Yale University uchinchisi bo‘ldi
AQShga jo‘nab ketishimdan oldin O‘zbekistonda tahsil oldim: men bir yil Moliya institutida o‘qidim, keyin Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishimni ko‘chirib o‘tkazdik. Sababi u yerda O‘zbekiston—Malayziya biznes boshqaruvi fakulteti ochilgandi. Bakalavriatning so‘nggi yilida chet el universitetlariga talabalarni o‘qishga yuborayotgan “Umid” jamg‘armasi haqida ko‘p eshita boshladik. Keyin ko‘pchiligimiz fondning stipendiya dasturlariga jiddiy qiziqish bildira boshladik, chunki bizda hech qanday til to‘sig‘i yo‘q edi — fakultetda darslar ingliz tilida olib borilar edi.
Men TOEFL va GRE testlarini topshirishim (Graduate Record Examinations — Amerika universitetlarida magistratura yoki aspiranturaga kirish uchun zarur bo‘lgan test), shuningdek, “Ma’naviyat va ma’rifat” imtihonidan ham o‘tishim kerak edi. Eng muhimi, uchinchisi meni ko‘proq tashvishlantirardi — chunki xalqaro standartlashtirilgan sinovlardan farqli o‘laroq, bu testlardan har qanday savollarni kutish mumkin edi.
Esimda bir payt menga har tomondan tabriklar yog‘ila boshladi: ular men qanday omadli ekanmimni ta’kidlashar, endi Yel universitetidek ta’lim dargohida o‘qishim haqida gapirishardi. Rostini aytsam, o‘sha paytlarda men Yelning yuqori darajadagi statusidan xabarim yo‘q va boshimga qanday omad qushi qo‘nganini tushunmasdim. Axir 1998-yilda kerakli ma’lumotni topish hozirgidek oson emas edi.
AQShda o‘qish
Yelda siz ta’lim dasturingizni o‘zingiz tuzasiz, shuning uchun men iqtisodiyot va axborot tizimlarini o‘rganishga harakat qildim. 20 yil oldin AQShdagi IT-soha vakillari va oddiy foydalanuvchilar nima to‘g‘risida bahslashishganini bilasizmi. Sizga aytaman, ular qaysi operatsion tizimni tanlash ustida bosh qotirishar, hattoki Mac yoki IBM yaxshiroqligi haqidagi ko‘plab muhokamalar sabab kichik nizolar ham chiqib turardi. Hamma o‘zicha haq edi va o‘z fikrini oxirigacha himoya qilishga tayyor edi.
Bizning Yel universitetidagi o‘qituvchimiz yaqin kelajakda qurilmalarning brendi va operatsion tizimlar avvalgi qiymatini yo‘qotishini aytgandi, chunki barcha ma’lumotlar “oblako”, ya’ni tashqi virtual resurslarda saqlanadi deganida nafaqat menga, balki bu gaplarni eshitgan barchaga bu g‘oyalar fantastika bo‘lib tuyulardi, lekin bugun o‘ylab qolaman: u qanday qilib buni oldindan ko‘ra bildi?
“Umid” jamg‘armasi nafaqat o‘qishimiz uchun, balki reyslar, turar joylar uchun ham pul ajratgan. Ammo men qo‘shimcha daromad olishni xohlardim, ayniqsa, qo‘shma shtatlarda bu mutlaqo oddiy holat. Ha, albatta, universitet qator cheklovlar qo‘ydi: o‘qish bilan birga ishlash haftasiga 17 soatdan oshmasligi kerak. Tabiiyki, ko‘pchilik universitetning o‘zida ishlashni afzal ko‘rishdi – Yel buning uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergandi va hatto talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari reyestri ham mavjud edi.
Ko‘plab ish joylarini taniqli Yel kutubxonasi taklif qilardi — u AQShda uchinchi o‘rindagi kutubxona sanalardi. Sizga “kutubxonada ishlash” juda oddiy tuyulishi mumkin. Aslida, kitobxonlar qoldirgan kitoblarni yig‘ish va ba’zan og‘ir foliantlarni baland javonlarga joylab qo‘yish juda qiyin ish bo‘lardi. O‘sha paytda buning uchun soatiga kamida 5 dollar to‘lashardi. Shunda men og‘ir mehnat talab qilmaydigan ish topishim kerakligini angladim va shunchaki vakansiyalar ro‘yxati ichidan eng yuqori ish haqi taklif etilayotgan “programist” vakansiyasini topdim. Universitet kutubxonasiga mikrofilmlarning tugallanmagan kompyuter ma’lumotlar bazasini to‘ldirish uchun mutaxassis kerak edi, chunki uning muallifi o‘qishni tugallab Yelni tark etgan. Menga vazifam bir yil ichida dasturni ma’lumotlar bilan to‘ldirish va unga qidiruv tizimini joriy qilishim kerakligini aytishdi. Men hammasini taxminan bir hafta ichida tugatdim, qolgan vaqt esa ish beruvchi bilan kelishilgan holda dasturni texnik qo‘llab-quvvatlab turdim. Bu yerda hech narsa buzilmagani uchun bo‘sh vaqtimdan foydalanib, “Umid”chilarning onlayn munozara platformasida faol ishtirok etdim.
Qaytish yoki qaytmaslik?
1999-yilda O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida “Umid” stipendiatlarining O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan tarixiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Islom Abdug‘aniyevich biz bilan juda iliq suhbatlashdi, barchaga qaytib kelib, respublika ravnaqi yo‘lida ishlashni taklif qildi. Men o‘sha uchrashuvdan xotira bo‘lib qolgan fotosuratga qarab, suratdagi hamma studentlar ichida bitta men davlat xizmatida rahbarlik lavozimida ishlayotganimni tushunaman. Men bunga hech qanday alohida baho berayotganim yo‘q, shunchaki haqiqatni aytaman. Amerikada qolishni o‘ylaganmidim? Rostini aytsam, men bu haqda hech qachon o‘ylamaganman, hattoki bitirishimdan biroz oldin yillik ish haqi 100 000 AQSh dollari bo‘lgan ish takliflarini ham olganman. O‘shandagi holatim, o‘zimni eslayman va men vatan hissi yuragida jo‘sh urgan yoshlardan bo‘lganimni anglayman. Bilasizmi, magistraturaning birinchi kursini tugatganimda ta’til paytida AQSh bo‘ylab sayohat qilish o‘rniga men Toshkentga kelib, Moliya vazirligida yozgi amaliyotni o‘tadim. Menimcha, o‘sha vaqt menga ish haqi to‘lanmagan. Ammo shunday bo‘lsa ham mening omadim kelganini anglardim. Birinchi rahbarim men kabi chet el ma’lumotiga ega yosh mutaxassislarga alohida e’tibor beradigan, Moskva davlat universitetini bitirgan ingliz tilida erkin suhbatlasha oladigan Ulug‘bek Ro‘zuqulov edi. Men valyuta-iqtisodiyot bosh boshqarmasining xalqaro bo‘limida ishlaganman. Ulug‘bek Ubaydullayevich ko‘plab ingliz tilida so‘zlashadigan yoshlarni atrofida to‘plagandi. Menga Moliya vazirligida ishlash yoqdi, shuning uchun magistraturaning ikkinchi yilidan keyin bu yerga qaytib keldim va hatto “Umid” jamg‘armasining yosh kadrlarni taqsimlashini kutib o‘tirmasdan darhol ishni boshladim. Lekin jamg‘armaning asosiy maqsadi bitiruvchilarni davlat sektoriga joylashtirish bo‘lganligi sababli mening qarorimga hech kim e’tiroz bildirmadi. Kadrlarni taqsimlashga keladigan bo‘lsak, umid qilamanki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi oldingi xatolarni qaytarmaydi. Mendan farqli o‘laroq, ko‘plab boshqa “Umid”chilarning birinchi rahbari borasida omadi kelmagan.
Men bitta misol keltiraman: AQSh universitetlaridan birining bitiruvchisi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Surxondaryo viloyatiga qaytib keladi, chunki “Umid” uni viloyat hokimligiga taqsimlagan. Unga siz moliya boshqarmasida ishlaysiz deb aytishdi. Aslida esa u derivativlar bo‘yicha mutaxassis edi. Bizning fond bozorimiz haligacha bu mutaxassisga mos ish taklif qila olmaydi, tushunyapsizmi, bizda hali bu yaxshi rivojlanmangan yo‘nalish hisoblanadi. Bu noto‘g‘ri rejalashtirish, noyob mutaxassislarga talab yo‘qligi va taqsimlashga nomaqbul yondashuvdir. Xo‘sh, keyin uni hech bo‘lmaganda fond birjasiga yuborishga nima xalaqit qilgandi? Ko‘plab “Umid”chilar asosan xizmatlari taqsimlangan joylarida o‘zlarini namoyon qilish imkoniyatini topa olmaganliklari sabab davlat xizmatini tark etishdi. Ha, keyin davlat xizmatidagi ish haqi juda past edi, ish tartibi juda qiyin edi, agar rahbar bilan munosabat yaxshi bo‘lib, rivojlanish imkoniyati bo‘lganida edi kam oylik va og‘ir ishga ham chidasa bo‘lardi…
Nima uchun?
Bu g‘oyani yangi “El-yurt umidi” brendi ostida tiklash juda zarur tashabbusdir, xalqaro darajadagi mutaxassislarsiz munosib turmush darajasiga ega mamlakat qurish mumkin emas. Chunki O‘zbekistonni jadal rivojlantirishning eng samarali yo‘li — bu xorijiy investitsiyalarni jalb qilish. Men bir umumiy haqiqatni aytaman: investitsiyalarni jalb qilish uchun potensial investorlar bilan muloqotda bo‘lish kerak. Ular esa o‘ziga o‘xshash mentalitetga, umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan odamlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga tayyor. Ular o‘zlari o‘qigan universitetlarning bitiruvchilariga ko‘proq ishonishadi. G‘arbdagi universitetlarning bo‘yinbog‘lari odamlarni o‘zgacha rishtalar bilan bog‘laydi va bu aloqalar hayot davomida saqlanib qoladi. Ikkinchidan: yaqinda biz Xalq ta’limi vazirligida bizning “English speaking nation” loyihamizni amalga oshirish uchun USAIDning 50 million AQSh dollarlik grantini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldik. Aytishim mumkinki, ushbu grantni ajratish bo‘yicha muzokaralarning boshlanishida mening Yel universiteti bitiruvchisi ekanligim muhim rol o‘ynadi. Shunday qilib, davlat tomonidan bizning ta’limimizga qilingan investitsiyalar hali ham sezilarli dividendlarni olib kelmoqda. Loyiha 2003-yilda to‘xtatilganligi esa juda achinarli.
Shunga qaramay, “Umid” bitiruvchilarini rahbar lavozimlariga tayinlash, Prezident Shavkat Miromonovich davrida boshlandi. Hozida “Umid”chilardan 5 tasi vazir lavozimida faoliyat olib bormoqda. Lekin davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan davlat siyosatini bekam-u ko‘st amalga oshirish, qo‘yilgan ulkan maqsadlarga erishish uchun hozirda mamlakatimizga ko‘plab yuqori malakali rahbarlar va chet el ma’lumotiga ega mutaxassislar kerak. “Umid Reunion 2.020” konferensiyasi “Umid” bitiruvchilarini O‘zbekistonga qaytishga va islohotlarni amalga oshirishga yordam berishga ilhomlantiradi deb umid qilaman. Men o‘zim, maktab ta’limini rivojlantirishga qodir bo‘lganlarni Xalq ta'limi vazirligidagi muhim lavozimlarga taklif qilishga tayyorman. Shu bilan birga, men ushbu tadbir faqat tanqidlar va yuqoridan berilgan maslahatlar bilan cheklanmasligini istardim. O‘rgatish oson, bizga esa haqiqiy, amaliy yordam kerak.