Hukumat hisoboti bo‘yicha O‘zbekiston XDP fraksiyasining munosabati
Hukumat hisoboti bo‘yicha O‘zbekiston XDP fraksiyasining munosabati

 

Xalq demokratik partiyasi avvalgi hisobotlarni muhokama qilish vaqtida bergan takliflar Hukumat tomonidan inobatga olinganini qayd etadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi Hukumat tomonidan 2022 yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholaydi hamda mazkur sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Lekin, shu bilan birga, partiya fraksiyasi Hukumat kelgusida ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi zarur, deb hisoblaydi.

Birinchidan, Davlat dasturining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish belgilangan. O‘rganishlarga qaraganda respublika aholisi 1991 yilga qaraganda 2 baravarga oshib, 36 million kishiga yetdi, 2022 yilda respublika bo‘yicha 932 mingdan ziyod tirik tug‘ilish holatlari FHDYo organlarida qayd etilgan.

Biroq, o‘tgan davr davomida yangi tug‘uruqxonalar qurilmagan. Homilador, tug‘adigan, tuqqan va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi tashkil qilingan perinatal markazlar ham bevosita amaldagi tug‘uruqxonalar, tug‘uruqxona majmualari negizida tashkil qilingan. Shuningdek, Davlat dasturida ko‘zda tutilgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarini ishga tushishi hali to‘liq yakunlanmagan.

Buning natijasida, respublikadagi tug‘uruqxona va tug‘uruqxona majmualari, shifokorlari katta ish hajimi ostida ishlashmoqda, bu holat tibbiy xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mazkur muammo partiya elektorati manfaatlariga bevosita taalluqli. Shuning uchun, Fraksiyamiz Hukumatdan bu muammo yechimiga alohida e’tibor qaratishni so‘raydi.

Ikkinchidan, amaliyotimizga “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” kiritilganligi – aholini ijtimoiy himoyasida muhim qadam bo‘ldi. Joriy yilda, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish, ushbu tizimni yanada takomillashtirish, kambag‘al aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish Hukumat faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2022 yil 25 iyuldagi PF–175-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan strategiyada Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy himoyaning minimal darajalari bo‘yicha tavsiyalariga muvofiq, barcha fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlaydigan tizimni yaratish lozim bo‘ladi.

Ushbu masala partiyamizning asosiy dasturiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun, fraksiyamiz Hukumatdan minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlaydigan tizimni hayotga to‘liq tatbiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratishni so‘raydi.

Xalq demokratik partiyasi Davlat dasturi ijrosida jamoatchilik va deputatlik nazoratini samarali olib borish, vazirlik-idoralar bilan hamkorlik qilish orqali faol ishtirok etishini ma’lum qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish