2020-2021 yillarda harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 22 mingga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangani aytildi, amalda-chi?
2020-2021 yillarda harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 22 mingga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangani aytildi, amalda-chi?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zXDP fraksiyasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamkorligida qo‘shma yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash borasida Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilgan ishlarni nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakuni yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti eshitildi.

Yig‘ilishni Spiker o‘rinbosari U.Inoyatov hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi E.Solixov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida fuqarolik burchini o‘tab qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tagan fuqarolarni ishga joylashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimliklari huzurida tegishli komissiyalar tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, o‘rganishlar davomida ularning faoliyati tahlil etilganini qayd etdi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ma’ruza qildi:

— Mamlakatimizda 2020-2021 yillar mobaynida Qurolli Kuchlar saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 1 ming 600 dan ortiq fuqaro shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirmoqda, 8 mingdan ortiq fuqaro oliy ta’lim muassasalari hamda harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Salkam 22 ming fuqaroning ish bilan bandligi ta’minlandi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish maqsadida 2021 yilda respublika bo‘yicha 2 ming 358 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilgan.

Ularda 73 ming 146 ta korxona va tashkilot 567,2 ming bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan qatnashgan. Yarmarkalarda 2 mingga yaqin muddatli xarbiy xizmatni o‘tab qaytgan shaxslar ishtirok etib, ularning 212 nafari ishga joylashtirilgan. 2020 yilda 7,7 mingta zaxiralangan ish o‘rinlariga 2,5 ming muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolar ishga joylashtirilgan. 2021 yilda esa 5,9 mingta zaxiralangan ish o‘rinlariga 2,8 ming muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolar ishga joylashtirilgan, — dedi vazir.

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mehriddin Qo‘chqorov muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berdi:

— Belgilangan tartibga ko‘ra, harbiy qismda xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning 40 foizigacha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilishi mumkin, — dedi vazirlik mutasaddisi. —O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 2020–2021 yillarda 9 ming 852 ta tavsiyanoma berilgan. Ushbu tavsiyanomalar asosida 2 ming 129 nafar fuqaro oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Ularga 50 foiz ball beriladi. Endilikda yanada ko‘proq ball berish tartibi ko‘rib chiqilmoqda.

Eshituvda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarning ish bilan ta’minlanishi borasida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda tizimli muammo va kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.

Deputatlar Nodira Jonibekova, Mavjuda Hasanova, Sherzod Rahmonov va boshqalar hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan qator savollar bilan murojaat qildilar.

Deputatlarning aytishicha, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida hokimliklar huzurida tashkil etilgan hududiy komissiyalar faoliyati talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarni kasbga tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida uskunalar olish va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar uchun jamg‘arma mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘liq o‘z vaqtida ajratilmagan.

Natijada bir qancha harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolar ish bilan ta’minlanmagan. Ayrim hollarda hisobotda ish bilan band deb ko‘rsatilgan fuqarolar joyiga borib o‘rganilganda, ularning ko‘pchiligi umuman ishga joylashmagani, hatto ba’zilari xorijda ekanliklari aniqlangan.

Bunga javoban mutasaddilar ko‘p hollarda ishga joylashgan yigitlar 2-3 oy o‘tib ma’qul kelmasa, ishdan bo‘shashi yoxud tadbirkorligi o‘xshamasa, tashlab ketishi mumkinligini, shu bois bu boradagi raqamlar o‘zgaruvchan ekanligini aytishdi. Shu bilan birga, ayrimlari Milliy gvardiya yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlarda ishlash maqsadida hujjat topshirgan va buyrug‘i chiqishini kutib qolishi mumkinligi ham aytildi.

Qizg‘in savol-javob hamda tanqidiy tahlillardan so‘ng muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlashda olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kuchaytirish, bu borada ta’sirchan parlament nazoratini olib borish zarurligi qayd etildi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA

 
 
 
 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish