Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida hisobot berish tizimini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qildi.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi ishlarni aholi va keng jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmini yaratish, tibbiyot tizimi rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida jamoatchilik oldida muntazam hisobotlarini eshitish va muhokama qilib borish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunga 254-modda bilan qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya’ni, xalq deputatlari Kengashi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotini eshitishi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari har yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etib borishi belgilanmoqda.
Hisobotlar hududda sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining ijro etilishi, kasalliklarning profilaktikasi holati, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish hamda sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuning bilan birga, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartishlar kiritilib, fuqarolar yig‘ini tegishli tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining, oilaviy poliklinikalarning, oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlarini amalga oshirish, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish holati, ijtimoiy ahamiyatga molik va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklarni tarqalishi, fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, hududning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida axborotlarini eshitishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlar qonun loyihasi tibbiyot sohasida shaffoflikni oshirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga yanada kengroq imkoniyat yaratishini ta’kidlashdi. Shu bilan birga, xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hisobdorlik haqidagi shu va boshqa me’yorlarning samarali ishlashi uchun Kengashlar va deputatlarning maqomini oshirish choralarini ko‘rish ham zarurligi qayd etildi. Loyiha ma’qullandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlarining bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘lari yechish holatlari mavjud. Amaliyotda mazkur harakatlar soliq organlari, bank muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan sodir etilmoqda. Ushbu noqonuniy yechilgan pul mablag‘lari sud yoki ularning yuqori organlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga nisbatan hech qanday javobgarlik choralari qo‘llanilmasdan qolmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksida davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ortiqcha undirilgan va to‘langan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Shu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 19212-moddasi bilan jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish, ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini jismoniy va yuridik shaxslarning birinchi talabiga asosan qaytarmaganlik harakatlari ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilganda mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari amaldorlarning fuqarolar hayotiga, ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatiga o‘ta qo‘pol tarzda aralashishi, daxl qilishiga nisbatan qonunchilik murosasiz bo‘lishi zarurligini ta’kidlashdi. Taklif va mulohazalardan keyin qonun loyihasi ma’qullandi.