Xayrli yangilanishlar
Xayrli yangilanishlar

 

Dushanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalarida navbatdagi yalpi majlisning kun tartibiga kiritilishi kerak bo‘lgan qonun loyihalari va masalalar ko‘rib chiqildi.

Parlament hayoti juda qiziq, u yerdagi jarayonlar ham buni isbotlaydi. Qaysidir qonun ijodkorlari o‘z loyihasini qattiq turib himoya qilsa, yana ba’zilari aksini so‘rab qoladi. Deputatlar ham qiziq bo‘ladi, ba’zi qonun loyihalarini kamchiliklariga qaramasdan, ko‘p mehnat talab qilsa ham, birinchi o‘qishda konseptual qo‘llab-quvvatlashadi.

Qo‘shimcha qilib “kamchiliklari ko‘p, lekin birgalikda tayyorlaymiz, buni xalqimiz kutib turibdi”, deyishadi. Bu voqealarga guvoh bo‘lgan odamning “deputatlar xalqni tushunmaydi”, degan uzun quloq gaplarga ishonishi qiyin.

Kun tartibida muhokama etilgan masalalar orasida eng dolzarblaridan biri “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasidir.

Loyiha Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rilganda, dunyoning eng rivojlangan davlatlarida hamma uchun ham faxr, ham g‘urur bo‘lgan kasb bu pedagoglik ekani, pedagoglarning maqomini oshirish bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘la huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmayotgani qayd etildi.

Sir emaski, yurtimizda pedagogning maqomi yuqoriligi bilan maqtana olmaymiz. Oxirgi paytlarda o‘qituvchisini kaltaklayotgan o‘quvchi va ota-onalar haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinib turibdi. Bunday xunuk holatlar mas’ullarni ham tashvishga solishi ham turgan gap.

Shu sababli mamlakatimizda pedagogni qonun bilan himoya qilish, kasbning ahamiyati va nufuzini oshirish, ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish maqsadida yangi qonun ishlab chiqilmoqda.

Qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

— pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;

— davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi;

— pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi;

— ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquqlari, sha’ni, qadr- qimmati davlat himoyasi ostida bo‘lishini kafolatlash maqsadida mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;

— ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til berish kabi bir-biridan muhim bo‘lgan me’yorlar nazarda tutilmoqda.

Bu yerda biz loyihada nazarda tutilgan ba’zi joylarini keltirib o‘tdik. Aslida loyihaning to‘liq qismida ancha keng va pedagoglarning faoliyatini mustahkamlovchi yana ko‘plab o‘rinli takliflar ilgari surilmoqda.

Shu bilan birga, xalq vakillari ham muhokamalarda o‘zlarining bir nechta takliflarini ilgari surishdi.

 

Shohista Turg‘unova,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– O‘qituvchining ish formasini belgilash tartibini o‘sha ta’lim tashkilotining o‘zi belgilashi kerak, shunda kiyinish odobi bo‘yicha muammo chiqmaydi. Ya’ni, ta’lim tashkiloti rahbari o‘zi ishga olayotgan xodimga mehnat shartnomasini imzolatayotganda shu bandini ham qo‘shadi va ikkala taraf ham bundan xabardor bo‘ladi.

Biz hozir maktab direktorini mahalliy Kengash saylaydigan qilib qo‘yganmiz, lekin ta’lim sifatiga boshqa tashkilot javob beradi. Bu degani direktorning xatosi uchun, direktorni saylamagan yoki tayinlamagan tashkilotni javobgar qilamiz.

Balki buni ham muvofiqlashtirishimiz kerakdir, degan takliflar bildirildi.

Fikr-mulohaza va savol-javoblardan keyin qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Kun tartibiga qo‘yilgan yana bir masala bo‘ldiki, deputatlar uni bir ovozdan ma’qul topishdi. Bu “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Keyingi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda u yerda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish maqsad qilingan.

Mazkur qonun loyihasi ham tom ma’noda ezgu maqsadga yo‘naltirilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari bilan to‘laydi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislarini (o‘qituvchilari) 2022 yil 1 oktabrdan 2027 yil 1 oktabrga qadar bo‘lgan davrda konsullik yig‘imini to‘lashdan ozod qilish kabi bir qator imtiyozlar nazarda tutilgan.

Nazarda tutilgan bandlardan ham ko‘rinib turibdiki, maqsad Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish, u yerdagi ta’lim tizimini rivojlantirish orqali aholi farovonligini ta’minlashdir.

Yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bir guruh a’zolari tomonidan qonun tashabbuskorligi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama etildi. Ushbu loyiha 4 ta moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 208-moddasiga qo‘shimcha ravishda, o‘z saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadigan kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilashga qaratilgan o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur loyiha hammaga yoqib tushdi va buni yashirib ham o‘tirishmadi. Rosti, shaxsan o‘zimga ham yoqdi. Balki, ishyoqmasdirman. Nima bo‘lganda ham dam olish kunlarimiz yana bir kunga ko‘payishi barchani quvontirsa kerak.

Shunday qilib, 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni ham dam olish kuni sifatida belgilanishi mumkin.

Hafta boshida fraksiyalarda boshlangan siyosiy faollik kecha, seshanba kuni yalpi majlisda ham davom etdi.

Barcha qonun hujjatlarini yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda ta’kidlanganidek, loyiha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining maqomini hamda saylov tizimini takomillashtirishga, saylov ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, shu jumladan, mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘yicha saylov qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Xususan, loyiha bilan har yillik mahalliy budjetlarda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari belgilanmoqda.

Deputatlar tomonidan qonunchilikka taklif etilayotgan ushbu o‘zgarishlar mamlakatimizda vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilishi, fuqarolarning o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini har tomonlama amalga oshirishlari uchun shart-sharoit yaratishi ta’kidlandi.

Loyihada taklif etilayotgan yana bir muhim yangilik bu – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasidan kelib chiqib, qonunchilikka muomalaga layoqatsiz shaxslar, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda.

Loyiha bilan fuqarolarning saylov va referendumda ishtirok etishga oid huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy kafolatlar yanada kuchaytirilayotganini ham ta’kidlash kerak.

Yig‘ilishda loyiha fuqarolar yig‘inlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. Xususan, mazkur loyihada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolar yig‘ini raisining maqomiga oid ayrim qonun hujjatlarining normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiqlashtirilmoqda.

Yangi qabul qilingan Konstitutsiyaning 16-moddasida belgilanganidek, birorta qonun Konstitutsiyaning norma va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emas. Ushbu tamoyilni anglagan holda, izchillik bilan amaldagi qonun hujjatlarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish haqida yakdil fikr bildirildi.

Xulosa qilib aytganda, muhim siyosiy jarayondan keyingi birinchi yalpi yig‘ilish ham, fraksiya yig‘ilishlari ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Deputatlar ham xuddi ikkinchi nafasi ochilganday, katta o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shgandek ruhiyatda edi. Asosiysi, yangilangan Konstitutsiya bilan davlatchilik rivoji yo‘lida yana bir katta va muhim qadam tashlandi. Xalqimizga xayrli bo‘lsin!

 

Ahmad Qurbonov,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish