Asrlarga tatigulik qadamlar
Asrlarga tatigulik qadamlar

 

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston strategik hamkorga aylandi

Oʻzbek va Qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari uzoq moziylarga, bir necha asrlik tarixga ega. Bir daraxtning shoxlari singari ildiz otgan turkiylarning ikki yirik vakili har doim hamfikr, hamdard, hamqadam boʻlgan.

Oʻtgan haftada Prezident Shavkat Mirziyovning Qirgʻizistonga davlat tashrifi va unda imzolangan muhim hujjatlar oʻzbek-qirgʻiz doʻstligining yangi davrini boshlab berdi. Kelajak uchun hamkorlik oʻtmishdagi yaxshi qoʻshnichilik, qardoshlik rishtalari bilan yanada mustahkamlandi. Davlatlarimiz yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar. Shuningdek, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo 25 ta hujjat almashildi.

Chegara masalasidagi uzil-kesil kelishuv chin maʼnoda tarixiy voqelik sifatida baholanishi tabiiy. Yillar davomida odamlarni ham, davlatlarni ham, rahbarlarni ham qiynab kelgan masalalar hal qilindi. Buning qadrini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi. Hech kimning burni qonamadi, huquqi toptalmadi. Davlatlar nufuzi, siyosiy irodasini ifodalovchi dolzarb masalalar biror-bir keskinlashuvsiz, kelishish yoʻli bilan yechim topdi.

Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning koʻp millatli aholisi yillar davomida duch kelgan qiyinchiliklar ortda qoldi. Bundan buyon ularning suhbatlarida muammo va toʻsiqlardan qanday oshib oʻtish emas, balki yangi marralarni qay usulda zabt etish, hamkorlik pillapoyalaridan yuqorilash, oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada boyitishga oid muzokaralar oʻrin oladi. Bunday tarixiy qarorlarning ahamiyati haqida esa keng jamoatchilik quvonib, rozi boʻlib, oʻz fikrlarini bildirmoqda.

Ikki davlat rahbarlarining birodarlik irodasi bilan bugungi kunda Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning uzunligi 1,38 ming km. boʻlgan chegara chizigʻida birorta ham bahsli yoki kelishilmagan boʻlak qolmadi. Oʻzaro chegara 100 foiz delimitatsiya va demarkatsiya qilindi. Bunga erishi uchun nafaqat diplomatiya, balkim ikki tomondan ham bir-biri tomon qoʻyilgan qadamlar, oʻzaro qoʻshnichilik munosabatlarini yaxshilashga va rivojlantirishga intilish asos boʻldi.

 

Ishonchli doʻst bilan yuksalish sari

Anvarxon TЕMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi:

— Aytish kerakki, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tabiati va mazmuni ham kengaydi. Hozirgi paytda ilgari kuzatilmagan oliy va yuqori darajadagi doimiy siyosiy muloqotni koʻrishimiz mumkin, aslida bu ikki qoʻshni mamlakat uchun xos narsadir. Yana bir zarur jihat oʻzaro hamkorlikning prinsip jihatidan butunlay boshqa muhiti yuzaga kelgani boʻldi. Ishonch, bahsli masalalarni faqat va faqat oʻzaro manfaatli va murosa asosida hal etish niyati paydo boʻldi.

Eng muhim jihatlardan yana biri ikki davlat hududlari oʻrtasida aloqalarni, bordi-keldilarni rivojlantirish rejalari belgilandi. Jizzax va Issiq-koʻl, Andijon va Oʻsh, Fargʻona va Botken, Namangan va Jalolobod viloyatlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 2023-2025 yillarga moʻljallangan kompleks dasturlar imzolanishi xalqimizning oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik anʼanalarini mustahkamlashi, xalqlarimizni quvontirishi tabiiy.

Namanganliklar Qirgʻiziston bilan qalin doʻstlik, birodarlik aloqalarini faol qoʻllab-quvvatlayotganini ham alohida taʼkidlash kerak.

 

Hech kim hududiy nizoga torta olmaydi

Olloberdi YOʻLDOSHЕV,

mehnat faxriysi:

— Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi iliq munosabatlar har tomonlama foydali. Bunga tarixiy birlik nuqtai nazaridan qaraymizmi, hududiy qoʻshnichilikmi yoki mintaqaviy tomondan oʻylab qarasak ham, manfaatli ekani yaqqol aks etadi. Biz vodiy xalqi qoʻshni Qirgʻiziston bilan yaqin-yaqingacha ahvol qanday boʻlganini juda yaxshi bilamiz. Aniqrogʻi, biz buning taʼmini totib koʻrganmiz. Chunki vodiy hududida oʻzbek-qirgʻiz xalqlari tarixan juda yaqin maʼdaniy aloqalar oʻrnatgan. Qarindosh-urugʻchilikdan tortib quda-andachilikkacha qorishib ketganmiz. Bugungi kundagi aloqalar ochigʻi hammamizni quvontiradi.

Chegara masalasidagi kelishuvlarga «tarixiy kelishuv» deb nom bersak boʻladi, menimcha. Sababi 30 yillik kelishmovchiliklarga nuqta qoʻyildi. Oʻzaro kelishuvga erishildi. Davlatlarimiz oʻrtasidagi ittifoqchilik, birodarlik xalqlarimizning ham yanada mehr-oqibatli, yanada hamfikr boʻlishining asosi hisoblanadi.

Bu yerda kimdir kam, kimdir koʻp yer olganligiga urgʻu berilmasligi kerak. Asosiy urgʻuni hech qanday ziddiyatlarsiz kelishuvga erishilganiga, yaʼni tinchlikka, barqarorlikka erishganimizga eʼtibor qaratish lozim. Bundan keyin bu ikki qardosh xalqni chetdan hech kim hududiy nizoga torta olmaydi. Millatlarimiz oʻrtasiga nifoq solish qoʻlidan kelmasligiga ishonchim komil.

Keyingi yillarda olib borilgan oqilona diplomatiya natijasida biz mintaqaning asosiy nuqsoni deymizmi, kamchiligimi yoki nozik joyimi, xullas yana bitta muammo tinchlik bilan hal boʻldi. Demak, bugun Oʻzbekiston bilan kelishuvga kelgan Qirgʻiziston ertaga Tojikiston bilan oʻrtadagi chegara masalasini ham hal qilishi mumkin. Shaxsan men tojik-qirgʻiz chegara kelishuvida Oʻzbekistonning vositachiligini ham kutyapman. Sababi biz Tojikiston bilan ham, Qirgʻiziston bilan ham kelishuvga erishganmiz. Oddiy aytadigan boʻlsam, bizda qoʻshnilarning «koʻngliga yoʻl topish» qobiliyati shakllangan.

 

Qoʻshnichilik va doʻstlik hukmron

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi:

— Tashrif chogʻida davlatimiz rahbari oʻzaro munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan asosiy ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib, birinchi navbatda oʻzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish masalalarini ilgari surdi. Bugungi kunda ikki davlatda ham oʻzimizning ishlab chiqaruvchilarimiz import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlamoqda. Ichki bozorlarimizni arzon va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklifi qoʻshimcha ish oʻrinlarining yaratilishiga imkon beradi. Maʼlumki, mamlakatimizda avtomobilsozlik, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish keng rivojlanib bormoqda. Foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash ham shular jumlasiga kiradi.

Transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni faollishtirish va shu maqsadda, «Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston» temir yoʻlini qurish ishlarini jadallashtirish, «Andijon-Oʻsh-Irkishtom» avtomobil yoʻlining salohiyatini toʻliq ishga solish va qoʻshma transport-logistika kompaniyasi tashkil etilishi esa ikki xalqni bir-biriga bogʻlovchi, qarindosh-urugʻchilik rishtalarni mustahkamlovchi «koʻprik» boʻladi, albatta. Shu oʻrinda, mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkin-ki, 26 yanvardan boshlab Fargʻonadan Qirgʻizistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida energetika sohasini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Buning dastlabki bosqichi sifatida, Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirishni jadallashtirish, ertangi kunimizga yorqin nigoh bilan qarash, yaʼni xonadonlarimiz, koʻchalarimizning charogʻon boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Sardor SIROJIDDIN,

Andijon tumani Kengashidagi Oʻzbekiston XDP guruhi rahbari,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi:

— Azal-azaldan ota-bobolarimizning oʻgitlarida, maqol va hikoyalarda, shuningdek, shoir va yozuvchilarimizning asarlarida doʻstlik tuygʻusi ulugʻlangan, taʼbir joiz boʻlsa, bunday dunyoqarash asrlar davomida qon-qonimizga singib kelgan.

Xalqaro hamkorlikni yanada jadallashtirish, bunda, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan iliq va manfaatli munosabatlarni izchillik bilan kuchaytirib borish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Ushbu saʼy-harakatlar nafaqat mamlakatlar miqyosida, balki davlat va nodavlat tashkilotlar darajasida ham kengayib borayotir.

Shuni taʼkidlash joizki, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida oʻtgan ochiq, konstruktiv va doʻstona muzokaralar chogʻida, tomonlar ikki yoqlama hamkorlikning barcha jabhalarini, jumladan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgani ikki tomonlama munosabatlarda chinakam tarixiy voqea sifatida qayd etildi.

Oʻzim Oʻsh davlat universitetiga oʻqishga kirib, u yerda ikki yil tahsil olganman. Toʻgʻrisi, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegara postini kesib oʻtish bir azob, ayniqsa, pasport tekshiruvi jarayoni odamning vaqtini, asablarini olar edi. Postlarda ancha ushlanib qolardik. Hozir ham Oʻsh shahriga ijodiy safarlar, doʻstlik festivallariga oʻtib turaman. Tabiiyki, bu kishiga imtiyoz bermaydi. Navbat kutishlar, roʻyxatdan oʻtish va muhr bosish uchun sarflanadigan umrimiz qismlariga achinardim. Endilikda ikki davlatning kelushuviga asosan endi ID kartalari orqali oʻtishi joriy etilayotgani nafaqat biz kabi ijodkorlarni, balki sayyohlarni ham quvontirishi aniq.

Ushbu tartib Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarida, ayniqsa, eksklav hududlari boʻlgan Soʻx, Shohimardon, Choʻngʻara kabi hududlarimizdagi yurtdoshlarimiz uchun katta yengillik boʻladi, ularning chegaradan oʻtishlaridagi ortiqcha byurokratiyaga chek qoʻyilishi aniq.

Ushbu uchrashuvni yana bir quvontiradigan tomoni madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilganligidir. Oʻsh shahrida rekonstruksiyasi yakuniga yetayotgan Oʻzbek musiqali drama teatri qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikning yorqin ramzi boʻlishi taʼkidlanganligi ham bu mamlakatlarimiz xalqlari oʻrtasida yaqin birodarlik aloqalarini rivojlantirishda oʻzaro hamohanglik kasb etuvchi madaniy-maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalar mavjudligini bildiradi.

 

Xalqaro nigoh

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston munosabatlarini kuzatib turgan jahon hamjamiyati ham soʻngi paytlarda olib borilayotgan progmatik siyosatni ijobiy baholamoqda. Tabiiyki, kuzatuvchilar orasida yaxshi niyatlilari bilan bir qatorda, gʻarazgoʻylari ham yoʻq emas. Ammo xalqaro maydonda ijobiy fikrlar bilidirlyapti.

Xususan, The Diplomat nashrida ikki davlat oʻrtasidagi uchrashuvni «uzoq kutilgan», deb taʼrif berilgan. Kutib olinishdan to tashrif yakuniga qadar biror bir detalni unutmagan nashr oʻz nuqtai-nazarini ham bayon qilgan.

Maqolada davlatimiz rahbarining Qirgʻizistonga qaysi sanalarda borgani va qayerlarda boʻlgani eʼtibordan chetda qolmagan. Yaʼni, 2017 yilda qoʻshni respublikaga amalga oshirilgan davlat tashrifi tarixiy boʻlgani va Oʻzbekiston Prezidentining Qirgʻizistonga 17 yil ichida birinchi marta ana shunday ruhdagi tashrifi kuzatilgani taʼkidlangan. Demak, ushbu hodisa Oʻzbekiston – Qirgʻizistonmunosabatlarida burilish nuqtasi boʻlib xizmat qildi.

Iqtisodiy murakkablik observatoriyasi (OEC) tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, 2016 yilda Qirgʻiziston Oʻzbekistonga 125 million dollarlik mahsulot eksport qilgan va 68,1 million dollar importni amalga oshirgan. Buning natijasida tovar aylanmasi qariyb 57 million dollarga teng boʻlgan. 2020 yilda Qirgʻiziston qoʻshnisiga 155 million dollarlik mahsulot sotgan boʻlsa, 757 million dollarlik sotib olgan va tovar aylanmasi 602 million dollarga yetgan.

Toʻgʻri, raqamlarda 100 foiz aniqlik boʻlmasligi mumkin. Biroq muhimi, ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2016 yilda Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan keyin oʻsgani aniqligi aytilgan.

Nashr yana bir muhim jihati, chegaralar bilan bogʻliq ekanini yozadi. Zero, hech bir joyda ikki tomonlama munosabatlardagi yaxshilanish chegaradagidek yaqqol koʻrinmaydi. Bir paytlar ikki tomonlama munozarali masala sifatida qaralgan tushunmovchiliklar manfaatli kelishuvlar bilan yakuniga yetdi. Demak, chegaradosh davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvlar, tinchlik va doʻstlikka asoslangan munosabat nafaqat oʻsha hududning, balki mintaqaning barqarorligiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Amerika Qoʻshma Shtatlarining Bishkekdagi elchixonasi Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar, munosabatlar va hamkorlik masalalariga yuqori baho berdi.

Xabarda yozlishicha, Amerika Qoʻshma Shtatlari Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekistonning mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga sodiqligini namoyish etishdagi muvaffaqiyatli saʼy-harakatlarini olqishlaydi.

Ikki davlat nizo emas diplomatiya yoʻlini tanlab, Markaziy Osiyo hamkorligi iqtisodiy taraqqiyot va aloqalar uchun muhim ekanini taʼkidladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«Oʻzbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 1.02.2022, №4

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish