Maqsuda Vorisova: "Yetti yashar nevaramning javobidan hayratlandim"
Maqsuda Vorisova:

 

Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi katta tantana qilinayotgan ayni damlarda bugungacha bosib o‘tgan yo‘limizga, erishgan natija va marralarimizga nazar tashlar ekanmiz, tarixan qisqa davrda olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berganini yana bir karra his qilamiz. Bugun har bir sohadagi o‘zgarish va yangilanish davlatimiz taraqqiyotini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga, inson qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qilayotir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova bilan istiqlol manzaralari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ulardan kutilayotgan natijalar xususida suhbatlashdik.

— Bugun Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi keng shodiyona qilinmoqda. Eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan qalbingizdan qanday kechinmalar kechmoqda, qanaqa o‘y-fikrlar o‘tmoqda?

— Bugun O‘zbekistonimiz yangi davlatga aylanib bormoqda. bugungi kunda ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy islohotlar, o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, har bir jarayon qonunga asoslansa, tabiiy kechadi va samarasi yuqori bo‘ladi. Qonuniy asoslarga asoslangan jarayonlarning kechishida esa xalqimiz hal qiluvchi kuchdir — siz, men, turli soha xodimlari, tadbirkorlar — barchamiz islohotlarni amalga oshiruvchimiz. Shu ma’noda, avvalo, ongimizda islohotni amalga oshirishimiz kerak. Ya’ni O‘zbekistonimizda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan har bir fuqaroda daxldorlik hissi bo‘lishi kerak.

Ko‘pincha ijtimoiy sohada tanqidlar ko‘p uchraydi. Aslida tanqid borligi ham ijobiy hol. Ya’ni, bu odamlarning jamiyatdagi kamchiliklarga befarq emasligini ko‘rsatadi. Agar befarqlik bo‘lsa, hech qanday rivojlanish bo‘lmas edi.
So‘ngi 5-6 yilda mamlakatimizda kechayotgan jarayonlarga nazar tashlasak, juda katta yo‘lga qadam qo‘ydik. Yurtimizdagi fikr erkinligi, so‘z erkinligi, siyosiy holatning bemalolligi, siyosatning ijtimoiy hayotga qaratilganligi O‘zbekistonning butunlay yangi — ijtimoiy davlatga aylanayotganidan darak beradi.

Rahbariyatning xalqqa yaqinlashgani muhim natijalardandir. Bugun Prezident, viloyat, tuman rahbarlari xalqning ichida yuribdi, xalq bilan muloqot qilyapti. Davlat rahbari har bir soha vakillari bilan uchrashib, ulardan takliflar olishi, muammolarini eshitishi va shu asosda qarorlar qabul qilishi — bu katta gap. Bu butun siyosat xalqqa qaratilganidan dalolatdir.

— Xalq bilan muloqot tizimining zamirida ham inson manfaatlari, inson qadr-qimmati mujassam, shunday emasmi?

— bugungi kunda dunyo davlatlariga, ayniqsa, turli mojarolar kechayotgan mamlakatlarga qaraydigan bo‘lsak, inson qadri hech narsaga arzimay qolganini kuzatamiz. Afrikadagi bolalar ochlikdan aziyat chekayotgani, ayrim yurtlarda tabiiy ofatlarda xalqqa ko‘rsatilayotgan yoki ko‘rsatilmayotgan yordamlarni ko‘rsangiz, yurtimizdagi inson qadri uchun yo‘naltirilayotgan islohotlardan mamnun bo‘lasiz. Qay bir sohada bo‘lmasin, inson qadri eng birinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Shuningdek, bugun har bir hududga, viloyatga alohida e’tibor qaratilyapti, ularning proporsional rivojlanishiga ustuvorlik berilyapti. Har bir hudud aholisining ijtimoiy ta’minlanganligi o‘sha yerning ijtimoiy rivojlanishiga, aholining hayot farovonliga qaratilganligi bilan muhim. Avvallari asosiy e’tibor markazga qaratilar edi, markazda ta’lim, tibbiyot, ishlab chiqarish kabi sohalar rivojlantirilar edi, ammo chekka hududlar biroz orqada qolar edi.

Bugun esa eng chekka hududlarda ham rivojlanish sari qadam qo‘yilyapti. Har bir viloyatda pedagogika universitetlari mavjud. Bu esa viloyatlardagi yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinish imkoniyatini kengaytirmoqda. Ayniqsa, bu qizlarimizni o‘qitish uchun qulayliklar yaratdi. Chunki ayrim hollarda qiz bolani poytaxtga o‘qish uchun yuborishga jazm qilishmasdi. Endi esa ular o‘z viloyatida oliy ta’lim olishi mumkin. Qolaversa, magistraturaga kirgan qizlarimizning to‘lov kontrakt shartnomalari davlat tomonidan qoplab berilishi yurtimizda xotin-qizlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan dalolat beradi.

Maktabgacha ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Masalan, bundan 10 yil oldingi 6 yashar bola bilan hozirgi 6 yashar bolaning dunyoqarashida, qiziqishlarida juda katta farq bor. Demakki, bundan 20 yil keyin hozirgi bolalarimizdan yanada yuqori potensialni kutish mumkin. Buni yaqinda Hindistonda bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida farzandlarimizning erishgan yutuqlari misolida yoki fan olimpiadalaridagi yutuqlarida ham ko‘rishimiz mumkin. Joylarda bo‘lganimizda yoshlar bilan muloqotlarda ularning beradigan savollari, mulohazalarini tinglab, o‘ylanishga majbur bo‘lasiz. Yoki Konstitutsiyaviy islohotlar davomida ham yoshlarimiz faolligi kishiga quvonch baxsh etadi. Yoshlarimiz "bu davlat meniki", deb yashasa, yanada rivojlanishga erishamiz.

— Maqsuda Azizovna, siz tibbiyot sohasidan chiqqansiz va ayni paytda Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatasiz. Shu o‘rinda tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Uzoq yillar sog‘liqni saqlash sohasida ishlagan inson sifatida aytishim mumkinki, bugungi kunda tibbiyotga qaratilayotgan e’tibor bir necha yil avvalgi holat bilan qiyoslaganda, osmon bilan yercha farq qiladi. Avvalo, sohada yondashuv o‘zgardi. Ya’ni inson qadri birinchi o‘ringa chiqdi. Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy buyumlar va dori-darmonlar paketi qabul qilindi. Har birimizga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy yordam ro‘yxati tasdiqlandi. Avvallari aholiga bepul beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati 20 ta edi. 2021 yilda 66 taga yetdi. Bu yil esa 120 taga yetdi. Demak, oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan inson bemalol davolanish imkoniga ega bo‘ldi. Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxona tizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildiki, bu kasalxonada yotishga imkoni bo‘lmagan fuqarolar, qariyalar, ayniqsa, yosh bolasi bor ayollar uchun katta imkoniyat yaratdi. Fuqarolar kunduzi muolajalarni olib, kechga uyiga qaytishi mumkin.

Tibbiyotda yana bir revolyutsion o‘zgarish amalga oshirilyaptiki, bu — tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish. Dunyo tajribasida odamlar tibbiy sug‘urta uchun avvaldan mablag‘ o‘tkazib qo‘yadi va keyin foydalanishi mumkin. Bizda esa davlat tomonidan har bir fuqaroning tibbiy sug‘urtasi uchun tegishli tibbiyot muassasasi hisobiga mablag‘lar yo‘naltiriladi. Bu tibbiyot maskanlarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. Qolaversa, har bir inson uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanishi uchun qo‘shimcha mablag‘ talab qilinganda, foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, olis hududlardagi muassasalarni kadrlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. «Qishloq shifokori» dasturi amalga oshirilmoqda. Masalan, olis hudud deb topilgan joyga borib, faoliyat ko‘rsatgan vrachlarga dastlab 30 millionlik rag‘bat hamda har oylik maoshiga 2 million so‘m ustama to‘lanadi. Bundan tashqari, uy-joy bilan ta’minlanadi yoki uy-joy ijarasi to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari soni ko‘paydi hamda viloyatlardagi filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa turli og‘ir darajadagi bemorlarni o‘z hududida ko‘rikdan o‘tkazish va zarur muolajalarni amalga oshirish imkonini yaratdi.

— Maqsuda opa, haqiqatan ham barcha sohada rivojlanish, yangilanish, o‘zgarishlar jadal ravishda ketmoqda. Aytingchi, bundan 10-15 yillardan so‘ng O‘zbekistonimizni qanday tasavvur qilasiz?

— Bilasizmi, bugun nonushta vaqtida oilamiz bilan xuddi shunga o‘xshagan mavzularda suhbatlashdik. Shu yil 1-sinfga boradigan nevaramga «katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?», deb savol bersam, u «katta bo‘lsam, injener bo‘laman, konstruktor bo‘laman. O‘zi uchadigan mashinalar yarataman», deb javob berdi.

Buni eshitib, hayratlandim, ko‘zimga yosh keldi. Bilasizmi, hozirgi bolalarimizning xayolotida shunday savollar paydo bo‘ladiki, ba’zan ularga javob topishga qiynalib qolaman. Ular hali 6-7 yashar bolalar. Mana endi so‘nggi 5 yilda o‘tkazilgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatib, bundan keyingi avlod vakillarimizning harakatlari yanada tezlanadi. Yildan-yilga rivojlanish tezligimiz yanada ortadi. Buning uchun barchamiz bir maqsad yo‘lida birlashadigan bo‘lsak, ko‘zlagan maqsadlarimizga erishishimiz oson kechadi.

10 yildan keyin mening fikrim, Xudo xohlasa, rivojlangan davlatlar safiga kira boshlaymiz. bugungi islohotlar o‘z mevasini bera boshlaydi. Iqtisodiyotimiz Markaziy Osiyodagi eng rivojlangan va mustahkam iqtisodiyot bo‘ladi.
O‘zbekiston dunyoga tanilgan davlatga aylanadi. Turizm yanada rivojlanadi. Mamlakatimizning turizm salohiyati juda yuqori, har bir qarich yerimiz tarixiy ahamiyatga ega, bizda yuqori potensial bor. Buyuk ajdodlarimizdan qolgan ilmiy salohiyat, ilmiy-ma’naviy meros, katta kutubxonamiz bor. Ularni o‘rganish orqali olamshumul kashfiyotlarni kashf etish mumkin.

Yaqin kelajakda oilalarning ajralishlari keskin kamayadi. Chunki bugun biz tarbiya qilayotgan yoshlarning ma’naviyati, dunyoqarashi teranlashadi. Ayrim Yevropa davlatlarida oila institutiga zavol yetayotgan bir paytda bizda oila qadriyati yanada mustahkamlanadi. Barcha yo‘nalishdagi islohotlardan kutilayotgan ulkan natijalar o‘z bo‘yini ko‘rsatadi, deya umid bildiraman.

 

Muhtarama Komilova suhbatlashdi,

O‘zA

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish