Samarali tashqi siyosat — islohotlarni amalga oshirishning muhim sharti
Samarali tashqi siyosat — islohotlarni amalga oshirishning muhim sharti

 

O‘zbekiston o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib bormoqda. Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosiy holati dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat hamda mamlakat ichidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asoslanib shakllanmoqda.

O‘zbekiston yaqin-yaqingacha tashqi siyosatda ko‘plab hal etilmagan muammmolar sabab qiyinchiliklarga duch kelardi. Katta davlatlar va tashkilotlarning biz bilan deyarli gaplashgisi kelmasdi, ochig‘i. Prezidentimiz bu manzarani, O‘zbekistonning o‘rnini butunlay o‘zgartirishga erishdi. Endi bizga xalqaro maydonda ishonch bilan qarashyapti.

O‘zbekiston tashqi siyosatini dunyoning 131 ta davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatib, 32 ta davlatda elchixonalar, 14 ta shaharda bosh konsulxonalar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda doimiy vakolatxonalar faoliyat yuritayotganligida, shuningdek, mamlakatimizda 42 ta chet davlatlar elchixonalari faoliyat yuritayotganida ko‘rishimiz mumkin.

Uzoqqa bormaylik, qo‘shni davlatlar bilan bir paytlar yechib bo‘lmaydigandek tuyuladigan qancha savollarga aniq javob topildi. Qardosh yurtlar bilan bordi-keldilar ko‘paydi, nafaqat mutasaddilar, balki oddiy odamlar ham bir-biri bilan ochiq chehra bilan gaplashib, oldi-berdi qilayapti. Qo‘shni bilan, qardosh bilan yaqinlikda, do‘stlikda hikmat ko‘p.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy sohalardagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2016-yilda 2,5 mlrd. dollar bo‘lgan edi, 2019-yilda 5,2 mlrd. dollarga, 2022-yilning yanvar-oktyabr oylaridayoq 5,9 mlrd. dollarga yetdi. 2016-yildan 2022-yilgacha tashqi savdo hajmi ikki yarim baravarga oshdi. Bu esa hukumatning faol tashqi siyosati mahsulidir. O‘zbekiston bugun butun dunyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor va shunga intilyapti. Bundan hammamizga foyda.

Murojaatnomadan bu boradagi sa'y-harakatlar yanada izchil davom etishini angladik, juda xursand bo‘ldik. Hududlar, mahallalardagi uchrashuvlarda shu mavzuda ko‘proq gapirishimiz, fikr almashishimiz zarur, deb o‘ylayman. Chunki O‘zbekistonning dunyodagi hurmati oshib borayotganini his qilish, o‘z sohamizda shunga munosib bo‘lish juda muhim. Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlari bu jarayonda jon, deb faol ishtirok etadi.

 

Sherali MAMADESOYEV,

O‘zbekiston XDP Sirdaryo viloyati kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 11.01.2022, №1

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish