Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham hayotda to‘laqonli yashashga haqli

   Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamma qatori teng, to‘laqonli hayot kechirishlari uchun katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bunga yetarli asoslarimiz bor, albatta. Aytaylik  ularni uy-joy bilan ta’minlash, nogiron farzandi yoki oilada nogironligi bor insonlarni parvarish qilayotganlarga mehnat staji yozilishi, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligi yoki BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Kuni kecha prezidentimiz tomonidan imzolangan navbatdagi qarorda ham inson huquqlari, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad qilingan.

  Aynan mazkur qaror Inson huquqlari haftaligi jarayonida qabul qilinishi ham mamlakatimizda inson huquqlari borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Qarorda birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish, bundan tashqari, davlat xizmatlari  markazlari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat muassasalarida fuqarolarning bevosita hozirligida (joyida) ko‘rsatiladigan xizmatlardan navbatsiz foydalanish, davlat idoralari rahbarlari (mansabdor shaxslari) qabuliga navbatsiz kirish imtiyozining berilishi  quvonarli xabar bo‘ldi. Buni inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan amaliy ish  deb bilaman.

Ayniqsa, qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiyot muassasalarida davolanayotgan paytida uning otasi yoki onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga) yoxud oilaning bolani bevosita parvarishlayotgan boshqa a’zosiga nogironligi bo‘lgan bolaning yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratilishi, statsionar tibbiyot muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan shaxsga  mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va boshqalar) uchun davolash davrida davlat statsionar tibbiyot muassasalarida bepul ovqatlanishning yo‘lga qo‘yilishi, o‘ylaymanki, nogironligi bor oilalarni moddiy, iqtisodiy hamda ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi.

       Shu o‘rinda hayotiy tajribam davomida uchragan voqealar ko‘z oldimda gavdalandi. Maktabda ishlab yurgan vaqtimda bir hamkasbimizning farzandi nogiron edi. Ona bechora farzandi nogiron bo‘lganidan shunchalar ezilardiki, ta’tillarda maktab direktoridan javob so‘rashga qiynalar va iymanardi. Chunki farzandini Toshkentga olib kelib davolatar edi. Ish soatlarini qoplash uchun boshqa payt ikki hissa ishlashga harakat qilardi. Saylovchilarimiz bilan suhbatlashganimizda ham bu kabi muammolarga duch kelamiz. Chunki, bemorni olib kelib uni davolatish va yaqinlarining ham birgalikda yurishi oilalar uchun qancha sarf-xarajat. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, endilikda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishga tushirilganligi nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalariga muhtoj bo‘lgan shaxslarning shaffof elektron navbat tizimini ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu bilan tanish-bilishchilik, adolat mezonlarining buzilishiga barham beriladi. Ayniqsa, najot istab o‘zi ko‘ngli o‘ksik bo‘lib turgan fuqarolarning yana adolatsizlikdan qalbi sinishining oldi olinadi.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu qarorning qabul qilinishi, qalbi o‘ksik minglab insonlarning ertangi kuniga umid va ishonchni oshiradi. Bu “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yiliga mos, hamohang va islohotlar amalda bo‘layotganligining isbotidir.

    Mavjuda Hasanova G‘aniyevna

       O‘zbekiston  Oliy Majlis

   Qonunchilik palatasi  deputati, O‘z XDP fraksiyasi a’zosi

← Roʻyxatga qaytish