So‘z shifokorlar haqda ketar ekan, ko‘z oldimizda bemor dardiga malham bo‘lish uchun parvona bo‘ladigan oq xalat sohibalari namoyon bo‘ladi. Tibbiyot maskanlarida shifokorlarning “o‘ng qo‘li” bo‘lgan hamshiralarning o‘z o‘rni bor. Insonning dardiga malham bo‘lishga intiladigan hamshiralar belgilangan tashxis asosida muolajalarni o‘z vaqtida olib borishi bilan joningizga oro kirishadi.
Urganch shahridagi 2-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Gulnora Ibragimovani qo‘li yengil hamshira sifatida ko‘pchilik yaxshi taniydi. Gulnoraning hamshiralikka bo‘lgan havasi 5-6 yoshlik qizaloq paytidan boshlangan bo‘lsa ajabmas. 1967 yilda Urganch shahrida tavallud topgan Gulnora Ibragimova yoshlik chog‘larini eslar ekan, bolalikdagi o‘yinlar hayotdagi taqdirini belgilab berganiga chin dildan ishonadi.
— O‘sha paytlarda qo‘g‘irchog‘imni oyoq-qo‘llarini siypalab,barmog‘imni bigiz qilgancha o‘zimcha”ukol” qilishni, qo‘g‘irchog‘im “shamollab” qolmasin, deya onamning ro‘moliga o‘rab qo‘yib, uxlatishni xush ko‘rardim. Ota-onam menga hamisha “Do‘xtir” qizim meni, deya erkalashardi , — deydi G.Ibragimova bolaligini eslarkan.
Yillar o‘tib Gulnoraning o‘sha olis bolalik chog‘laridagi havasi ro‘yobga chiqdi. O‘rta maktabni a’lo baholarga bitirgach 1984 yilda Xiva tibbiyot bilim yurtiga hujjatlarini topshirib, talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. O‘qish davomida hamshiralik kasbining sir-asrorlarini o‘rganar ekan, eng avvalo qalbida insonga bo‘lgan mehr tuyg‘usi asosiy o‘rin egallashini angladi. Chunki dard chekkan insonning ko‘ngliga yo‘l topish, unga iliq munosabatda bo‘lish, ishonch uyg‘otish har qanday muolajaning debochasi ekanligini amaliyot davomida ko‘p bora anglab yetdi. Ish jarayonida ana shu tamoyilni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ydi va shunga amal qilib kelmoqda.
Ish faoliyatini 1986 yildan boshlagan Gulnora Ibragimova ko‘plab tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritdi. Hozirga kunda G.Ibragimova Urganch shahridagi 2-sonli oilaviy poliklinikada katta hamshira vazifasida ishlamoqda. Endilikda u ko‘plab yosh hamshiralarning mehribon ustozidir. O‘zining qimmatli pand-nasihatlarini yoshlardan ayamaydi.
“Umr oqar daryo, deganlaridek, 37 yildirki Gulnora o‘zi sevib tanlagan kasbidan baxt topib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega mutaxassis sifatida ish olib bormoqda. Ijtimoiy hayotda ham G.Ibragimova hamisha faol bo‘lishga intilib kelmoqda. U O‘zbekiston xalq demokratik partiyasining faol a’zolaridan biridir. Partiya faoli sifatida ko‘plab tadbirlarda partiyaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini aholiga yetkazishga harakat qilyapti. “Hamshiralar kuni” munosabati bilan mehridaryo ayol Gulnora Ibragimovani chin dildan qutlaymiz. Kishilar dardiga malham bo‘layotgan qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin!
Mehribon Ismoilova,
O‘zbekiston XDP Xorazm viloyat kengashi “Xotin-qizlar bilan ishlash” sektori mudiri.