Har bir inson o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egadir
Har bir inson o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egadir

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi madaniyat saroyi amfiteatrida yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirish va referendumda faol ishtirok etishga chorlovga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

“Mening Konstitutsiyam” shiori ostida tashkil etilgan siyosiy-ma’rifiy tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari ishtirok etdi.

Bu o‘lka nafaqat boy tarixi, balki boy tog‘ oldi tabiati bilan ham o‘ziga jalb etib keladi. Hududda har mavsumga mos kurort zonalari barpo etilib, rivojlantirib borilmoqda. Tabiiyki, bu aholining ish bilan ta’minlanishi, farovonligi oshishiga ham xizmat qilmoqda.

Ilmga, yangilikka chanqoq yoshlar va faol xotin-qizlar, turli sohalar mutaxassislarini bir yerga jamlagan tadbir chin ma’noda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishi, aholining ijtimoiy ta’minoti bilan bog‘liq barcha masalalarni qamrab olgani, davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatlari ortayotgani bilan ahamiyatli ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat deya belgilab qo‘yilayotgani mamlakatimiz chinakam xalqparvar davlatchilik sari ildamlayotganining amaldagi isbotidir.

Davlat kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha qator yangi majburiyatlarni olishi belgilanmoqda. Yosh yovlodga bilim berishdek mas’uliyatli va mashaqqatli kasb egalari o‘qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmati davlat himoyasiga olinyapti.

15-16-moddalar bilan Konstitutsiya va qonunning ustunligi mustahkamlanayotgan bo‘lib, ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsip va normalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.

31-moddada har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga egaligi, 41-moddada har kim mulkdor bo‘lishga haqliligi belgilab qo‘yilmoqda. Bu yurtimizda barcha teng huquqqa ega ekanligi, inson sha’ni va qadri yuksalib borayotganining mustahkam asosidir.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaga kiritilayotgan barcha yangi normalar haqida batafsil tushunchalar berildi. So‘zga chiqqan mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham Konstitutsiyamizdagi yangi me’yor va qoidalar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.

Tadbirda yoshlar ham so‘z olib, tengqurlarini o‘z kelajagiga befarq bo‘lmaslik, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish