“Yoshlar bandligiga ko‘maklashamiz loyihasi” doirasida O‘zbekiston XDP Namangan tuman kengashi mas’ul xodimlari, deputatlik guruhi a’zolari, “Yoshlar Agentligi” tuman bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari va mahalla faollari dastlab “Anjirzor“ mahallasida yashovchi kasb-hunarga ega bo‘lmagan, o‘qimaydigan, ishlamaydigan yoshlar ro‘yxatini shakllantirib, ro‘yxat asosida ular bilan uchrashdi va muloqotlar olib bordi.
Loyiha doirasida 12 ta xonadonda bo‘lindi. Chevarchilikka qiziqishi bo‘lgan ayollar aniqlanib, bu hunarni puxta egallash va imtiyozli kredit yoki subsidiya asosida tikuvchilik mashinasi olishda tavsiyalar berilib, deputatlar va faollar yordamida ko‘maklashishga kelishib olindi.
Muloqotlar jarayonida 18 nafar yoshga huquqiy maslahatlar berildi, 4 nafar yoshning bandligini ta’minlash yuzasidan murojaatlari qabul qilinib, nazoratga olindi.
Loyiha doirasida tumandagi 2-sonli Kasb-hunar maktabida o‘qitish jarayoni, muassasa tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Ta’lim dargohida tahsil olayotgan Zulfizar G‘ulomjonova, Muxlisa Bakirova, Fazilat Olimovalar bilan suhbatlarda ularning qiziqishlari inobatga olinishi yuzasidan Yoshlar Agentligi vakili va faollarga murojaatlari nazoratga olindi. Shuningdek, ta’lim muassasasida kasb-hunarga o‘qitish jarayonidagi mavjud muammolar yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Yoshlar bilan ochiq muloqotlarda mamlakatimizda yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularni qo‘llab-quvvatlash va manfaatlarini himoya qilishda davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida tushunchalar berildi.
“Yoshlar bandligiga ko‘maklashamiz loyihasi”da faol ishtirok etgan, partiya dasturiy maqsadlarini e’tirof etib, kelajakdagi rejalariga O‘zXDP orqali erishishni maqsad qilgan “Anjirzor” mahallasi yoshlar yetakchisi Shoxjahon Abdullaxonov partiya safiga qabul qilindi. Shuningdek, 2-sonli kasb-hunar maktabida o‘qiyotgan va muloqotlardan ruhlangan bir guruh yoshlar ham o‘z tashabbuslariga asosan O‘zXDP safiga qabul qilindi.