2020 YIL – ORZU- UMIDLAR YILI

Hasan NORMURODOV, «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston Qahramoni:

— 2019 yil xalqimiz hayotida yuksalishlar, farovonlik, taraqqiyot yili bo‘lib tarixga kirdi. Bugun biz Buyuk islohotlar davrida yashayapmiz. O‘tayotgan har bir yil umrimiz sahifalariga  muhrlanmoqda.

Birgina Samarqand viloyati misolida gapiradigan bo‘lsam, o‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha ravishda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 700 dan ortiq   arzon uy-joy qurildi, shaharlarda yuzlab  ko‘p qavatli xonadonlar, 230 dan ziyod  bog‘cha, ko‘plab mehmonxonalar bunyod etildi, mavjudlari ta’mirlandi. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bo‘lganlar, uzoq yillar    boshpanali bo‘lishni orzu qilib  yurganlarning  uy-joyli bo‘lgandagi quvonchlari   ezgulik yog‘dusi bo‘lib yuraklarni  nurlantirmoqda. 

Yurtimizda amalga oshirilayotgan  qutlug‘ ishlarga  keksa avlod vakillari ham munosib hissa qo‘shib kelayapti. Ular Prezidentimizning nuroniylarga ko‘rsatayotgan  g‘amxo‘rligidan, pensionerlarga ishlash uchun yaratilayotgan sharoitlardan, berilayotgan imkoniyatlardan, eng muhimi, e’tiborlaridan quvonib, shukuronalar aytayapti.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 avgustdagi farmoniga binoan uch nafar yurtdoshimizga, shu jumladan menga ham  “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilib,  “Oltin yulduz“ medali topshirildi. Oliy nishonning mas’uliyati nechog‘lik kattaligini  yurakdan his etib turibman...

Oliy Majlis  Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovlar ham har qachongidan o‘zgacha, yuksak saviyada o‘tdi.

Mening o‘zim 1956  yildan buyon saylovlarda ishtirok etib kelaman. Bu borada 63 yillik tajribaga ega bo‘lsam-da, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatligiga saylangan xalq vakili sifatida uning endilikdagi  yuki yanada og‘ir, ishonchni oqlash uchun tinimsiz ishlash zarur bo‘ladi.       

Yurtdoshlarimiz tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib borayapti. Odamlarda talab va istak tuyg‘ulari uyg‘ondi. Mehrning Vatani yurak. Yurakda  yaralgan ezgulik oftobi umr yo‘llarimizni yoritib tursin. Vatandoshlarimiz yangi 2020 yildan  yanada ulkan o‘zgarishlar,  islohotlarni  kutmoqda. Prezidentimiz boshchiligida Vatan istiqboli yo‘lida boshlangan ishlar bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamaydi, yangi yilda mehnatlarimiz mevalari yanada  mo‘lroq hosil beradi.  Mard va jasur xalqimizga Yangi yil muborak bo‘lsin!

 

 

Dilbar MAMAJONOVA, 112-Vodil okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— 2019 yil ham o‘zining unutilmas damlari, yaxshi xotiralari bilan umrim daftariga bitildi. Kechagina yangi reja va maqsadlar bilan boshlangan yil bugun tarixga aylandi. O‘tgan yildagi ishlarimni sarhisob qilar ekanman, ulgurganlarim bajarishim kerak bo‘lganlarning oldida daryodan tomchidek gap. Zotan, har bir yashagan kunimiz bizga saboq — xatolarimiz va kamchiliklarimizni ko‘rsatuvchi, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini ko‘rsatuvchi oyna...

2019 yilda oilamiz safi yana bir kishiga kengaydi. O‘g‘limni uylantirdim. Kelinim yana bir qizimdek oilamiz bag‘rini to‘ldirdi. Ona uchun bolasining kamolini, baxtini ko‘rishdan ortiqroq sharaf ham, baxt ham bo‘lmasa kerak. Yoshlarning shirin turmushi bardavom, oilasi mustahkam bo‘lishi uchun ularga bosh-qosh bo‘lish, orzu-umidlari haqida bilish insonni yanada kelajakka undaydi.

Mana shunday ajoyib boshlangan yil ulkan bir yangilik bilan yakuniga yetdi. Mubolag‘aga yo‘ymang, lekin chindan ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lishimni kutmagandim. Tan olaman, parlament a’zolariga havasim va hurmatim baland edi. Biroq ularning izidan borib, mana shunday maqomga erishish chinakam baxt va albatta yuksak ishonch hamda mas’uliyat ekanini his qildim.

Joriy yildagi rejalarga kelsak, avvalambor, saylovoldi uchrashuvlarda saylovchilarim tomonidan bildirilgan takliflar, ko‘tarilgan muammolarni birma-bir o‘rganib chiqmoqchiman. Tumandagi, qishloqlardagi katta-kichik ijtimoiy masalalarni o‘zim uchun dastur sifatida belgilab olgandim. Xususan, ish haqi va pensiyalarni hisoblashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha holatni o‘rganib, muammoga yechim topmoqchiman. Ya’ni, kolxoz va sovxozlar paytida ishlagan ko‘plab hamyurtlarimiz bugungi kunda arzimagan summa bilan nafaqaga chiqmoqda. Ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan ushbu holatning yechimini topishni burchim va vazifam, deb bilaman. Yillar davomida dalada eti qotgan otaxon va onaxonlarning huquqlari uchun kurashish — men uchun sharaf.

 
www.uzbekistonovozi.uz
← Roʻyxatga qaytish