Kuchli jamoatchilik nazorati zarur
Kuchli jamoatchilik nazorati zarur

 

Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilgan islohotlar, Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq bosqichma-bosqich erishilayotgan maqsadlar davlat idoralarining fuqarolar, xalqimiz oldidagi masʼuliyatini kuchaytirdi. Bir vaqtlar aholidan, jamoatchilik fikridan uzoqlashib ketgan vazirlik va idoralar faoliyatidagi tub oʻzgarishlar haqida qancha gapirsak, shuncha oz. Prezident qatʼiy belgilab bergan xalq bilan muloqot tamoyilining roʻyobga chiqarilishi yurtimizdagi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, shu bilan birga, demokratik jarayonlarni ham tubdan takomillashtirdi.

2022 yilgi davlat dasturida, joriy yilga moʻljallangan davlat dasturi loyihasida ham xalq deputatlari Kengashlarini hududlardagi masalalarni hal qiladigan asosiy boʻgʻinga aylantirish, mahallalarda muloqot institutini rivojlantirish muhim vazifa sifatida qoʻyildi. Bu juda ezgu maqsadga qaratilgan toʻgʻri yondashuv.

Xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari kengaytirilishi mahalliy hokimliklar, vazirlik-idoralarning hududiy boʻlinmalarining tegishli hudud aholisi oldida hisobdorligi, masʼuliyatini kuchaytiradi. Bu qonunlar, Prezident qaror va farmonlarining joylardagi ijrosi yanada samarali boʻlishida, odamlarning islohotlarni tushunishi va ularni toʻliq roʻyobga chiqarishda faol ishtirok etishi uchun juda muhimdir.

Shu nuqtai nazardan xalq deputatlari Kengashlari faoliyati bilan bogʻliq ayrim masalalarga yechim topish, baʼzi yoʻnalishlarda siyosiy partiyalar tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq boʻladi.

Chunki siyosiy partiyalar, deputatlik birlashmalari faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanishi jamiyatimiz hayotida ijtimoiy-huquqiy faollik oshishiga, hozirgi kundagi keng qamrovli islohotlarning natijadorligi boʻyicha samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Keyingi yillarda xalq deputatlari Kengashlari, mahalliy deputatlar faoliyatida koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangiliklar roʻy berdi. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bogʻliq barcha eng muhim masalalar hududiy Kengashlarda muhokama qilinmoqda. Deputatlar qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etmoqda.

Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, siyosiy partiyalar va ularning deputatlik birlashmalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikda ayrim masalalar ham yoʻq emas.

 

Birinchi masala. Maʼlumki, siyosiy partiyaning dasturiy maqsadlarini bevosita amalga oshirishda eng muhim tizim bu deputatlik birlashmalaridir. Biroq Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalaridan farqli oʻlaroq, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiyalar guruhlarining huquq va vakolatlari taalluqli protsessual mexanizmlar bilan mustahkamlanmagan.

Amaldagi qonunchilikda partiya guruhlarining mahalliy byudjetlar loyihalarini, hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturlarini koʻrib chiqish va muhokama qilish, hokimlar va boshqa mahalliy davlat organlarining mansabdor shaxslarining hisobotini tinglashda ishtirok etish tartibi va shaklini tartibga soluvchi protsessual normalar koʻzda tutilmagan.

Shuningdek, partiyalar guruhlari oʻz vakolatlari doirasidagi masalalar yuzasidan kiritgan takliflarni doimiy komissiya tomonidan sessiyalar va majlislarda koʻrib chiqilishi shartligini belgilovchi normalar ham mavjud emas.

Partiyalar guruhlari tomonidan deputatlik nazoratini olib borish boʻyicha qonunchiligimizda huquq va vakolatlar belgilab berilmagan.

Partiyalar byudjet parametrlarini shakllantirishning faqat tasdiqlanish bosqichida ishtirok etadilar. Davlat byudjeti va davlatning maqsadli fondlar boʻyicha byudjetlari loyihalarini tuzishda partiyalarning fikrini inobatga olish mexanizmlari qonunchilikda inobatga olinmagan.

Ushbu masalani hal qilish uchun qonunchilikka tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish lozim boʻladi. Viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari va ulardagi partiyalar guruhlari tomonidan deputatlik nazoratini oʻrnatish tartiblarini kiritish kerak.

Shuningdek, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining reglamenti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va unda partiyalar guruhlariga “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi qonun bilan belgilangan huquq va vakolatlarning protsessual mexanizmlarini aniq belgilab berish lozim.

 

Ikkinchi masala. Aksariyat deputatlar oʻz partiyaviy mansubligini his etishmaydi. Mazkur holat siyosiy partiyalarning oʻz deputatlari bilan ishlashida, ularga taʼsir oʻtkazishida va dasturiy maqsadlarini amalga oshirishida maʼlum qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Amaldagi qonunchilikka asosan deputatlar faoliyatiga siyosiy partiyaning taʼsir etishi boʻyicha samarali mexanizmlar deyarli mavjud emas. Toʻgʻri, qonunchilikda “deputatning uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi” asosida deputatni siyosiy partiya tomonidan chaqirib olish imkoniyati berilgan. Lekin bu jarayon murakkab boʻlib, ushbu masala bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Mazkur masala oldin tegishli davlat hokimiyati vakillik organining (xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, Qonunchilik palatasi yoki Senat Kengashi) odob komissiyasida koʻriladi, soʻngra umumiy majlisda koʻriladi. Shundan soʻng saylov tashkil etilib, deputat saylangan okrug saylovchilarining yashirin ovoz berishi yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiya oldidagi majburiyatlarini bajarmagan deputatlarni chaqirib olish boʻyicha qonunchilikdagi protsessual mexanizmlarni takomillashtirish ehtiyoji mavjud.

Shuningdek, siyosiy partiyaning deputatlar bilan kundalik olib boriladigan ish jarayonidagi munosabatlari yetarli darajada tartibga solinmagan. Deputatlik birlashmalari aʼzolarining partiya intizomiga rioya qilish nuqtai nazaridan huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi normativ xujjat mavjud emas. Ushbu holat deputatlarni yagona maqsad sari birlashtirib, siyosiy partiyalarning manfaatlarini parlament va mahalliy Kengashlarda samarali ifoda etishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Deputatlarning siyosiy partiya oldidagi masʼuliyatini va partiyaviy intizomni kuchaytirish maqsadida har bir siyosiy partiyani parlamentdagi fraksiyasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarining nizomini qabul qilish maqsadga muvofiq boʻlardi. Ushbu nizomda fraksiya va deputatlik guruhi aʼzolarining partiya intizomiga rioya qilish nuqtai nazaridan huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilishi kerak. Mazkur nizom siyosiy partiyaning Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanishi kerak boʻladi.

Deputatlik birlashmalarining nizomi qabul qilinishi orqali deputatlarning partiya vakili sifatida huquq va majburiyatlari aniq belgilab beriladi, ularning faoliyatida birdamlik taʼminlanadi. Deputatlar saylovchilar oldida, siyosiy partiya oldida oʻz majburiyatlarini yanada aniq his qilishadi.

 

Uchinchi masala. Joylardagi kuzatuvlar bugungi kunda siyosiy partiyalarning moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz holda ekani va ushbu holatni yaxshilash uchun muayyan mablagʻlar talab etilishini koʻrsatmoqda. Partiyada moliyaviy mablagʻlar yetishmasligi sababli juda zarur boʻlgan shtat birliklarini joriy qilish hamda malakali kadrlarni partiya ishiga jalb qilishda qiyinchiliklarni vujudga kelmoqda.

Davlat byudjetidan siyosiy partiyalarga mablagʻlar ajratish “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining “Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga asosan amalga oshirib kelinmoqda.

Mazkur qonun 7-moddasining ikkinchi qismida “Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablagʻlarining yillik hajmi shu mablagʻlarni ajratish moʻljallanayotgan yildan oldingi yilning 1 yanvaridagi holatga koʻra belgilangan eng kam ish haqining ikki foizini Qonunchilik palatasiga oʻtkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar soniga koʻpaytmasi miqdorida shakllantiriladi”, deb koʻrsatilgan. Yaʼni, siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun bir yil oldingi eng kam ish haqi asos qilib olinmoqda. Ushbu holat oʻz navbatida, partiyalarning asosiy xarajatlari va partiyalarga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlar oʻrtasida nomutanosiblikni keltirib chiqarmoqda.

Siyosiy partiyalarga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlar miqdorini partiyalarning xarajatlari koʻzda tutilgan yilga mutanosibligini taʼminlash hamda ajratilayotgan mablagʻlar miqdorini sezilarli darajada oshirish maqsadida “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasiga siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun joriy yildagi eng kam ish haqini asos qilib olish boʻyicha tegishli oʻzgartirish kiritish maqsadga muvofiq boʻlar edi.

 

Toʻrtinchi masala. Siyosiy partiya samarali faoliyat yuritishi malakali, yuqori siyosiy bilimga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega kadrlarga ham bogʻliq.

Bugungi kunda siyosiy partiya xodimlarining malakasini oshirish va qayta oʻqitish tizimi mavjud emas. Malaka oshirish ishlari har bir siyosiy partiyaning oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda, xodimlarni qayta oʻqitish imkoniyati yoʻq.

Taʼkidlash lozimki, rivojlangan demokratik davlatlarda professional siyosatchilarni oʻqitish tizimi mavjud. Deyarli barcha oliygohlarda Yosh siyosatchilar klubi, Notiqlar klubi, munozara klublari va siyosiy-huquqiy faollikka undovchi boshqa birlashmalar faoliyat yuritadi.

Mamlakatimizda siyosiy partiya xodimlarini qayta oʻqitish tizimi mavjud emasligi mutaxassisligi siyosatchi boʻlmagan, qiziquvchi boshqa soha vakillarini partiyada muqim ishlab ketishida qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shuning uchun siyosiy partiya xodimlarining malakasini oshirish va qayta oʻqitish tizimini joriy qilish muhim. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshida va mintaqaviy taʼlim tizimlarida doimiy faoliyat yurituvchi partiya xodimlari va faollarini tayyorlash kurslari tashkillashtirilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Shuningdek, siyosiy partiyalar apparatida faoliyat yuritayotgan xodimlarni siyosatshunoslik, davlat va jamiyat qurilishi, partologiya boʻyicha sirtqi (masofali) ikkinchi oliy maʼlumotni olish imkoniyatlarini koʻrib chiqish ham mumkin.

Xulosa oʻrnida aytish zarurki, siyosiy partiyalar, deputatlar islohotlar natijadorligi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish jarayonlarida faol ishtirok etishi, ijtimoiy masalalarni samarali hal etish boʻyicha taklif va tashabuskor boʻlishi zarur.

 

Ulugʻbek Vafayev,

Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 15.02.2022, №6

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish