Bugun Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tizimidagi xodimlar uchun "Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati" mavzusida onlayn oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.
Unda deputatlar, partiya Markaziy va hududiy kengashlari xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.
Dastlab, yigʻilishni Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Vafayev kirish soʻzi bilan ochib, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati va dolzarbligi xususida gapirdi.
Seminarda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Mamadjanova qatnashchilarga "Konstitutsiyaning" vujudga kelish tarixi, uning davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning oʻzaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimi hamda davlat va jamiyatning oʻzaro munosabatlarini belgilab berishi haqida soʻzlab berdi.
Deputat bundan tashqari, Suveren Oʻzbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yoʻlidagi 9 ta huquqiy qadamni bu boradagi eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab oʻtdi.
Zotan, Konstitutsiyaning yaratilish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning ajralmas tarkibiy qismidir.
Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipov ishtirokchilarga yangilangan Konstitutsiyaning ishlab chiqish jarayonlari, mazmun-mohiyati va undagi oʻzgarishlar xususida maʼlumot berdi.
Xususan, bosh qomusimizdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshgani, qolaversa, konstitutsiya 65 foizga yangilangani taʼkidlandi.
Konstitutsiyaning 1-moddasida "Oʻzbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilab qoʻyildi. Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat deb belgilanishi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining ustuvor gʻoya va maqsadlariga toʻla mos kelishi aytib oʻtildi.
Seminar soʻngida ishtirokchilar tomonidan Konstitutsiyaga oid savollarga javoblar berilib, Oʻzbekiston XDP va uning barcha darajadagi deputatlik birlashmalari, partiya tashkilotlari asosiy qonunimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini joylarda keng targʻib etishda faol boʻlishlari lozimligi taʼkidlandi.