Bugun O‘zbekiston XDP Namangan viloyati kengashining VII plenumi o‘tkazildi.
Partiya Viloyat, tuman, shahar Kengashlari mas’ul xodimlari, deputatlar va faollari qatnashgan majlisda joriy yilning 9 iyul kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etish, partiyaning XIII qurultoyiga delegatlar saylash masalalari ko‘rib chiqildi.
Har qanday saylov siyosiy partiyalar uchun imkoniyat va katta mas’uliyat dedi Viloyat partiya kengashi raisi Ilhomjon Atabayev, - Saylovda Xalq demokratik partiyasi o‘zining takomillashtirilgan dasturini xalqimiz oldiga olib chiqish, fuqarolarning xohish-istaklarini bilish, faollari va xayrixohlari safini kengaytirish, eng asosiysi, siyosiy platformasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Plenumda Xalq deputatlari Viloyat partiya kengashi deputati Ziyovuddin Mansur va Yangiqo‘rg‘on tuman partiya Kengashi raisi Sohiba Jumanovalar so‘zga chiqib, bu jarayonda ayniqsa quyi bo‘g‘inlar faoliyatini kuchaytirish, saylovchilar o‘rtasidagi targ‘ibot ishlari ko‘lamini kengaytirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Majlisda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII qurultoyiga viloyatdan 7 nafar delegat saylandi.