Bittadan tumanda kambag‘allikdan chiqarish dasturi amalga oshiriladi
Bittadan tumanda kambag‘allikdan chiqarish dasturi amalga oshiriladi

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, odamlarni yaxshi daromad manbai bilan ta’minlashga qaratilgan ulkan ishlar qilindi.

2020 yildan O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Mamlakatimizda kambag‘al qatlam mavjudligining tan olinishi sohaga doir siyosatning dastlabki burilish nuqtasi bo‘ldi.

Ilgari bizda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlarining kambag‘allikni qisqartirishga doir hujjatlari (Poverty Reduction Strategy Paper) aholi turmushini yaxshilash qilib biroz o‘zgartirilgan holda berilardi. Ya’ni kambag‘allik atamasiga urg‘u berilmagan.

Bundan uch yil avval bu masalada yondashuv o‘zgardi. O‘sha paytda mamlakatda kambag‘allar soni aholining 12-15 foizni tashkil etishi ochiq-oshkora aytildi. Turgan gapki, kambag‘allikni qisqartirish masalasi iqtisodiyot rivojiga bog‘liq.

Ammo nazariyadan ham, amaliyotdan ham ma’lumki, birgina iqtisodiy o‘sish asnosida kambag‘allik bilan kurashib bo‘lmaydi. Buning uchun davlat siyosati darajasidagi jiddiy say’-harakatlar asosida muayyan chora-tadbirlar ko‘rishni, avvalo, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy dasturlar qabul qilib, amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu sababli, ma’muriy islohotlar doirasida bu sohalarga mas’ul vazirlik tashkil etilib, barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratildi. Qolaversa, yurtimizda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymati joriy etildi.

Aholi bandligini ta’minlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratilgan holda, shu davrda 300 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 20 mingta korxona faoliyati kengaytirilgani e’tiborga molikdir.

Mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 baravar qisqartirishni hal etish masalasi davlat dasturidan ham o‘rin olgan.

Prezidentimizning kambag‘allikni qisqartirish va bandlik masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi ham bu boradagi ishlarning jadallashishidan dalolat beradi. Zero, unda bir qator yangi tashabbus va g‘oyalar ilgari surildi.

Endilikda davlat salohiyatli tadbirkorlarga zarur mablag‘lar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar bo‘yicha yengilliklar berish orqali yangi ish o‘rni yaratishni rag‘batlantiradi.

Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu jarayonda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu sa’y-harakatlar orqali ko‘plab fuqarolarimiz tayinli ishli, daromadli bo‘ladi. Qora qozoni qaynab, hayotdan mamnun yashaydi.

Ishonchim komilki, yig‘ilishda bildirilgan takliflar kamag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirishda muhim omil bo‘lish bilan birga, odamlarning turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Anvarxon TЕMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish