Ishonchli do‘st bilan yuksalish sari
Ishonchli do‘st bilan yuksalish sari

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi tarixiy kelishuvlarga boy bo‘ldi. Qo‘shni xalqlar ahillikni mustahkamlab, birgalikda rivojlanish sari dadil qadam qo‘ymoqda.

Ikki davlat rahbarlarining birodarlik irodasi bilan bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning uzunligi 1,38 ming km. bo‘lgan chegara chizig‘ida birorta ham bahsli yoki kelishilmagan bo‘lak qolmadi. O‘zaro chegara 100 foiz delimitatsiya va demarkatsiya qilindi. Bunga erishi uchun nafaqat diplomatiya, balkim ikki tomondan ham bir-biri tomon qo‘yilgan qadamlar, o‘zaro qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilashga va rivojlantirishga intilish asos bo‘ldi.

Ikki tomonlama hamkorlikning tabiati va mazmuni ham kengaydi. Hozirgi paytda ilgari kuzatilmagan oliy va yuqori darajadagi doimiy siyosiy muloqotni ko‘rishimiz mumkin, aslida bu ikki qo‘shni mamlakat uchun xos narsadir.

So‘nggi yillarda savdo-sotiq aylanmasi bir necha barobar o‘sdi. Yana bir zarur jihat o‘zaro hamkorlikning prinsip jihatidan butunlay boshqa muhiti yuzaga kelgani bo‘ldi. Ishonch, bahsli masalalarni faqat va faqat o‘zaro manfaatli va murosa asosida hal etish niyati paydo bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar.

Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangani tashrif qanchalik samarali bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Eng muhim jihatlardan yana biri ikki davlat hududlari o‘rtasida aloqalarni, bordi-keldilarni rivojlantirish rejalari belgilandi. Jizzax va Issiq-ko‘l, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturlar imzolanishi xalqimizning o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik an’analarini mustahkamlashi, xalqlarimizni quvontirishi tabiiy.

Namanganliklar Qirg‘iziston bilan qalin do‘stlik, birodarlik aloqalarini faol qo‘llab-quvvatlayotganini ham alohida ta’kidlash kerak.

 

Anvarxon TEMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish