Daryo.uz: Hokimlarning deputatlarga boshchiligi bosqichma-bosqich bekor qilinadi

 

Amaldagi Konstitutsiyamiz mustaqil davlatni shakllantirishda, dunyoga tan oldirishda tarixiy missiyani bajardi. Endi davlatni emas, insonni, uning huquqlari kafolatini eng yuqoriga ko‘tarish kerak.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada davlatning oliy maqsadi insonni, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘lyapti.

Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari ham inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bog‘liqdir. Shuning uchun partiyamiz Konstitutsiyaga takliflar berishga katta masʼuliyat bilan yondashdi. Chunki partiyaning 30 yildan oshiq tarixida bunday ochiq imkoniyat bo‘lmagan.

Yana bir masalani tan olish kerakki, partiyamiz elektorati manfaatlari keyingi yillarda ishonchli himoya qilina boshladi. Hukumat fuqarolar oldidagi asosiy majburiyatlariga jiddiy eʼtibor qaratmoqda.

Masalan, kambag‘allik eng og‘ir muammomiz edi. Ilgari hatto “kambag‘al” degan so‘zni ishlatish mumkin emas edi. Kambag‘allik bo‘yicha mezon ham, mexanizm ham yo‘q edi. Xalq bilan muloqot tizimi, kuchli ijtimoiy siyosat ko‘p yillik muammolarni hal qilmoqda.

Asosiy takliflarimiz Konstitutsyaiviy qonun loyihasida o‘z ifodasini topdi, endi ular qo‘llab-quvvatlanishi uchun intilamiz. Xususan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos bo‘lishi kafolatlanyapti. Odamlarni buni juda uzoq kutdi.

Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi nazarda tutilyapti. Bu meʼyor ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlam uchun hayot kabi muhimdir.

Fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish majburiyati davlatga yuklanyapti. Belgilangan tartibda bepul tibbiy xizmat ham kafolatlanyapti.

Yaʼni, davlatning fuqarolar oldidagi, huquqlar va imkoniyatlar tengligini taʼminlash borasidagi masʼuliyati bir necha borabar ortyapti.

Ayni paytda shunga mos ravishda davlatning parlament, hokimliklarning xalq deputatlari Kengashlari oldidagi hisobdorligi, masʼuliyati ham kuchaymoqda.

Maʼlumki, amaldagi Konstitutsiyaning 98-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi kerak. Yaʼni, Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida boshqa siyosiy partiyalar ishtiroki cheklangan.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada esa Bosh vazir nomzodini ko‘rsatish jarayonida barcha siyosiy partiya fraksiyalarining teng ishtiroki taʼminlanmoqda.

Bu kabi amaliyot xorijiy mamlakatlarda ham keng qo‘llaniladi. Ushbu yangi konstitutsiyaviy norma har bir siyosiy partiyaning hukumatni shakllantirish jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyatini kafolatlaydi. Har bir siyosiy partiya o‘z saylovoldi dasturidagi eng muhim vazifalarni Hukumat dasturiga kiritgan holda amalga oshirish huquqidan foydalana oladi.

Hokimlarning deputatlarga boshchilik qilish instituti bosqichma-bosqich bekor qilinishi, bu borada ilg‘or demokratik tartibga o‘tilishi davlatchiligimizni zamonaviylashtiradi. Hokimliklarni demokratik tiyib turish mexanizmi joriy etilishi ayni vaqtda xalq deputatlari Kengashlariga saylanadigan minglab deputatlarning imkoniyat va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini ham yaratadi. Deputatlarning faolligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan asosiy muammo hal etiladi. Shu tarzda hududlarda demokratik madaniyat rivojlanadi.

Ayni kunlarda joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda bugun dunyo notinchligi, avvalgidan ancha murakkablashgani aytilyapti. Har qadamda to‘qnashuv, kelishmovchilik. Bulardan eng ko‘p odamlar, ayollar, bolalar aziyat chekyapti. Ayrim davlatlar fuqarolar oldidagi tinchlikni asrash bo‘yicha burchini bajara olmayapti. Nuroniylarimiz shunday qiyin pallada yurtimizda tinchlik hukmronligiga shukrona keltirishyapti. Jamoatchilik vakillari yangilanayotgan Konstitutsiya tinchligimiz kafolatini mustahkamlashga xizmat qiladi, degan muhim xulosalarni ham bildirishyapti. Bu – rost. Yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi qatʼiy yozib qo‘yilmoqda. Qarangki, xalqimiz Konstitutsiyaviy qonun loyihasini hayot bilan, kundalik turmush bilan bog‘lab tahlil qilyapti.

Tinchlikni asrashda xalqimizning birdamligi ham muhim. Umuman, ijtimoiy birdamlik qon-qonimizga singib ketgan. Shularni hisobga olsak, Konstitutsiyamizga birinchi marta “ijtimoiy birdamlik” tamoyili kiritilayotgani ham tarixiy ahamiyatga ega.

 

Ulug’bek Inoyatov,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Markaziy Kengashi raisi.

www.daryo.uz

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish