Tibbiyotdagi islohotlarni jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmi yaratiladi
Tibbiyotdagi islohotlarni jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmi yaratiladi

 

Bugungi kunda faqat sog‘lom xalq va barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘lishi mumkinligi kundek ravshanlashmoqda. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Tizimni tubdan yaxshilash bo‘yicha Prezidentimizning qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilishga qaratilgan ishlar natijasida tibbiyot tizimida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.

Bunday natijalarga so‘nggi yillarda xorijiy tajriba asosida bu sohada katta ishlar qilingani, avvalo, tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirilgani, o‘tgan olti yilda sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan ko‘plab mablag‘lar jalb etilgani tufayli erishdik.

Bir paytlar minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet ellarga borishga majbur edi. Sog‘liqni saqlash sohasida olib borilgan izchil islohotlar hamda yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar tufayli bunday murakkab, qimmat operatsiyalarning ko‘pi mamlakatimizda amalga oshirilmoqda. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ochig‘i, hozir bunday miqyosdagi ishlar ko‘lamini xayolga sig‘dirish qiyin. Bugun tibbiyot sohasidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni yurtimizning har bir fuqarosi o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda. Bu yutuqlar esa barchamizni quvontiradi.

Ammo xalqimizning birlamchi tizim bo‘yicha talabini qondirish uchun buning o‘zi yetarli emas va ushbu yo‘nalishda hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham ko‘p.

Sababi bugungi davr sohada olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi va natijadorligini ta’minlash, bu boradagi ishlarni aholi va keng jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmini yaratish yuzasidan tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida muntazam hisobotlarini eshitish va muhokama qilib borish tartibini joriy etishni taqazo etmoqda.

Quyi palataning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida hisobot berish tizimini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ayni shu masalalar o‘z ifodasini topayotgani ahamiyatlidir.

Aytish joizki, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishdan maqsad — aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.

Mazkur hujjatda xalq deputatlari Kengashi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotini eshitishi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari har yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etib borishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartishlar kiritilib, fuqarolar yig‘ini tegishli tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning, oilaviy poliklinikalarning, oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining profilaktik ko‘riklar va skrining dasturlarini amalga oshirish, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish holati, ijtimoiy ahamiyatga molik va atrofdagilar uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar tarqalishi, fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, hududning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida axborotlarini eshitishi belgilanmoqda.

Aniqroq aytganda, qonun loyihasi bilan tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlari mahalla fuqarolar yig‘inlarida, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida hisobot beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonun loyihasi aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish holati, mavjud muammolarning tizimli muhokamasini olib borish, muammoli masalalar yechimini topish yuzasidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a'zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish