Fraksiya savoliga javob topilarmikan?
Fraksiya savoliga javob topilarmikan?

 

Kecha, 7 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Hafta boshida Turkiyada yuz bergan seysmik fojea turk xalqi bilan qardosh va bir ildizga borib taqaladigan oʻzbek xalqini ham chuqur iztirobga soldi.

Hamdardlik ruhi parlamentga ham koʻchgandek goʻyo. Har galgi majlislarda kun tartibidagi masalani chuqur muhokama qilib, keng munozaralarga boradigan deputatlarimiz bu gal bosiqroq kayfiyatda, muhokamalardan tiyilibroq turgandek boʻldi. Bunga balki kun tartibida yirik, konseptual masalalarning kamligi ham sabab boʻlgandir. Balki, ayni vaqtda oʻzimda turk xalqiga hamdardlik kayfiyati ustun boʻlgani uchun boshqalardan ham shu kayfiyatni izlagandirman.

Xullas, majlisda dastlab “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Loyihaga koʻra, banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich besh yuz milliard soʻmgacha oshirish hamda norezidentlarga bank aksiyalarini sotib olishga boʻlgan taqiqni saqlagan holda, ularning aksiyadorlari va benefitsiarlari uchun mazkur taqiqni bekor qilish belgilanmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi banklarning kapitallashuv darajasini yanada oshirish va resurs bazasini koʻpaytirishga, bank faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish hamda banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali bank sektoriga strategik xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

 

Sud odil qaror chiqarishi uchun prokuror nimaga kerak?

Majlisida muhokama qilingan keyingi masala “Sudlarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Ushbu qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida muhokama etilganda qizgʻin bahs-munozaralar kelib chiqqan edi.

Oliy sud tomonidan tashabbus qilingan mazkur loyiha yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, bu sohada qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, sudlarda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq ishlarni koʻrish tartibini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgani qayd etildi.

Sudlar tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq nizolarni hal etishda davlat manfaatlari ifodasiga zarurat kuchaygani qayd etilgan. Shuning uchun mazkur toifadagi ishlarni koʻrish tartibini takomillashtirish maqsadida sudlar tomonidan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar yuzasidan davlat manfaatlari bilan bogʻliq ishlar muhokama etilayotganda prokurorning majburiy ravishda ishtirok etishini belgilash nazarda tutilgan.

Oliy sud taklif etayotgan ushbu meʼyor bir qancha savollar, bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Ayrim deputatlar prokuror qatnashmasa, sud odil hukm chiqara olmaydimi, degan savolni qoʻydi, sudlar mustaqilligiga erishish juda muhim masala boʻlib turganda, bunday “yangilik”ka nima zarurat borligini izohlab, asoslab berishni soʻrashdi.

Boshqa baʼzi deputatlar yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bilan bogʻliq nizolar koʻrilayotganda sudda prokurorlar qatnashishi shartligi belgilanishi davlat idoralarining notoʻgʻri faoliyatidan jabrdiydaga aylangan fuqarolarning ziyoniga ishlashini alohida taʼkidlab, eʼtiroz bildirishdi.

OʻzXDP fraksiyasining ayrim aʼzolari qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilishdi. Uzoq bahs-munozaralardan keyin parlament quyi palatasining qonun loyihasi boʻyicha masʼul qoʻmitasi vakili ikkinchi oʻqishgacha savollar va eʼtirozlar ustida keng va chuqur ishlashini aytib, fraksiyadan birinchi oʻqishda qoʻllab berishni soʻradi. Deputatlar koʻpchilik ovoz bilan qonun loyihasini mazmunan maʼqulladi.

Yalpi majlisda qonun loyihasi haqida Oliy sud raisi oʻrinbosari qoʻshimcha tushuntirish berdi. Lekin baribir savollar boʻldi.

Qonunchilik palatasi Spikeri loyiha ijodkorlariga qator savollar bilan murojaat qildi. Davlat manfaatlari bilan bogʻliq sud ishlarida prokuror ishtirokini majburiy qilib belgilashni taklif qilyapsizlar, lekin koʻrilayotgan ishda davlat manfaati bor-yoʻqligi qanday aniqlanadi?..

Savolga aniq, asosli, huquqiy mantiq nuqtai nazaridan rad etib boʻlmaydigan javob berilmadi.

Loyihani keyingi oʻqishlarga tayyorlayotganda davlat manfaati bor yoki yoʻqligini aniqlashninig aniq mexanizmi ishlab chiqilishi kerakligi taʼkidlandi.

Nimagadir aksariyat deputatlar qonun loyihasining ichiga chuqurroq kirmagandek tuyuldi. Yoki Oliy sud raisi oʻrinbosari sobiq deputat boʻlgani uchun u tushuntirgan qonun loyihasining ezguligiga toʻliq ishonishdi. Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qoʻllab-quvvatlandi. Ikkinchi oʻqishda qonun loyihasi oson oʻtmasa kerak.

Bu yerda yana bir masala bor, ayrim huquqshunoslarning kuzatishicha, Oliy sud har xil tashabbuslar orqali oʻzidagi yuklamani kamaytirishga urinayotgan boʻlishi ham mumkin. Bunday mantiqsiz gaplarga qoʻshilish qiyin, Oliy sudning vijdoniga shubha qilish yaxshi emas.

 

Koʻproq ish, kamroq soliq

Shuningdek, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokamadan oʻtdi.

Prezidentimizning 2022 yil 30 avgustdagi tegishli qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Unga koʻra, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda.

Yaʼni, oʻzgartishdan oldin tadbirkor bitta yollanma ishchi uchun yiliga 1mln. 800 ming soʻm davlatga soliq toʻlagan boʻlsa, yangi loyihaga koʻra yiliga bir marta 300 ming soʻm toʻlashi belgilanmoqda.

Lekin savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, gʻoz, oʻrdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli boʻlgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼiy nazar, ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni toʻlashga ruxsat etilishi belgilanyapti.

Shu sababli “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonundan yer uchastkasi maydoniga qoʻyilgan talablar chiqarib tashlanmoqda.

Xalq vakillarining aytishicha, ushbu qonun loyihasi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatida boʻlgan jismoniy shaxslar hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

Eʼtiborlisi, qonun loyihasi norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga, rasmiy sektordagi bandlar ulushi oshishiga hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishga zamin yaratadi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha koʻplab takliflar ilgari surildi.

Qizgʻin kechgan bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasining bugungi kundagi ahamiyati va zarurati eʼtiborga olinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi soʻnggida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyaning 2022 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi. Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilgan yoshlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan 30 dan ortiq qonun loyihalari yuzasidan berilgan 50 dan ortiq takliflar tegishli qonun loyihalarini maromiga yetkazish jarayonida foydalanilgan. Majlisda komissiyaning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.

Shu tariqa parlament quyi palatasining yana bir majlisi oʻz nihoyasiga yetdi. Majlislarda deputatlar koʻp ishlatadigan “juda muhim”, degan jumla bor. Darhaqiqat, konunchilikka kiritilayotgan har bir oʻzgartish va qoʻshimcha juda muhim. Aniq va tizimli ishlaydigan qonunlar davlatchiligimiz rivoji uchun birinchi, aslida eng kuchli asosdir.

 

Ahmad Qurbonov

«O‘zbekiston ovozi», 8.02.2022, №5

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish