Siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida suratga olinayotgan «Demokratik debat» tok-shousining 10 dekabr kungi sonida Ichki va tashqi migratsiya, xususan, mehnat muhofazasi, huquqiy himoya va migrantlarning pensiya ta'minoti masalalari muhokama qilindi.
Unda Xalq demokratik partiyasi vakili sifatida so‘zga chiqqan Boymurod Yusupov O‘zbekistonda o‘tgan davrda fuqarolarga yaratilgan ish o‘rinlari borasida yolg‘on hisobotlar avj olgani haqida gapirdi. Jumladan, «Har yili millionlab ish o‘rni yaratish – bu noreal ko‘rsatkich, lekin shunday bo‘lar edi-ku. Hisobotlarda ham bu narsa aytilardi», dedi u.
Debat davomida Boymurod Yusupovga O‘zLiDeP partiyasi vakili Nuriddin Murodov tomonidan xo‘sh, yolg‘on hisobotlar avj olgan ekan, siz bunga qarshi nega kurashmadingiz mazmunida savol berildi.
Savolga Xalq demokratik partiyasining boshqa bir vakili, senator Maqsuda Vorisova javob berdi.
«Kurashganmiz, tekshiruvlar o‘tkazganmiz. Masalan, 2013-14 yillarda ham birinchi prezidentimiz Islom Karimovga millionlab ish o‘rinlari yaratilgani haqida soxta axborotlar kirardi. Tushunyapsizmi, yiliga millionlab.
Bunda yaratilgan ish o‘rinlari borasidagi raportlar Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va yana ayrim shaxslar tomonidan tayyorlanardi.
Bizning o‘sha vaqtdagi spikerimiz Boymurod Yusupov Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga borib kollejlar va ularni bitirgan yoshlarning ishga joylashishi borasida korxonalarda tekshiruv o‘tkazgan. Tabiiyki, natijalar juda katta yolg‘onlarni ochib tashlagan.
Biz natijalarni katta bosim, tavakkal bilan «boshimizni kundaga qo‘yib» prezidentga yetkazdik. Shu ma'lumotlar asosida birinchi prezident ko‘pchilikka chora ko‘rdi, yolg‘on hisobotlar ham yo‘qotildi», deya Maqsuda Vorisovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.