Vatan mustaqilligi ulug‘ ne’mat
Vatan mustaqilligi ulug‘ ne’mat

 

Mutaqillik-bu so‘z zamirida qanchadan qancha mashaqqatli mehnat va sinovli davrlar, ota-bobolarimizning orzu va niyatlari mujassam. Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o‘zbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi - Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.

Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Mustaqillikka erishgan kunimizdan buyon xalqimiz bosib o‘tgan mashaqqatli va sinovli davrlarda amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, erishilgan yutuqlar, ulkan marra va natijalar salmog‘i juda katta. Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgardi, davlat va jamiyatni boshqarish ishlarida faolligi oshmoqda va bu albatta, kelajakda yanada salmoqli natijalarga erishish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir Uyg‘onish jarayoni kechmoqda, ya’ni “Yangi O‘zbekiston” so‘zi xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Yangi O‘zbekiston - bu yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois, mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to‘liq qayta qurilmoqda.

Bugungi kunda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valuta kursining “qora bozor”da bir xil, banklarda esa boshqacha bo‘lishi, xorijiy valutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, O‘zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi, ya’ni “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etildi. Shu asosda, yordam va ko‘makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilib, vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum orqali qabul qilingan yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ijtimoiy davlat tamoyili mustahkamlandi hamda davlatning ijtimoiy sohaga oid mas’uliyati 3 barobarga ortdi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Shuningdek, davlat budjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lari uning yarimini tashkil etib, bugungi kunda 64,4 trillion so‘m mablag‘lar mazkur sohaga yo‘naltirilgan.

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

So‘nggi yillarda bolalarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 3 barobarga ortib, 72 foizga yetdi, bog‘chalar soni esa qariyb 3 marta ko‘payib, 14 mingdan oshdi.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida maktab ta’limi tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko‘payib bormoqda.

Joriy yilning 1-yarim yilligida ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan ta’lim tizimi xarajatlariga Davlat budjetidan 30,1 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 trln so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o‘qitish kurslarida minglab o‘g‘il-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.

Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ularning muammolarani o‘rganish hamda hal etish, orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etildi. Birgina joriy yilning o‘zida Davlat budjetidan jismoniy yoki psixik rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktab internatlarga 557,6 mlrd. so‘m, “Mehribonlik uylari”ga 21,6 mlrd. so‘m, bolalar mahallalariga 4,8 mlrd. so‘m ajratilgan.

Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rildi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida so‘z borganda, xotin-qizlarning bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog‘lig‘ini saqlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etuvchi xotin-qizlarimiz huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan 2 ta qonun, Prezidentimizning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani biz ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilishi, magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini davlat budjetidan qoplab berilishi, 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinishi hamda xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti berilishi, bu yaratilayotgan shart-sharoitlarning bir qismi xolos.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy ta’minotdan foydalanish huquqini ta’minlash, xalqaro standartlarga muvofiq ijtimoiy sug‘urta orqali homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lab berish tizimi joriy etildi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik yurituvchi subektlarda ishlovchi 7 732 nafar ayollarga 15,4 mlrd so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lab berildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, mamlakatimiz mustaqilligi bayrami arafasida barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilish imkoniyati bo‘ladi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning esa, sanab sanog‘iga yetish qiyin.

Ishonamizki, Yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish