Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti
Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov dasturidagi ustuvor maqsad

 

Huquqlar va imkoniyatlar tengligiga erishish har bir jamiyatning asosiy maqsadidir. Mazkur ijtimoiy mezon tarixiy an’analar, odatlar va qadriyatlar zamirida vujudga kelgan tamoyillar majmuasiga asoslangan holda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, qonunda belgilangan tartibda huquqlarni amalga oshirish va shu yo‘l orqali jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lganlik hissini yanada orttiradi. Ushbu mezonlar ustuvor bo‘lgan har qanday davlat va jamiyat hamma davrda ham barqaror rivojlangan. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning dasturidagi asosiy g‘oya va tashabbuslar mana shu tamoyilga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

 

Barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik

Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish jamiyatda barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashning muhim omillaridan biri. Chunki faol bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida aholining ehtiyojmand qatlami huquq va manfaatlari hisobga olinishi iqtisodiyotning umumiy barqarorligini kafolatlaydi.

Nomzod dasturining 5-yo‘nalishi “Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti — barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi”, deb nomlangani bejiz emas.

Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdori bo‘lgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod ham iqtisodiy rivojlanishning ijtimoiylikka yo‘naltirilgan modelini barqaror taraqqiyot va xalq farovonligining asosi, deb biladi. Zero, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari negizida aynan shu tamoyil mujassamdir.

Biz jamiyat va davlatning asosiy maqsadi qatorida tengsizlik va kambag‘allikni bartaraf etish, ushbu holatlarning oldini olish hamda bu borada kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ishlab chiqishni ko‘ramiz.

Bu borada olib borilgan tadqiqotlar natijasi hamda olingan xulosalarga ko‘ra, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shunday tizim-ki, u bir tomondan, erkin bozorning o‘zini o‘zi tartibga solish tamoyillariga asoslansa, ikkinchi tomondan, xususiy tadbirkorlik va nodavlat sektorning ijtimoiy barqarorlikka xizmat qilishini ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyotining bu shaklida yalpi ichki mahsulot va milliy daromadni qayta taqsimlashda davlat muhim rol o‘ynaydi.

Dunyo davlatlari tajribasiga nazar solsak, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yuritishda yetakchilardan sanalgan Skandinaviya davlatlari, Niderlandiya, Germaniya kabi mamlakatlarda ijtimoiy tenglikka asoslangan munosabatlarga iqtisodiy samaradorlikka erishishning muhim omili sifatida qaraladi.

 

Davlatning ijtimoiy mas’uliyati

Mavjud an’anaviy iqtisodiy munosabatlarda biznesning ijtimoiy mas’uliyati belgilanib, aholining ijtimoiy himoyasi bilan amalga oshiriladi. 2020 yildagi global pandemiya, uning ortidan geosiyosiy maydondagi ziddiyatlar tufayli paydo bo‘lgan inqiroz sharoitida juda ko‘plab davlatlar uchun sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilish eng ustuvor yo‘nalishlarga aylandi. Bu o‘z-o‘zidan inson omili bilan bog‘liq holatlar inobatga olingan holda erkin bozor iqtisodiyotiga xos jarayonlarni qaysidir darajada jilovlab, tengsizlikni, kambag‘allik xavfini yumshatish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

Bu borada xalqaro tashkilotlarning ba’zi ma’lumotlariga e’tibor qaratish kifoya. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining “2020–2022 yillarda dunyoda ijtimoiy himoya. Ijtimoiy himoya burilish nuqtasida — yorqin kelajak sari” deb nomlangan hisobotida keltirilishicha, Yer yuzidagi insonlarning 47 foizi ijtimoiy himoyaning kamida bitta turidan foydalanadi, 53 foizi (4,1 milliard kishi) esa o‘zlarining milliy ijtimoiy himoya tizimlarida daromad kafolatiga ega emasligi qayd etilgan.

Bugun dunyo davlatlari ijtimoiy siyosatda burilish pallasida ekaniga ishora qilingan ushbu hisobotda ijtimoiy himoya sohasida jiddiy mintaqaviy tafovutlar borligi aytiladi. Ahamiyatlisi, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolar ijtimoiy himoya bilan eng ko‘p qamrab olingan bo‘lib, uning kamida bitta turidan aholining 84 foizi foydalanmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan tashabbuslardan biri “Iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligi — muhim” ekanligidadir.

Nomzod dasturida bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishi uchun yetarli iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, raqobatni himoya qilish barobarida inflatsiya va ishsizlikni kamaytirish davlatning muhim vazifasi bo‘lishi kerakligi ilgari surilmoqda.

Dasturda iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash uchun 11 banddan iborat ustuvor vazifalar keltirilgan. Xususan, nomzod iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtiroki saqlab qolinishi kerakligiga e’tibor beradi. Chunki jamiyatimizda bozor munosabatlarini tartibga solish va ijtimoiy tenglikni ta’minlash jarayoni davlat ishtirokisiz bo‘lmasligi kunday ravshan.

Mamlakatimizda xususiylashtirishning huquqiy asoslarini va davlat mulkining qiymatini aniqlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun mahalliy investorlarga ham xorijiy investorlarga berilganidan kam bo‘lmagan imtiyozlarni belgilash vazifalari esa bugungi kunda iqtisodiy islohotlarda kuzatilayotgan ayrim bo‘shliqlarni bartaraf etishni ko‘zda tutadi.

 

Ijtimoiy tenglik g‘oyasi

Nomzod dasturidagi tashabbuslarning zamirida ijtimoiy tenglik g‘oyasi yotadi. Deylik, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, bunda miqdori qonun bilan belgilangandan yuqori uy-joy, avtotransport yoki boshqa mol-mulk mulkdorlaridan ushbu soliqning undirilishini nazarda tutish masalasi mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra bugungi kunda dolzarbdir. Agar soliqlar ijtimoiy himoya maqsadlariga xizmat qilishini nazarda tutsak, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq to‘lash ham insoniylik, ham an’anaviy qarashlarimizga, qadriyatlarimizga mos hamda muvofiqligini anglaymiz. Mazkur tajriba bugungi kunda dunyoning qator davlatlarida samarali natijalarni ko‘rsatmoqda.

Hozirda hayotimizni Internet va ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qila olmaymiz. Axborot olish va axborot yetkazish, muloqot qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarimizni aynan ular bilan bog‘laymiz. Shu bilan birga, bugun Internet va ijtimoiy tarmoqlar tijoriy faoliyat hamda reklama maydoniga ham aylanib bormoqda. Qo‘limizdagi mitti qurilma orqali global tarmoqqa ulansak, go‘yoki onlayn do‘konlar-u onlayn xizmat ko‘rsatish turlari kun emas, soat sayin ko‘payib borayotgandek tuyuladi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tijoriy faoliyat bilan, reklama bilan shug‘ullanib, o‘rtacha oylik nominal ish haqidan yuqori foyda ko‘rayotganlardan barcha soha ishchi-xodimlari qatorida daromad solig‘ini undirish masalasida aniq mexanizmlar joriy etish ham muhimdir.

 

Kuchli ijtimoiy siyosat uchun kuchli budjet

Dasturda mamlakatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, kafolatlangan budjetga bevosita bog‘liqligini inobatga olib, undiriladigan barcha to‘lovlarni (jarima, davlat boji, yig‘im, boshqa majburiy undiruvlar) Davlat budjetiga yo‘naltirish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.

O‘z navbatida, tabiiy savol tug‘ilishi mumkin, ya’ni nomzodning Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan ushbu g‘oya jamiyat va davlatga qanchalar muhim?

Ma’lumki, mamlakatda ijtimoiy masalalarni samarali hal qilish butun dunyoda asosan Davlat budjeti daromadlari bilan bog‘liq. Shuning uchun mamlakatimizda budjet tushumlarini oshirish masalasi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Hozirda jarima, davlat boji, yig‘im, boshqa majburiy undiruvlarning ma’lum qismi Davlat budjetiga emas, turli vazirlik va idoralarning jamg‘armalari hisobiga tushmoqda. Bu holat o‘z-o‘zidan budjet daromadlari yanada oshib borishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Prezidentlikka nomzod o‘z Saylovoldi dasturi orqali ayni vaqtda budjetdan tashqari jamg‘armalardagi mablag‘larning qanchalik ijtimoiy samarali ishlatilayotgani ustidan doimiy parlament nazoratini o‘rnatish imkoniyati ham yetarli emas, deb hisoblaydi.

Shu sababli, nomzod dasturidagi undiriladigan barcha to‘lovlarni (jarima, davlat boji, yig‘im, boshqa majburiy undiruvlar) Davlat budjetiga yo‘naltirish tartibini joriy etish taklifi juda muhimdir.

Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatmoqda-ki, aholining ehtiyojmand qismi muammolari yechimi, asosan, ular bandligini ta’minlash orqali amalga oshiriladi.

 

Bandlik va ijtimoiy himoya

Barcha davlatlarda ishsizlik va uni bartaraf etish masalasi o‘ta dolzarb hisoblanadi. Ishsizlik darajasini kamaytirish va fuqarolar bandligini ta’minlash kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini, turmush sifatini va to‘lov qobiliyatini oshirishning bosh omili hisoblanadi.

Shu bois, barcha davlat va jamiyatlarda ishsizlikdan himoya qilish tizimining qanday yo‘lga qo‘yilgani, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning qay darajada tizimli va izchil amalga oshirilayotgani fuqarolarni qiziqtiradigan eng muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalaridan biri aholini ijtimoiy himoya qilishdir. Ishsizlar ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanadi. Shu sababli, nomzodimiz dasturida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.

Aholi bandligini ta’minlash va kasbiy tayyorgarligini oshirishga zamin yaratadigan huquqiy asoslarni mustahkamlash muhimdir. Masalan, yangilangan Konstitutsiyamizning 43-moddasida davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda ham mehnat munosabatlari, xodimlarning huquqlari va ularning kafolatlari batafsil tartibga solingan.

Mana shu huquqiy asoslarga tayangan holda, nomzod dasturida mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish, fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorlanishini tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan, deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish takliflari ilgari surilmoqda.

Bu masalalar Xalq demokratik partiyasining doimiy elektorati manfaatlarini himoya qilishda, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlashda dolzarb ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan, deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatining kengaytirilishi tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochadi, fuqarolar bandligini ta’minlash hamda yangidan-yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tashkil etish uchun sharoit yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tashabbuslar tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolar tashabbuslarini rag‘batlantirish orqali ularning bandligini ta’minlashga, o‘zini namoyon etishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, nomzodning dasturida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va innovatsion ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy va soliq imtiyozlarini qo‘llash bo‘yicha takliflar ham ilgari surilmoqda.

 

Davlat – asosiy tartibga soluvchi

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga ko‘ra, fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

Nomzod o‘zining Saylovoldi dasturidagi davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini kuchaytirish g‘oyasi konstitutsiyaviy qoidalar asosida ishlab chiqilganini e’tirof etish lozim.

Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchanlik roli bugungi kunda muhim. Biroq, erkin bozor munosabatlari tarafdorlari investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berish, valuta va narx siyosatini yanada erkinlashtirish, xususiylashtirish va iqtisodiyotda davlatning rolini qisqartirish afzalliklarini nazariy-amaliy jihatdan asoslashga kirishadi. Xuddiki, davlatning bozor munosabatlariga aralashuvi ayrim hollarda qonundan og‘ish, monopoliya va korrupsiyaga yo‘l ochish kabi illatlarni yuzaga keltirishini iddao qiladi.

Xalq demokratik partiyasi esa bundan farqli ravishda iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari har doim ham jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaydi. Chunki erkin bozor qonunlari kezi kelganda insonparvarlik tamoyillaridan chetga chiqib, ijtimoiy tafovutlar hamda tengsizlikning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa, ijtimoiy barqarorlik sari intilgan jamiyat uchun xos emas. Qolaversa, samarali boshqaruvga ega davlatning asosiy tartibga soluvchanlik roli bozor munosabatlarini rag‘batlantirib, ijtimoiy-iqtisodiy samara keltiradi.

Nomzod dasturida davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchanlik rolini kuchaytirish uchun bir qator izchil tashabbuslar o‘rin olgan. Hududlarning barqaror rivojlanishi uchun davlat daromadlarini teng va adolatli taqsimlash, umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash, davlat ulushi bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalari kuzatuv kengashlari tarkibiga jamoatchilik vakillarini kiritish orqali ular ishidagi shaffoflikni oshirish kabi muhim takliflar shular jumlasidandir.

Ayniqsa, nomzodning Saylovoldi dasturida belgilanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish choralarini qonuniy jihatdan mustahkamlashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri ekanini nazarda tutgan holda, nomzod ishni quyidan boshlashni taklif etadi. Ya’ni, mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish lozimligi, mazkur dasturlar hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiq bo‘lishi kerakligi qayd etiladi.

Bundan tashqari, sanoat sohasi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshirish, bu borada yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi nazarda tutiladi.

Sir emaski, bugun har bir davlat uchun oziq-ovqat xavfsizligi hayot-mamot masalasiga aylandi. Bundan tashqari, yer yuzida ro‘y berayotgan global iqlim o‘zgarishlari, shiddat bilan qamrovi ortib borayotgan qurg‘oqchilik, tabiiy ofatlar oqibatida qishloq xo‘jalik ekinlari hamda uning hosildorligiga putur yetmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 20 dan ziyod davlat o‘z xalqini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlay olmaydi. Ya’ni, dunyoning 815 millionga yaqin aholisi ochlikda kun kechirmoqda.

Iqtisodiyotimizning asosiy tayanchi bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi orqali iqtisodiyotimizga zarur bo‘lgan xom ashyolar yetishtirish, ularning importi va eksportini ta’minlash muhim. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 25,1 foiz qismi aynan qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu holatni hisobga olsak, nomzod Saylovoldi dasturida mazkur tarmoq istiqboliga kengroq to‘xtalib o‘tgani bejiz emasligini ko‘ramiz.

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori natija beruvchi xo‘jalik yuritish shakllarini joriy qilish, shu asosda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va samarali tizimini yaratish, sohaga doir ilmiy-amaliy tadqiqotlar hamda texnologiyalar uchun sarmoya kiritish salmog‘ini oshirish, ishlab chiqaruvchilar hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish ichki bozorda taqchillik va narx-navo o‘sib ketishining oldini olish imkonini beradi.

O‘z navbatida, nomzodning Saylovoldi dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash tarmoqlarida muqim, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratishda, yurtimiz aholisining salmoqli qismi yashaydigan qishloq joylarda ishsizlik muammosini bartaraf etishda qo‘l keladi.

 

Jamoatchilik nazorati — ijtimoiy samaradorlik kafolati

Nomzodning Saylovoldi dasturida belgilangan asossiz xarajatlarga yo‘l qo‘ymaydigan, “Davlat budjeti — xalq mablag‘i” tamoyili asosida uning sarf-xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi haqida ilgari surgan g‘oyasi ham muhim ahamiyatga ega.

Dasturda iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni tatbiq etish masalalari bo‘yicha barcha jabhada ijtimoiy muloqot va jamoatchilik nazorati mexanizmini joriy qilish, aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish zarurligi aniq va ravshan keltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Saylovoldi dasturida milliy iqtisodiyotimiz rivojining hozirgi bosqichida aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish va mamlakatimizni o‘rtacha daromadi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritish, yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atini oshirish kabilar ham dolzarb vazifa sifatida belgilangan.

Bu muhim maqsadni iqtisodiy islohotlarda fuqarolarning, jumladan, yoshlar, ayollar va nogironligi bor shaxslarning ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida ro‘yobga chiqarish mumkinligi ilgari surilmoqda.

Mamlakatimiz taqdiri va kelajagimiz uchun muhim sanalgan siyosiy jarayon — Prezident sayloviga bir oydan kam fursat qoldi. Saylov kampaniyasi avj nuqtada davom etayotgan ayni chog‘da Xalq demokratik partiyasi o‘z nomzodi dasturini keng targ‘ib etish, tushuntirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Barcha saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz!

 

To‘lqin TO‘RAXONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari.

«O‘zbekiston ovozi», 21.06.2022, №23

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish