Prezidentlikka nomzod qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar, jamoat tashkilotlari a’zolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi, ishonchli vakil Xalilla Eshimbetov olib bordi. Saylovchilarga nomzodning tarjimai holi o‘qib berilganidan so‘ng, nomzod so‘zga chiqib dasturidagi asosiy yo‘nalishlari, undagi g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushuntirib berdi.

Xususan, nomzodning Saylovoldi dasturida bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishi uchun yetarli iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, raqobatni himoya qilish barobarida inflatsiya va ishsizlikni kamaytirish davlatning muhim vazifasi bo‘lishi kerakligi ilgari surilmoqda.

Dasturda iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlash uchun qator takliflar keltirilgan. Xususan, nomzod iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtiroki saqlab qolinishi kerakligiga e’tibor beradi. Chunki jamiyatimizda bozor munosabatlarini tartibga solish va ijtimoiy tenglikni ta’minlash jarayoni davlat ishtirokisiz bo‘lmasligi kunday ravshan.

Shuningdek, dasturdagi davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini kuchaytirish g‘oyasi konstitutsiyaviy qoidalar asosida ishlab chiqilganligini e’tirof etish lozim.

Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchanlik roli bugungi kunda muhim. Biroq, erkin bozor munosabatlari tarafdorlari investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berish, valuta va narx siyosatini yanada erkinlashtirish, xususiylashtirish va iqtisodiyotda davlatning rolini qisqartirishga harakat qiladi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari har doim ham jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi. Chunki erkin bozor qonunlari kezi kelganda insonparvarlik tamoyillaridan chetga chiqib, ijtimoiy tafovutlar hamda tengsizlikning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Qolaversa, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri ekanini nazarda tutgan holda, nomzod ishni quyidan boshlashni taklif etdi. Ya’ni, mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlar hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish lozimligi, mazkur dasturlar hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiq bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Uchrashuv samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi va o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati.

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish