hayotga, xalqimiz ehtiyojlariga qanchalik yaqin?
Har haftaning seshanba kuni O‘zXDP Markaziy Kengashida videomuloqot tashkil etilmoqda. O‘tgan haftadagi muloqotda partiya Dasturi va Saylovoldi dasturini takomillashtirish masalalari hamda bu boradagi takliflar muhokama etildi.
Videomuloqotni partiya Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov boshlab berdi: — Ma’lumki, 9 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishimizda partiyamizning Dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalari faollar, ekspertlar va deputatlar ishtirokida qizg‘in muhokama etilgan edi.
Muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar ishchi guruh a’zolari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilib, e’tiborga olindi. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar masalalariga alohida e’tibor berildi.
Bundan tashqari, partiyaning yangi Dasturi hamda Saylovoldi dasturi loyihalari muhokamasi bo‘yicha ekspert, olimlar, keng jamoatchilik vakillari, boshlang‘ich tashkilotlar, tuman (shahar), viloyat kengashlari hamda deputatlar ishtirokida turkum davra suhbatlari o‘tkazildi, qator takliflar olindi.
O‘ylaymanki, sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq dasturiy hujjatlarimiz jozibadorligi yanada oshadi.
Yig‘ilishda joylardan olingan takliflar ko‘rib chiqildi, fikr-mulohaza almashildi.
Ulug‘bek Vafoyev, Partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:
– 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda partiyadoshimiz Sharbat Abdullayeva Dastur loyihasi bo‘yicha fikr bildirib, “dasturda partiya mafkurasi aniq bo‘lishi kerak”, deb ta’kidlab o‘tgan edi. Men ushbu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Haqiqatan ham, partiyaning Dasturida uning mafkurasi aniq belgilanishi kerak.
Chunki biz oldingi saylovlardagi tajribamizda partiyamiz mafkurasi to‘g‘risida gap ketganda, juda qiynalganmiz. Partiyamiz mafkurasini har birimiz turlicha talqin qilganmiz. Shuning uchun Dastur loyihasida partiyamiz mafkurasi — qisqa, lo‘nda va tushunarli shaklda berilyapti.
Partiyamiz mafkurasi uchta asosiy g‘oyadan iborat bo‘lyapti. Bular ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik hamda ijtimoiy demokratiya g‘oyalaridir.
Nega aynan ushbu g‘oyalar, nega aynan ushbu maqsad tanlangan? Mazkur g‘oyalar hayotga tatbiq etilishi jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi. Islohotlarni amalga oshirish, rivojlanish uchun barqaror ijtimoiy vaziyatni taqdim etadi. Ijtimoiy demokratik davlat qurish insoniyatning azaliy orzularidan hisoblanadi. Eng muhimi, ushbu g‘oyalar, partiyamiz himoya qilayotgan ijtimoiy qatlam manfaatidan kelib chiqib belgilangan.
Barcha uchun faravonlikni ta’minlaydigan, ijtimoiy-iqtisodiy barqaror davlatni barpo etish uchun, avvalo, ijtimoiy zaif qatlam manfaatlarini himoya qilishimiz lozimdir.
Demak, partiyamiz Dasturini muhokama qilish orqali g‘oyalarimiz, maqsadlarimiz va unga eltuvchi yo‘llarimiz hamda mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga nisbatan siyosiy pozitsiyamizga aniqlik kiritib oldik.
Endi mazkur g‘oyalarga asoslanib, yaqin besh yil ichida oldimizda qanday vazifalar turibdi, biz nima ishlar qilishimiz kerak? Ushbu savollarga partiyamiz Saylovoldi dasturida javob topishimiz kerak.
Ochig‘ini aytish kerak, partiya Dasturi va Saylovoldi dasturini tayyorlashda jamiyatimizdagi barcha muammolarni qamrab olish imkoniyati yo‘q. Barcha muammolarni kiritadigan bo‘lsak, dasturlarimiz hajm jihatdan juda katta bo‘lib ketadi va saylovchilarga yetkazish, targ‘ibotda foydalanish uchun noqulay bo‘ladi. Lekin, shunga qaramay, biz saylovchilarni qiynayotgan muammolarga ko‘z yuma olmaymiz. Bugun odamlarni quruq g‘oyalar emas, balki hayotiy muammolarning yechimi qiziqtiradi.
Shuning uchun taklif qilamizki, partiyamizning asosiy Saylovoldi dasturidan kelib chiqib, har bir viloyat, har bir tuman, hududlar sharoitiga mos ravishda o‘z saylovoldi dasturlarini ishlab chiqishi lozim.
Bu orqali har bir hududga xos bo‘lgan, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni aniqlab, ularning yechimini topishga kirishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Keng qamrovli saylovoldi dasturini tayyorlash holati tushunarli bo‘lishi uchun ushbu jarayonni piramida shaklida keltirganmiz.
Piramidaning boshida Partiya dasturi turibdi, undan kelib chiqqan holda – Saylovoldi Dasturi, Saylovoldi dasturidan pastda – hududiy dasturlar, undan so‘ng tuman (shahar) dasturlari, piramidaning eng oxirida har bir tuman kengashi deputatining o‘z hududi bo‘yicha dasturi turibdi.
Agar partiyamizning dasturiy xujjatlar tizimini shu tarzda shakllantira olsak, mamalakat hududini qamrab olgan, partiya himoya qilayotgan ijtimoiy qatlamning barcha muammolarini o‘zida aks ettirgan mukammal va yaxlit partiya rejasiga ega bo‘lamiz.
Partiya Dasturi va Saylovoldi dasturi loyihasi:
kim qanday taklif berdi?
Videomuloqot qizg‘in bahs-munozaralar, takliflar asosida o‘tdi.
Maqsud Nurullayev, O‘zbekiston XDP Navoiy viloyat Kengashi raisi:
– Avvalo, ta’kidlash kerakki, Dastur va Saylovoldi dasturi piramida shaklida tushuntirilgani barchamiz uchun yangilik bo‘ldi. Taklifim haqida gapiradigan bo‘lsam, partiya dasturi va Saylovoldi dasturi loyihasini vidioselektor ko‘rinishida muhokama etishdan tashqari hududlar kesimida, masalan, 3 ta viloyatni birlashtirib, muhokama etilsa, yanada keng auditoriya jalb qilinadi, deb o‘ylayman. Bu keng qamrovli takliflar shakllanishiga ham xizmat qiladi, nazarimda.
Rashid Murtazoyev, O‘zbekiston XDP Qarshi shahar kengashi raisi:
– Ma’ruzalarni tinglab, partiyamiz siyosiy mafkurasi hamda Dasturiy ustuvorliklari nazariy jihatdan mukammal ishlab chiqilgan, saylovchiga tushunarli bo‘lishi uchun sodda, ravon holda tayyorlanganiga guvoh bo‘ldim.
Shundan kelib chiqib, partiyamiz elektorati manfaatlarini yanada kengroq himoya qilishga qaratilgan g‘oya va fikrlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Jumladan, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va ijtimoiy xizmat sohasida band bo‘lgan kishilar manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat sharoitlari va mehnat haqi, maishiy xizmatlardan foydalanishi bilan bog‘liq masalalarda takliflar ishlab chiqish lozim bo‘ladi. Nogironlarga jamoat transportidan foydalanishda qulayliklar yaratish, aloqa tizimidan foydalanishda imtiyozlar berish borasida takliflar o‘rin olsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shuningdek, inson va uning oilasi uchun eng kam daromad miqdori, ya’ni, eng kam iste’mol savatchasiga kiruvchi oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy joy, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan iborat turmush darajasini ta’minlovchi, umume’tirof etilgan inson huquqlarining mamlakatimizda ruyobga chiqarilishi bilan bog‘liq masalalar ham Saylovoldi dasturimizda o‘z ifodasini topishi lozim. Zero, bu masala juda ko‘p kun tartibiga chiqayapti, ammo hali-hanuz amaliyotga joriy etilgani yo‘q.
Tashqi siyosat faoliyat masalalari ham partiyamiz dasturiy hujjatlarida bo‘lishi lozim.
Zulfiya To‘yyeva, Buxoro viloyat partiya kengashi raisi:
– Ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalari yuzasidan ham muhim vazifalarni belgilab olishimiz zarur.
Bugun mamlakatimiz aholisining deyarli teng yarmi hali ham qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilib kelishmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarimiz. Biz qishloq xo‘jaligida, fermer xo‘jaliklarda ishlayotgan xotin-qizlar mehnati kafolatlanishi masalasini ham dasturlarimizga kiritsak, aniq mexanizmlarni ishlab chiqsak, o‘ylaymanki, tarafdorlarimiz soni anchayin ortgan bo‘lar edi.
Biz aholining ehtiyojmand qatlamini kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam, yana boshqa joyda yakka-yolg‘iz, deb ataymiz. Bularning hammasini bitta mezonga solish kerak, nazarimda.
Yana bir masala. Yolg‘iz onalar masalasi bor. Bu eng og‘riqli nuqtalarimizdan. Ular ish bilan ta’minlanmasa, yordam ko‘rsatilmasa, farzandlari tarbiyasida muammoga uchrashi aniq. Demak, yolg‘iz onalar masalasini ham esdan chiqarmasligimiz kerak.
“Taklifingiz dastur loyihasidan joy oldi”
Videomuloqotda O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Boymurod Yusupov partiya Dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha joylardan yuborilayotgan takliflarning tahlili to‘g‘risida ma’lumot berdi.
– Viloyatlardan 120 dan ortiq taklif kelgan bo‘lib, ular Markaziy Kengash qoshida tashkil etilgan ekspertlar guruhi ishtirokida ko‘rib chiqildi. Takliflarning 43 tasi ishchi guruhi tomonidan ma’qullandi. Muhim takliflar Navoiy, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Buxoro viloyat kengashlari tomonidan yuborildi. Masalan, Navoiy viloyat partiya kengashi Saylovoldi dasturiga bergan taklifi shunday izohlanadi: Ayrim oilalarning ikki va undan ortiq farzandi oliy ta’lim muassasalariga to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bunday holatda daromadi past oilalar shartnoma to‘lovlarini amalga oshira olmaydi. Shunaqa sharoitda kam daromadli oilalarga ma’lum miqdorda chegirmalar berilishi kerak. Harakatchan yoshlar o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur. Buning uchun aniq mexanizm ishlab chiqish va dasturga kiritish taklifi berilgan.
Buxoro viloyat kengashi odam a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi bilan bog‘liq masalani kiritish bo‘yicha taklif bergan. Respublikamizda bu yo‘nalishda yetarli imkoniyatlar mavjud emasligi aholiga qiyinchiliklar tug‘diryapti. Bu borada sifatli va arzon tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi kerakligi masalasi dasturdan o‘rin olishi lozim.
– Saylovoldi dasturi loyihasida 2019-2024 yillar davomida 20 dan ortiq qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha aniq vazifalar ilgari surilmoqda. Saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin nomzodlarimiz saylovchilar bilan uchrashganda Saylovoldi dasturimizning afzal jihatlarini tushuntirishi, saylovchilarni ishontirishi kerak, – dedi O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov.
Partiyaning Dasturi va Saylovoldi dasturini takliflar asosida takomillashtirish jarayoni davom etmoqda.
O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.