Insoniyat yaralibdiki,ayol hamisha hayotning gultoji sifatida madh etilib, mehribon ona, vafodor yor, jonkuyar opa-singil, go‘zal qiz siymosida namoyon bo‘ladi. Doimo ayolni kuylash, uni vasf etishga ehtiyoj bisyor. Shu sababki, uning ta’rifiga til ojiz. Ayol haqida abadul-abad qo‘shiqlar yangrayveradi.
Aslida Sharqda azaldan erkaklar ulug‘ sanalgan. Ular oilada, jamiyatda ayollardan ustun hisoblangan bo‘lsa-da, mohiyatan nozik qalb sohibalari-ayolsiz o‘sha ustunlikni tasavvur etish mushkul.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlarimizni qayta tiklash bilan birga milliy mentalitetimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan oilaga, ayolga bo‘lgan ijobiy munosabat yangi O‘zbekiston barpo etish yo‘lidagi maqsad va harakatlarimizning uzviy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Agar ayol kamsitilgan, ayol va erkaklarning huquqlari va imkoniyatlari muvozanati ta’minlanmagan bo‘lsa, jamiyat o‘zining yuqori marralariga erisha olmaydi va barkamol rivojlana olmaydi. Ayol oilada o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Ona va bola munosabati bolalarning sog‘lom rivojlanish garovidir. Tadqiqotlar natijasida yoshlarning aksariyati ma’naviyati va fuqaroviy nuqtai-nazarining shakllanishida oilaning, shu jumladan, onaning beqiyos o‘rni borligi ko‘p bora aniqlangan.
Ayollarni har jihatdan qo‘llab quvvatlash, ayniqsa, bozor munosabatlari sharoitlaridan kelib chiqqan holda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, shu orqali bandlik muammolarini bartaraf etish, oilalar daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda aytish mumkinki, davlat va jamiyat qurilishida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Huquqiy davlat erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishishda shubhasiz, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ham ma’nan, ham jismonan barkamolligi muhim ahamiyatga ega. Ana shu tamoyillarni inobatga olgan holda yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xususan ayollar sog‘lig‘i muhofazasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan. Sog‘lom avlod, sog‘lom bola deganda avvalo sog‘lom naslni tushunamiz. Sog‘lom bolani esa sog‘lom ona dunyoga keltiradi. Bu borada Muhtaram yurtboshimiz tomonidan bir qator Farmonlar, qarorlar qabul qilinib, tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yurtboshimiz ta’riflari bilan aytganda: “Sog‘lom bola deganda, avvalo sog‘lom muhit, sog‘lom ona tushuniladi. Zeroki, sog‘lom naslni faqat sog‘lom ayolgina dunyoga keltiradi”. Shundan kelib chiqib, sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilgan izchil islohotlar ko‘lami yil sayin kengayib bormoqda. Zotan, mamlakatimizda el salomatligini mustahkamlash, jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish hamisha ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Fursatdan foydalanib, onajonlarimiz, munis opa-singillarimiz, barcha ayollarni yaqinlashib kelayotgan 8 mart bayrami bilan tabriklayman. Hamisha e’zozda bo‘ling!
Zoxida O‘zbekova,
O‘zXDP Boysun tuman kengashi raisi,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.