Zahiriddin Muhammad Bobur!
Zahiriddin Muhammad Bobur!

 

Yurtimiz olimlar, dunyoni egallagan buyuk sarkardalar, davlat arboblari yetishib chiqqan jannatmakon go‘shadir. Bugun 12 yoshida taxtga o‘tirgan buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. Zahiriddin Muhammad Bobur bobosi Amir Temur tuzgan yirik davlat uchun Temuriy shahzodalar orasida jang kuchaygan vaqtda, 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan.

Bobur Mirzo o‘z yurtini tashlab ketishga majbur bo‘lgach, o‘z mavqeini mustahkamlash maqsadida 1519-1525 yillar davomida Hindistonni qo‘lga kiritish uchun janglar olib boradi. 1526 yil aprel oyida Panipatda sulton Ibrohim Lo‘di bilan va 1527 yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo‘lgan janglarda Boburning qo‘li baland keldi. Tarixiy ma’lumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi bo‘lgan Panjob hokimlari ham Boburni qo‘llaganlar va Sikri jangidagi bu g‘alaba Boburga Hindistonda o‘z hukmronligini uzil-kesil o‘rnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Boburiylar sulolasi Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.

Qisqa bir vaqt ichida Bobur Hindistonda siyosiy muhitni barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini birlashtirish, shaharlarni obodonlashtirish, savdo-sotiq masalalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bog‘-rog‘lar yaratish ishlariga homiylik qildi. Hindistonni obodonlashtirish, unda hozirgacha mashhur bo‘lgan me’moriy yodgorliklar, bog‘lar, kutubxonalar, karvonsaroylar qurdirish, ayniqsa, uning o‘g‘illari va avlodlari davrida keng yoyildi. Hindiston san’ati va me’morchiligiga Markaziy Osiyo uslubining kirib kelishi sezila boshladi. Bobur va uning hukmdor avlodlari huzurida o‘sha davrning ilg‘or va zehni o‘tkir olimlari, shoirlari, musi-qashunoslari va davlat arboblarini mujassam etgan mukammal bir ma’naviy-ruhiy muhit vujudga keldi. Boburiylar davlatidagi madaniy muhitning Hindiston uchun ahamiyati haqida Javoharla’l Neru shunday yozgan edi: «Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi».

Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bilan band bo‘lish bilan bir qatorda ijodiy faoliyatini ham davom ettirdi. Uning «Boburnoma»si jahon ommasiga mashhur bo‘lgan shoh asarlaridan biridir. Bu asar tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelmokda. Barcha tarix, adabiyot va san’atga qiziquvchi insonlarga albatta bu asarni o‘qib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lar edik.

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘z yurtida qadr topdi. O‘zbekiston FAning Bobur nomidagi medali ta’sis etildi. Sharqshunos olim Ubaydulla Karimov bu medalning birinchi sovrindori bo‘ldi. Andijonlik tabiatshunos olim Zokirjon Mashrabov rahbarlik qiladigan Xalqaro Bobur jamg‘armasi katta ishlarni amalga oshirdi. Jamg‘armaning ilmiy ekspeditsiyasi 10 dan ortiq Sharq mamlakatlari bo‘ylab avtomobilda ilmiy safarlar uyushtirib, 200 ming km dan ortiq masofani bosib o‘tdi. Bobur va boburiylar qadamjolari, ularning ilmiy me’rosiga oid yangi ma’lumotlar to‘plab, ularni ilmiy iste’molga kiritdi. Mazkur ma’lumotlar asosida 10 dan ziyod ilmiy, hujjatli, badiiy asarlar yaratilgan.

Biz ham ajdodlarimiz singari ezgulik va adolat, haqiqat va go‘zallik tamoyillari asosida yashashimiz, Vatanni sevishimiz, ilm-ma’rifat va jamiyat rivoji uchun tolmay xizmat qilishimiz darkor.

 

Bahodir Kamalov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi xodimi.

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish