Yangi bosqichga o'tgan bo'lamiz
Yangi bosqichga o'tgan bo'lamiz

 

Bugun demokratik prinsip va tamoyillar asosida chinakam fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo'lida jamiyatimizda olib borilayotgan islohot va yangilanishlar sabab parlament va mahalliy Kengashlar yangicha sharoit va uslubda faoliyat olib borayotir. Bu imkoniyat va siyosiy faollik deputatlarimizga mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o'rnatish va odamlarni o'ylantirayotgan muammolarni hal qilishda davlatimiz rahbarining tavsiya va ko'rsatmalaridan so'ng ancha jonlandi. Tan olish kerakki, bunday ochiqlik, shaffoflik, so'z erkinligi va demokratik prinsiplar Prezident siyosiy irodasi bilan bog'liqdir.

Shuning uchun Prezidentimiz Konstitusion islohotlar muhokamasiga oid yig'ilishda yana bir bor davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilish mavzusiga to'xtaldi. Bu ham bo'lsa, joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratish bilan bog'liq masala. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Prezidentlik lavozimiga kirishish tantanali marosimdagi nutqida ham xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish vaqti kelganligini ta`kidlab o'tdilar. Bu bejizga emas. Amalga oshirgan islohotlar natijasida mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi. Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o'zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitusiyadan chiqarib tashlash taklifi ilgari surilmoqda. Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo'linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas`uliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini to'liq ta`minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tan olish kerak, hokimliklar qarorlarini mahalliy kengashlar tasdig'idan o'tkazish amaliyoti yo'lga qo'yilgani sababli noroziliklarga olib keladigan noqonuniy qarorlar qabul qilinishi kamaydi. Ammo qizig'i shundaki, qarorlarning haqqoniyligiga baho beradigan, uni tasdiqlaydigan kengashlarga hokimlar raislik qiladi. Bu holat davlatimiz rahbari tomonidan ham tanqid qilinib, mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi amaliyotiga barham berish zarurligi ta`kidlandi.

Gap shundaki, kimki hokim qaroridan norozi bo'lsa, idorama-idora, sudma-sud yurishiga to'g'ri kelar, adolatni tiklashga esa kamdan-kam holda erishilgan. Fuqarolik jamiyati asoslaridan biri xalq irodasi bo'lsa, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma`naviy-ruhiy holatiga faqat hokim javobgar yo mas`ul emas. «Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunining mohiyatini chaqsak, viloyat, shahar va tumanlardagi muammo va masalalarda mahalliy hokimlik rahbariyati qatori xalq vakillari, ya`ni xalqning xohish-irodasi bilan saylangan deputatlar ham mas`uldirlar. Shunday ekan, bu borada muvozanat muhim rol o'ynaydi. Nuqul hokim qaror qilgan, ko'rsatma bergan, rejalashtirgan masalalarni ko'rish, qarorlarini qabul qilish emas, deputatlar ilgari surgan, e`tiroz bildirayotgan, taklif etayotgan masalalar amalda ham e`tiborga olinishi kerak. Bu borada ham ancha ijobiy o'zgarishlar bor, ammo muammolar ham talaygina. Bu holatni bartaraf etish uchun bosqichli islohotlar zarur.

Demak, hokimning Kengash raisi maqomini bekor qilish jarayoni kun tartibiga chiqadi. Albatta, bu tizimga zinama-zina, tajriba va ko'nikmalarni shakllantirish, sharoitlarni o'rganib o'tilmoqda. Ya`ni ko'riladigan choralar, qabul qilinadigan qaror va ishlab chiqiladigan qonunlar amalda o'zini to'liq namoyon etib, aholi ongida «hokim» va «deputat» tushunchalari yangilanishi kerak. Ana shunda amaliy natijalarga erishgan bo'lamiz.

Agar hokim deputatlarga raislik qilishi vakolati bekor qilinsa, Kengash raisi saylansa, fuqarolik jamiyati rivojlanishining yangi bosqichiga o'tgan bo'lamiz. Qolaversa, hududiy rahbarlar o'zgargani bilan strategik vazifalar, maqsadlar o'zgarmaydi.

O'zbekiston yangi marralar sari oldinga ildamlamoqda. Izlanish, rag'bat, ijod barobarida erkinlik bu borada muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Yangi davr, yangicha ruh va istiqbolli loyihalar samarasidan Vatanimiz bilan shu yurtning farzandi ekanligimiz bilan faxrlansak arziydi. Tarix zarvaraqlarida bu yillar O'zbekistondagi yangi uyg'onish davri sifatida ham yozilajak. Buning uchun esa har birimiz fuqarolik pozisiyamizda qat`iy turib, bilimimiz, mehnatimiz, jasorat hamda sadoqatimiz bilan el-yurt uchun ishlashimiz va yashashimiz kerak.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 22.06.2022, №25

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish