigan fundamental munosabatlarni mustahkamlash bo'yicha ilgari surilgan taklif hamda g'oyalar hammamizni to'lqinlantirdi.

O'zbekiston ijtimoiy davlat ekanini belgilash bo'yicha Prezidentimiz ilgari surgan tashabbus fuqarolar oldida davlatning mas`uliyatini kuchaytirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta`minlashda hal qiluvchi ahamiyatga bo'ladi. Uchrashuvda “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog'liq ekani ta`kidlandi. Bu ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo'yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modeli ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari “insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga, ishsizlikdan himoyalanishga bo'lgan huquqlarining ishonchli himoyasini ta`minlash, kambag'allikni qisqartirish – konstitusiyaviy islohotlarning muhim maqsadidir”, deb uqtirdilar. Har birimiz avvalo, bu so'zlarning mag'zini chaqib, chuqur ma`nosini tushunib olishimiz zarur, albatta.

Insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga bo'lgan huquqlarini ta`minlash qanday ezgu maqsad ekanini his etish uchun birgina mahallabay tizim asosida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan ishlarni ko'z oldimizga keltirishning o'zi kifoya qiladi.

Ma`lumki, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar har bir mahallaga yetib borishi uchun boshqaruv mexanizmlarigacha takomillashtirildi. Davlat idoralarining fuqarolarga yordam berish, qo'llab-quvvatlash funksiyalari kuchaytirildi. Misol uchun, har bir mahallada hokim yordamchilari lavozimi joriy etilib, ularga aniq vazifalar belgilab berildi.

Mana shu amaliyotning dastlabki natijalari tahlil etilganda, xatlovdan o'tkazilgan 6 million 900 ming xonadonning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qo'shimcha daromadga ehtiyoji borligi, 6 foizi esa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ekani ma`lum bo'lgan. Demak, Prezidentimiz ta`kidlagan insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga bo'lgan huquqlarini ta`minlash masalasi juda dolzarb bo'lib turibdi.

Bu boradagi islohotlar muntazam, tizimli, ortga qaytmaydigan tus olishi, rivojlanib boradigan jarayonga aylanishi uchun mustahkam konstitusiyaviy kafolat lozim. Davlatimiz rahbari bu masalaning muhimligini alohida ta`kidlagani bejiz emas.

Insonning mehnatga va munosib hayot sharoitlariga bo'lgan huquqlari to'laqonli ta`minlanishi bir-ikki yoki uch-to'rt yillik masala emas, balki muntazamlikni taqozo etadigan masala hisoblanadi. Shunday yondashuv davlat idoralari faoliyatidan mustahkam o'rin olsa, uchrashuvda qo'yilgan yana bir ezgu maqsadga erishish imkoniyatlari ortadi.

Ya`ni, bu har bir shaxsning mehnati uchun munosib haq olishi, mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning o'zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo'lishini Konstitusiyada belgilash taklifidir.

Prezidentimiz uchrashuvda ilgari surgan g'oya va tashabbuslar bir-biriga chambarchas bog'liq ekani, xalqimizning, har bir oila va yurtdoshlarimizning orzu-intilishlaridan kelib chiqqanini ham alohida ta`kidlash joiz.

Uchrashuvda jamiyatimizda o'zaro birdamlik va hamjihatlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Mustaqil taraqqiyot, farovon hayot uchun intilgan har bir xalq uchun birdamlik va hamjihatlik naqadar qadrli ekani haqida tarixdan ko'p misollar keltirish mumkin. Ayniqsa, dunyo miqyosida geosiyosiy vaziyat tez o'zgarayotgan, kutilmagan holatlar ro'y berayotgan, raqobat kundan-kun rivojlanib borayotgan zamonda bu tushunchalarning ahamiyati ko'p karra oshmoqda.

Konstitusiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonida xalqimiz har doimgidek hamjihat, hamfikr bo'lib, kelajagimiz, avlodlarimiz uchun muhim bo'lgan qarorlar qabul qilinishi jarayonida faol ishtirok etadi, davlatchiligimiz tarixida yangi, yetuk bir davr boshlanishini qo'llab-quvvatlaydi, deb ishonaman.

 

Ulug'bek INOYATOV,

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 22.06.2022, №25

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish