Mablag‘lar o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishi zarur
Mablag‘lar o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishi zarur

 

Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishga aylandi. Natijada tadbirkorlarimiz respublikamizning iqtisodiy qudratini va eksport salohiyatini oshirishga ulkan hissa qo‘shmoqda. Ular investitsiyalarni jalb qilish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatishni yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda ibrat va namuna ko‘rsatmoqdalar, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etmoqda.

Majlisda ta’kidlandiki, dunyoda yuzaga kelgan murakkab vaziyat, tranzit va logistikadagi muammolar, asosiy iqtisodiy hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlarda iqtisodiy o‘sishning pasayishi kabi holatlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga, shu jumladan, budjet ijrosi jarayoniga, pul-kredit, moliya tizimiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qolish imkoniyatini berdi. Xususan, 2023 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 5,6 foizga o‘sdi. Tashqi savdo aylanmasi 29,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 19,4 foizga o‘sgan. Respublika hududidagi aholining real daromadlari 6,5 foizga oshgan holda, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 9,3 mln so‘mni tashkil qildi.

Hisobot davrida mamlakatimizda soliq yukini kamaytirish, tadbirkorlik faoliyati subyektlariga soliq imtiyozlarini berish, soliq to‘lovchilarga yengilliklar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida Davlat budjeti daromadlari oshirib (106,3 foizga) bajarilishiga erishildi.

Deputatlar mamlakatimizda elektr energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, ko‘mir va boshqa yoqilg‘i-energiya resurslarini qishga g‘amlash borasida barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini e’tirof etgan holda, kuz-qish mavsumiga oz fursatlar qolganiga qaramasdan issiqlik ta’minoti obyektlarini qishga tayyorlash ishlari sust ketayotgani sabablari bilan qiziqdilar.

Hususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga Davlat budjetidan issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash uchun xarajatlarga ajratilgan mablag‘ 41 foizga ijro etilgani tanqid ostiga olindi.

Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

 

O‘zbekiston XDP fraksiyasi pozitsiyasi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi kun tartibidagi muhim masala yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi.

Hisobot davrida budjet xarajatlarining aksariyat qismi partiyamiz dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalar, ya’ni ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilganligi hamda davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatini bajarishga qaratilgani diqqatga sazovor.

Hukumat tomonidan soliq ma’murchiligi bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilganini ham e’tirof etish kerak. Xususan, 2023 yilning 1-yarim yilligida foyda solig‘i to‘lovchilar soni 176 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,1 foizga oshgan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari birinchi yarim yillikda 14,4 trln so‘mni tashkil etgani natijadorlik oshayotganini ko‘rsatadi.

Albatta, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami juda keng. Shu bilan birga, ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlanmoqda. Bu borada hukumatga budjet mablag‘laridan samarali sarflanishi yuzasidan quyidagilar taklif etildi:

Birinchidan, budjet daromad qismini ko‘paytirishda norasmiy sektorda faoliyat olib borayotgan fuqarolar daromadlarini legallashtirish muhim manba hisoblanadi. Bu borada hukumat qanday aniq choralar ko‘rayotgani, qanday real natijalarga erishilayotgani haqida tegishli ma’lumotlar taqdim etilmagan. Fraksiyamiz kelgusida mazkur yo‘nalishda batafsil axborot berib borishni tavsiya etadi.

Ikkinchidan, fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, malakali tibbiyot xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishga Davlat budjetidan katta mablag‘lar ajratilmoqda. Lekin ularni o‘z vaqtida va maqsadli ishlatishda ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilgan budjet mablag‘larining maqsadliligi va samaradorligi bo‘yicha jiddiy savollar tug‘ilmoqda.

Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida tasdiqlangan shtatlar jadvali va xarajatlar smetasi 3,7 mlrd so‘mga ortiqcha rejalashtirilgan. Bu bir misol sifatida keltirilmoqda. Mana shunday kamchiliklarni aniqlash hamda ularni qisqa vaqtda bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi vazirliklar o‘zlarining ta’sirchan choralarini ko‘rishi kerak, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan, hisobotda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan budjet mablag‘larini issiqlik ta’minoti obyektlarini rekonstruksiya qilish uchun 41,1 foizi sarflangani ko‘rsatilgan. Bu esa yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanilayaptimi, degan savolni keltirib chiqaradi.

Mazkur masala bo‘yicha fraksiya yig‘ilishida ham to‘liq asosli javob olinmadi. Shularni hisobga olib, budjet mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan Hukumat tomonidan jiddiy nazorat olib borilishini tavsiya etamiz. Fraksiyamiz deputatlarini ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishini ma’lum qilamiz.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2023 yil birinchi yarim yillik ijrosi yakunlari bo‘yicha Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni qo‘llab-quvvatlaymiz. Zotan, budjet xarajatlari ochiq-oshkora bo‘lishi, davlat idoralari, hududlar uning har bir so‘mini oqilona, tizimli ravishda sarflashi lozim.

Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng deputatlar Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

 

«O‘zbekiston ovozi», 23.08.2022, №32

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish