Aholi bandligini ta’minlashda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim
Aholi bandligini ta’minlashda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim

 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qarori e’lon qilindi. Qarorga asosan, 2023 yilning 1 fevraldan boshlab:

Kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi. Agrar tarmoqda o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon ho‘jaliklarining ulushini oshirish maqsadida uzoq muddatga qishloq ho‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga olib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan dehqon ho‘jaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining mahallalarda, shu jumladan tashkil etilgan mikromarkazlarda ishlab chiqarishni, xizmat ko‘rsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Bunda, tashabbuskor loyihada kamida o‘ttiz foiz ulush bilan ishtirok etishi lozim bo‘ladi.

Dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik subyektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.

Qarorda, avval ajratilgan kreditlarni o‘z muddatida qaytarmagan fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga dasturlar doirasida yangi kreditlar berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu esa fuqarolarimizning boqimandalik kayfiyatini oldini olishga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.

Bizga ma’lumki, O‘zbekistonda shu davrda amalga oshirib kelingan subsidiar siyosat dunyodagi aholini ijtimoiy qo‘llash faoliyatini tartibga soluvchi asosiy xalqaro hujjat mazmuniga, ya’ni – 1962 yildagi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Konvensiyasiga mos kelmagan. Konvensiyada: “Har qanday ijtimoiy ko‘mak berish fuqarolarni ijtimoiy, intellektual yoki kasbiy rivojlantirish uchun rag‘batlantirishga yo‘nalgan bo‘lishi kerak”, deb belgilab qo‘yilgan.

Shu boisdan ham Prezidentimiz mazkur muammo yechimining eng to‘g‘ri va maqbul yo‘lini, ya’ni har bir insonni tanlagan sohasidagi bilimlarini yuksaltirish, malakali kasb-hunar o‘rgatish, yoshlarni ustozlarga biriktirib, tajriba orttirish mexanizmini yo‘lga qo‘yish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini ko‘rsatib berdilar. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan millatimiz sha’ni va xarakteriga mos kelmaydigan kambag‘allikdan xalos ettirishdan iborat bugungi ijtimoiy siyosat endilikda Xalqaro Mehnat Tashkiloti qoidalariga to‘la mos keladi va uning pirovard maqsadi insonni kasbiy yoki intellektual jihatdan rivojlantirish orqali baxtli va boy-badavlat qilishdir.

Bizga ma’lumki, mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va aholini o‘zini-o‘zi bandligini ta’minlashda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ularning yer maydonlaridan samarali foydalanish masalasi alohida o‘rin tutadi.

Keyingi yillarda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish va ularda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish va qishloq aholisining daromadi va turmush darajasini yaxshilashga alohida e’tibor berib kelinmoqda. Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali ishlarni amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini tubdan kuchaytirish yuzasidan bir qator amaliy ishlar qilinmoqda.

Deputatlarimiz tomonidan uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish, shu jumladan, yerga ishlov berish, urug‘, mevali daraxt ko‘chatlari ekish, issiqxonalar qurish, qoramol va parranda boqishni tashkil etish ishlariga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘rganishlarda, mintaqalarda tomorqa yer egalari kesimida har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minotini inobatga olgan holda "bir mahalla - bir mahsulot" tamoyili asosida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida mahsulot yetishtirish ishlari olib borilmoqda. Natijada tomorqa yer egalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy subyektlarga aylanib bormoqda.

PQ-39-sonli Qarorda tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari tuman (shahar) oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari bilan birgalikda dasturlar ijrosini, shu jumladan ajratilgan kreditlar samaradorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida hisobot berib borishi amaliyoti joriy etilishi belgilangan.

Bu esa o‘z o‘zidan partiyaning mahalliy Kengashlaridagi deputatlaridan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar samaradorligini ta’minlash borasida deputatlik nazoratini olib borishni taqozo etadi.

 

Boymurat Yusupov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish