Mahalliy Kengashlar qanday nafas olayapti?
Mahalliy Kengashlar qanday nafas olayapti?

 

Mahalliy Kengashlar uygʻoq ekan, hududlar rivojlanadi, deputatlari faol ekan, tuman-shaharlarda aholini oʻylantirayotgan masalalar bartaraf etiladi.

Kuz-qish mavsumi, joylarda hayot qaynagan. Deputatlar nimalar bilan mashgʻul, ularni qanday masalalar tashvishlantiryapti? Deputatlarning fikrlariga quloq tutdik.

 

Tursunqul TANGIROV,

xalq deputatlari Muzrabot tuman Kengashidagi OʻzXDP guruhi rahbari:

– Mahalliy Kengashlar mamlakatimizda boʻlayotgan jarayonlarga, olib borilayotgan islohotlarga befarq boʻlmasdan, ishonchga eʼtiborli holda faoliyat yurityapmiz. Prezidentimizning qaror va farmonlari asosida reja va dasturlar belgilab olganmiz.

Yaqinda Konstitutsiyamizga oʻzgartirish kiritish borasidagi targʻibot-tashviqot ishlarida, yangi Mehnat kodeksining qabul qilinishi, bu masalalarda aholining fikr va takliflarini oʻrganish jarayonlarida partiyamizdan saylangan 10 nafar deputatning hammasi faol ishtirok etdi. Va, albatta, tumanimizdagi oʻzgarishlar, yangilanishlar, hududni rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar, byudjet mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishi, «Saxovat» fondi koʻmak mablagʻlarining maqsadli ishlatilayotgani kabi masalalar ham doimiy eʼtiborimizda.

Tumanimizda 37 ta mahalla bor. Sud-huquq masalalari boʻyicha jinoyatchilikning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy komissiyasi raisi sifatida birinchi chorak, yarim yillikda qaysi sohalarda jinoyatchilik oʻsgan, uning sabablarini oʻrganib boramiz.

Partiyamiz guruhi tashabbusi bilan tuman Kengashi sessiyasiga «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarga ajratilgan yerlardan foydalanish imkoniyati, murojaatlari koʻrib chiqildi. Yoshlar ishlari agentligining yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hisoboti eshitildi.

Shuningdek, yaqinda 3-sektor rahbari bilan «Yangiyer» mahallasida xalq qabulini oʻtkazdik. Murojaatlar asosan elektr energiyasi, yoʻl, koʻpriklar masalasida boʻldi. Ularni 2023 yil davlat dasturiga kiritish boʻyicha reja belgilab olindi.

Yaqinda viloyat Kengashiga xat chiqarib, «Yangiyer» mahallaasining 10 km. 100 metr masofasini asfaltlash masalasini koʻtarib chiqdim. Viloyat yoʻl boshqarmasining vakillari hududga kelib, masalani oʻrganib ketishdi va kelgusi yil dasturga kiritishga vaʼda berishdi.

Bugun odamlarda deputatlarga ishonch bor, ularni tanishadi, murojaat qilishadi. Qaysi deputat avvalo oʻzini hurmat qilib, xalq oldida masʼuliyatni his qilgan holda faol ishlasa, vaqtida berilgan vaʼdalarining ustidan chiqsa, el orasida obroʻsi ham, hurmati ham boʻladi. Davlatimiz rahbari ham xalqning ichiga kirib borish, odamlarning dardini eshitish kerakligi haqida koʻp bora gapiradilar. Biz ham ana shu mezon asosida ishlashimiz talab etiladi.

 

Nazira ELMURODOVA,

xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashidagi OʻzXDP guruhi rahbari:

– Hududimizda «Deputatlar bogʻi» tashkil etilyapti. Tumanimiz deputatlari jipslashib, ajratilgan maydonga turli koʻchatlar ekdik. Albatta, hududni rivojlantirish masalalarida ham ishtirok etyapmiz. Turli tashkilot, maktab-bogʻchalar faoliyati oʻrganilyapti. Masʼul idora rahbarlarning axborotlarini eshit­yapmiz.

Muhim sanalarga bagʻishlangan tadbirlarda muntazam qatnashib kelamiz. Deputatlarimizning faolligi avvalgi yillarga, avvalgi chaqiriqlarga nisbatan ancha oshgan. Buni ularning tashabbuslari, koʻtarib chiqayotgan masalalari, sessiyalardagi faol ishtiroklarida koʻrish mumkin. Biron-bir bemor holidan xabar olishdan tortib, shifoxonalarni oʻrganish, mahallalardagi muammolarni bartararf etish deysizmi, barchasida birgalikda, hamjihatlikda ishlaymiz. Faoliyatimizda taqiqlar, chegaralar yoʻq.

Yaqinda tuman Kengashi sessiyasida partiyamiz guruhi tashabbusi bilan Bandlikka koʻmaklashish markazi rahbarining hisoboti eshitildi. Maʼlumotga koʻra, tumanda mehnatga layoqatli aholi soni 142,7 ming nafar, iqtisodiy faol aholi soni 108,2 ming nafar, band aholi 98,4 ming nafarni tashkil qiladi. Shundan rasmiy sektorda bandlar 29,0 ming nafar, norasmiy sektorda bandlar 55,4 ming nafar, xorijga ishlash uchun ketganlar soni 14,1 ming nafarni tashkil etadi.

Yil yakuniga qadar ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida koʻrsatiladigan xizmatlar natijasida ishsizlik darajasi 8,4 foizga kamaytiriladi.

Sessiyada bandlikka koʻmaklashish markaziga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha muddat belgilandi. Albatta, bu kabi hisobotlar, idora-tashkilotlarning mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi hududlarni rivojlantirish, aholini oʻylantirayotgan masalalarga yechim topishda muhim oʻrin tutadi.

 

Mehriniso BOBOYEVA,

xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati:

– Har bir sessiyada qatnashaman. Ularda tashkilot rahbarlarining hisobotlari eshitiladi. Savollar beriladi. Bugungi deputatlar avvalgi deputatlar emas. Ilgari ham sessiyalarda, yigʻilishlarda ishtirok etardim. Deputatlar fikrlarini aytishga tortinardi. Bugun esa masʼul tashkilot rahbarlariga bemalol savollar bera oladi, natijalar talab qila oladi.

Deputatlar hududlardagi kamchiliklar bartaraf etilishi, odamlarning tashvishlari yengil boʻlishi uchun kurashadi. Odamlarga nafim tegsa, quvonaman. Bilasizmi, nima koʻproq yodimda qoladi? Murojaati ijobiy hal etilgan odamning quvonchini hech narsaga qiyoslab ham, almashib ham boʻlmaydi.

Hududimizda bir odamning uyi yonib ketdi. Kengashda ehtiyojmand oilalarga beriladigan mablagʻlar muhokamasida ularning muammosini bayon etdim va qoʻshimcha mablagʻ ajratilishiga erishdik. Muhokamalar ham haqqoniy boʻladi, moddiy taʼminot beriladiganlar haqiqatan nochormi, muhtojmi, deb soʻraladi.

Mahalla raisligi saylovidan keyin bir qancha deputatlar ishsiz boʻlib qoldi. Ularning ish bilan taʼminlashini istardim. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi raislari yaxshi ishlagan deputatlarni ragʻbatlantirishi kerak, deb oʻylayman. Reyting yuritilib, uning koʻrsatkichlariga qarab, yaxshi ishlayotgan deputatlarga eʼtibor qaratish lozim. Boisi, qaysidir deputat jon-dili bilan ishlaydi, kimdir esa nomiga faoliyat yuritadi. Katta mukofot berish shart emas, har qanday ragʻbat odamga kuch beradi.

 

Gulruh ODASHBOYEVA,

«Oʻzbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 16.11.2022, №46

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish