Bepul yuridik yordam
Bepul yuridik yordam

 

Aksariyat insonlar huquqiy yordamga doimo ehtiyoj sezadi. Fuqarolarning Konstitusiyada mustahkamlangan asosiy huquq va erkinliklari ta`minlanishi uchun bu yordam juda muhim.

Inson huquq va erkinliklarini davlat tomonidan himoya qilish kafolati o'z navbatida malakali yuridik yordam olish kafolatlarini ham talab etadi. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyidagi farmoniga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma`muriy ishlar bo'yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko'rsatish tartibini joriy etish vazifasi belgilangan.

Konstitusiyamizning 116-moddasida har kim uchun malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, qonunda nazarda tutilgan hollarda bepul yuridik yordam ko'rsatilishi belgilanmoqda. Mazkur me`yorning kiritilishi natijasida aholining barcha qatlami malakali yuridik yordam olishi mumkin bo'ladi. Bu, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami uchun juda muhimdir.

Jamiyatda yuridik yordamga muhtoj, lekin undan foydalanishga yetarli mablag'i bo'lmagan shaxslar ham bor. Bu huquqni cheklashi mumkin. Mazkur norma kiritilsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami hech bir shartsiz, qiyinchiliksiz yuridik yordam olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Natijada jamiyatimizda huquqlar va imkoniyatlar tengligi yuzaga keladi.

Konstitusiyaga yangi normaning kiritilishi natijasida ko'plab me`yoriy hujjatlarga o'zgartirish kiritishga, ehtimol “Bepul yuridik yordam to'g'risida”gi qonun qabul qilinishiga ham to'g'ri keladi.

Jinoyat-prosessual qonunchiligida voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, ko'rlar, jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilganligi sababli o'zini o'zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarning, sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslar, jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo'lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning ishi bo'yicha advokatning ishtirok etishi shartligi belgilangan. Bunda gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchida advokat yollash imkoniyati bo'lmasa, davlat tomonidan bepul advokat xizmati jalb etiladi.

Bu ular uchun qanchalik muhim ekanligini har bir birimiz yaxshi his qilamiz. O'zini himoya qilishga qodir bo'lmagan shaxsning qonun, davlat tomonidan himoya qilinishi yuksak insonparvarlik, inson qadrini ulug'lashning yana bir namunasi bo'lishini qayd etish joiz.

 

Rayimbergan YUSUPOV,

O'zXDP Xorzam viloyat kengashi raisi.

«O'zbekiston ovozi», 20.07.2022, №29

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish