Xalq vakillari uchun o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi
Xalq vakillari uchun o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi

 

Bugun Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etgan tadbirni Qonunchilik palatasi deputati, XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari M. Vorisova kirish so‘zi bilan ochib berdi. M. Vorisova o‘z so‘zida keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini berayotganiga e’tibor qaratib, mahalliy Kengashlar deputatlarining bilim va ko‘nikmasi darajasini muntazam ravishda oshirib borish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Seminarida XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i B. Yusupov “Mahalliy budjetni shakllantirish hamda uning ijrosi ustidan deputatlik nazorati”, “Mahalliy soliqlarni belgilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” mavzularida ma’ruza qilib, bu boradagi o‘z takliflarini bildirdi.

Xususan, mahalliy vakillik organlari tomonidan amalga oshiriladigan ijro nazorati masalalari bugungi qonunchiligimizda to‘laqonli ravishda o‘z ifodasini topmagani tufayli vakillik organlari tomonidan amalga oshiriladigan ijro nazorati shakllari, nazoratni amalga oshiruvchi subyekt hamda obyektlarini aniq tasniflagan holda yagona “Vakillik nazorati to‘g‘risida”gi yoki “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy Kengashlar nazorati to‘g‘risida”gi yangi qonun ishlab chiqish zarurati vujudga kelganini ta’kidladi.

O‘quv kursi davomida deputatlar ko‘tarilgan masalalar hamda hozirgi kunda samarali faoliyat yuritishda vujudga kelayotgan ayrim muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar ham almashishdi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish