Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Surxondaryo viloyat Uzun tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan uchrashdi.
Muloqotda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyati, xususan, xotin-qizlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, 43-moddada Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish mas’uliyatini olishi belgilanayotganligi, 58-moddada Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi mustahkamlanayotgani to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.