O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va aholini referendumda faol ishtirok etishga undaydigan siyosiy ma’rifat tadbirlarini davom ettirmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Toshkent shahar, M. Ulug‘bek tumanidagi Markaziy bog‘da bo‘lib o‘tdi. Tadbirda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrining qiyofasi, insonlarning turmush tarzi, fikrlashi tubdan o‘zgardi. Yurtimizda olib borilayotgan mislsiz islohotlar natijasida ulkan bunyodkorlik ishlari yuqori pallaga chiqdi. Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, qurilishlarni shahar tashqarisida amalga oshirish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash, Toshkentning me’moriy qiyofasini saqlab qolish masalalari diqqat e’tiborda.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan siyosiy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov so‘zga chiqib, Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz jamiyatimizda yangicha, ilg‘or siyosiy ma’rifatning yuzaga kelishiga xizmat qilishi, Konstitutsiya matnidagi normalarning yarmidan ko‘pi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgani, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani inson qadrini yuksaltirishning poydevori mustahkamlanayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslanganligi tufayli Xalq Konstitutsiyasi deb bemalol aytishimiz mumkin. Jumladan, 20-moddada O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqligi, insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizligi hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
50-, 51-, 52-moddalar fuqarolarning ta’lim olishi bilan bog‘liq bo‘lib, Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim hamda Oliy ta’lim bo‘yicha ko‘plab majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmoqda. O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘qituvchining sha’ni, qadr-qimmati Bosh Qomus darajasida himoyalanib, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik belgilanmoqda.
Shuningdek, 57-moddaga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir. 115-moddada esa Vazirlar Mahkamasi aholini, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashi zarurligi belgilangan.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda Konstitutsiyaga kiritilayotgan barcha yangi normalar haqida batafsil tushunchalar berildi. So‘zga chiqqan mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar ham Konstitutsiyamizdagi yangi me’yor va qoidalar xalqimizga manzur bo‘layotgani, mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.
Tadbirda shijoatli, faol yoshlar ham so‘z olib, tengqurlarini o‘z kelajagiga befarq bo‘lmaslik, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.