Kelajagimiz – o‘z qo‘limizda: bu jarayonda Barchamiz faol bo‘lishimiz shart!
Kelajagimiz – o‘z qo‘limizda: bu jarayonda Barchamiz faol bo‘lishimiz shart!

 

Muallim – Ustoz!

Muallim – butun bir avlod va kelajagimiz tarbiyachisi!

Taassubki, sho‘ro tuzumidan meros “an’ana” – o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish mustaqilligimizning o‘tgan chorak asrlik davrida ham tamoyilda bo‘ldi. Qishloq o‘qituvchilari deyarli butun yil davomida – paxta yaganasi, o‘tog‘i va nihoyati terimida oylab dalaga haydaldilar. Shaharlik pedagoglar ham bu jarayondan holi emasdilar – ular ikki va hatto uch oylab davom qiladigan paxta terimiga olib borilardi.

Yana bir yomon odat – dalaga xashardan tashqari ko‘cha bo‘ylarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish kabi ishlarga ham asosan o‘qituvchilar jalb qilinardi. Bu holni ayrim hududlarda yaqinlargacha kuzatdik.

Endi ko‘z oldingizga keltiring:kecha sinfxonada “adolat” haqida gapirgan o‘qituvchi bugun ko‘cha supirayotgan vaqtida yonidan bexos o‘tib ketayotgan o‘quvchilari oldida kim degan odam bo‘lardi?

Muhtaram Prezidentimiz sa’yi harakatlari bilan yurtimizda majburiy mehnatga to‘la barham berildi. Bundan birinchi navbatda ko‘p sonli o‘qituvchilar xursand bo‘lishdi. Kasbim tufayli bularga guvohman!

Yaqindagina umumxalq referendumi orqali qabul qilingan Konstitutsiyamizning yangi loyihasida shu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi qonunan mustahkamlanib, kafolatlanib qo‘yilgani ertangi kunimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlod tarbiyasi uchun mas’ul pedagoglarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi oshishiga hech shubhasiz xizmat qiladi.

Bundan tashqari o‘qituvchi obro‘si oshishida uning mashaqqatli mehnatiga to‘lanadigan haq adolatli bo‘lishi ham kerak. Bu borada ham so‘nggi yillarda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Dunyo tezkor rivojlanmoqda, ko‘z o‘ngimizda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotir. Ayni paytda jahon hamjamiyati tinch va osayishta hayot uchun kurashayotir.

Jahon tamaddunida o‘z o‘rniga ega xalqimiz bugun qo‘lni qo‘lga berib, islohotlarning yangi bosqichida faollik ko‘rsatib, ertamiz bo‘lmish Uchinchi Renessans sari qadam tashlayotir. Bu sermashaqqat va mas’uliyatli yo‘ldir!

Buyuk kelajakni yaratishga ahdu paymon qilgan davlatimiz rahbari va hukumatimiz mas’ullari bu jarayonda xalq bilan hamnafasligi, fuqarolar talab va istaklaridan kelib chiqib, xalqchil qonunlar qabul qilinayotgani, Bosh qomusimizning zamon o‘zgarishlarga baqamti o‘zgartirilgani oldimizdagi sinovlarga mustahkam asos bo‘lishi hech shubhasizdir! Shu bilan birgalikda yangi konstitutsiya talablaridan kelib chiqib, yurtimizda muddatidan oldin prezidentlik saylovi e’lon qilingani, siyosiy partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatgani – muhim siyosiy jarayonga kirishilgani hammamiz uchun yana bir hayot imtihoni vazifasini bajarmoqda. Nafaqat buguni, balki kelajagini o‘ylagan, farzandlarimizning rivojlangan davlatlardagi tengqurlari kabi erkin va ozod insonlar bo‘lishlari, tinch, farovon yashashlarini istagan har bir fuqaro saylovda faol ishtirok etmog‘i, o‘z ovozini kelajagimiz uchun bermog‘i shart, deb bilaman!

Bu jarayonga befarqlik – bo‘lg‘usi avlodlar taqdiriga befarqlikdir!

 

Ozoda KULIMOVA,

Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi metodisti,

O‘zXDP a’zosi.

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish