O‘zXDP fraksiyasi: Oliy sud taklif etgan loyiha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi
O‘zXDP fraksiyasi: Oliy sud taklif etgan loyiha bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir nechta qonun loyihalari muhokama etildi.

Sudlarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Oliy sud tomonidan tashabbus qilingan mazkur loyiha yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, sudlarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tartibini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgani qayd etildi.

Sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq nizolarni hal etishda davlat manfaatlari ifodasiga zarurat kuchaygani qayd etilgan. Shuning uchun mazkur toifadagi ishlarni ko‘rish tartibini takomillashtirish maqsadida sudlar tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bog‘liq ishlar muhokama etilayotganda prokurorning majburiy ravishda ishtirok etishini belgilash nazarda tutilgan.

Oliy sud taklif etayotgan ushbu me’yor bir qancha savollar, bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim deputatlar prokuror qatnashmasa, sud odil hukm chiqara olmaydimi, degan savolni qo‘ydi, sudlar mustaqilligiga erishish juda muhim masala bo‘lib turganda, bunday “yangilik”ka nima zarurat borligini izohlab, asoslab berishni so‘rashdi.

Boshqa ba’zi deputatlar yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bilan bog‘liq nizolar ko‘rilayotganda sudda prokurorlar qatnashishi shartligi belgilanishi davlat idoralarining noto‘g‘ri faoliyatidan jabrdiydaga aylangan fuqarolarning ziyoniga ishlashini alohida ta’kidlab, e’tiroz bildirishdi.

O‘zXDP fraksiyasining ayrim a’zolari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilishdi. Uzoq bahs-munozaralardan keyin parlament quyi palatasining qonun loyihasi bo‘yicha mas’ul qo‘mitasi vakili ikkinchi o‘qishgacha savollar va e’tirozlar ustida keng va chuqur ishlashini aytib, fraksiyadan birinchi o‘qishda qo‘llab berishni so‘radi. Deputatlar ko‘pchilik ovoz bilan qonun loyihasini mazmunan ma’qulladi.

Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Yurtimizda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ammo yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasining har oylik to‘lovi belgilanganligi, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lovlari hamda ularning mehnat stajini hisoblashdagi ayrim noqulayliklar muammolarga sabab bo‘layotgani aytildi.

Loyiha bilan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 408-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilayotgan bo‘lib, yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining amaldagi eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan, O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan savdo uylarida, vakolatxonalarda, tashkilotlarda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek ishlamaydigan eri yoki xotini uchun soliq to‘lovini amalga oshiruvchi ishlayotgan fuqarolar, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida chorvachilik, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda to‘lansa, mehnat staji hisoblanishi ko‘zda tutilmoqda.

Deputatlar loyihani ko‘rib chiqar ekan, norasmiy bandlik ulushini kamaytirish, fuqarolarning mehnat huquqlari himoyasini kafolatlash juda muhim masala ekanini qayd etib, qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish