O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri lavozimiga qayta saylangan Nurdinjon Ismoilovga omad va muvaffaqiyat tiladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.
“Nurdinjon Ismoilovda tajriba bor, nima qilish kerakligini ham biladi”, — dedi Prezident. Davlat rahbarining fikricha, endi shu tajribani mukammal qonunlar qabul qilishga, har bir qonunni qabul qilishdan avval xalqdan takliflar olishga, joyiga borib muhokama qilishga yo‘naltirilsa, “bu faqat foyda bo‘ladi”.
“Sizlardan bir narsani iltimos qilmoqchiman — har kuni izlanishda bo‘lishingiz kerak. Izlanish, izlanish, izlanish! Sizlar juda katta mas’uliyatli davrda deputat bo‘lib saylandingiz. Agar shuni his etmasangiz, ertaga kech bo‘ladi. His eta olmasangiz, kechirasizu, umringiz bekorga o‘tadi, tarixda iz qoldirmaysiz. Tarixda munosib iz qoldirish uchun sizga mana shunday imkoniyat yaratilyapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Mana shularni inobatga olib, spikerimizga juda katta omad tilayman. O‘zgarish qilish kerak, izlanish qilish kerak — bizda parlamentimizni mutlaqo boshqacha qilish uchun hamma imkoniyat bor. Mana, Qonunchilik palatasiga 70 foiz yoshlar keldi, mutaxassislar keldi. Xalqimiz munosib nomzodlarga ovoz berdi — sizlar eng munosibdan-da munosibsiz. Mana shunday munosib bo‘lish uchun har kuni izlanish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.