Mustaqillikdagi mislsiz yangilanishlar
Mustaqillikdagi mislsiz yangilanishlar

 

Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun

Oxirgi yillarda mamlakatimizda mislsiz yangilanishlar, o‘zgarishlar bo‘lib, aholimizni turmush darajasi va farovonligi yaxshilab bormoqda. Bu o‘zgarishlarni aholimizning har biri his qilmoqda.

Mustaqillikka har xil ta’riflar beriladi, uning ahamiyati, qadrini ulug‘lashga harakat qilinadi. Mustaqillik-avvalo erkinlik, ulug‘ ne’mat desak, adashmaymiz. U bizga o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqini berdi, adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish, o‘z milliy davlatchiligimizni rivojlantirishga imkoniyat yaratdi. Xullas, qancha ta’riflamaylik, uning qadrini, ahamiyatini to‘laligicha bayon eta olmaymiz. Faqat bir narsa ayonki, bu bebaho ne’matni har kim o‘z taqdirida tutgan o‘rni, o‘z hayoti, oilasi misolida anglaydi, jamiyatda his etadi.

Mustaqillik bayramini katta tayyorgarlik bilan kutib olish biz uchun ezgu an’anaga aylanib qolgan. Chunki bu bayram butun millat va xalq taqdiri bilan bog‘liqdir. Bayram arafasida bosib o‘tgan yo‘limiz, oxirgi yetti yildagi amalga oshirilgan ulkan ishlarimizni sarhisob qilib, bugungi yutuq va marralarni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazishimiz tabiiy, albatta.

Xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qadrlayotgan mustaqilligimizning har bir kuniga cheksiz shukrona aytsak arziydi. Ularning ish bilan ta’minlashda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Albatta, bu borada tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyat, imtiyoz va rag‘batlar ham katta ko‘mak bo‘lib, mustahkam ishonch bermoqda. Birgina ijtimoiy daftarlardagi ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida milliardlab mablag‘lar va subsidiyalar berilmoqda.

Toshkent viloyati aholisini ham tadbirkorlikka jalb qilish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlash, yo‘l qurilishi, bog‘cha, maktab, kasalxona qulay sharoitlar, umuman yurtimizdagi islohotlar samarasi haqida juda uzoq gapirish mumkin.

Shukrona aytish kerakki, mustaqillikka erishgach, inson qadri ulug‘landi va yashashning qadrini yoshlarimizga kengroq tushuntirishimiz, ularning qalbiga yetib borishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori e’lon qilingan shu kunlarda xalqimiz mustaqillikning imkoniyatlari, erkinlik qadri haqida fikr-mulohaza yuritmoqda, bu kunlar va tinchlikning shukronasini aytishmoqda. Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu-shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida qarorda «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqilgan.

Partiyamiz tomonidan barcha tuman, shaharlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, “Deputat mahallada”, “Yoshlarga ko‘mak”, “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, ochiq muloqot va suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Kuni kecha partiya faollari va deputatlar bilan Zangiota tumanida o‘tkazilgan tadbirda, ya’ni IIV JIED 1- son Tergov hibsxonasi mahkumlari bilan ochiq muloqotda Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartirishlar va mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar haqida suhbatlashildi. Muloqot davrida chindan ham ularning dunyoqarashi o‘zgargani ko‘zga tashlandi.

Oxirgi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay o‘zgargani, bu ijobiy o‘zgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida o‘z ifodasini topayotgani, xalqimizning turmush darajasini, ongu-tafakkuri, bilim va madaniyatini oshirish bo‘yicha qilingan ishlarni aniq dalil va misollar, chuqur ilmiy tahlillar va ekspertlik baholari orqali mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlandi.

O‘tkazilgan tadbir darhaqiqat, unda bildirilgan fikrlar har bir yurtdoshimizni istiqlol bergan imkoniyatlar haqida yana bir bor chuqur o‘ylab ko‘rish, tinchlik va osoyishtaligimizni asrab-avaylashga undaydi. Bu jarayonda siyosiy partiyalarning faol ishtirok etishi ayniqsa, muhimdir. Demak, aholi orasida olib borayotgan ishlarimizda shu masalalarga alohida e’tibor qaratish, bugungi va kechagi kunni aniq va hayotiy misollar orqali taqqoslab, mustaqillikning cheksiz ne’matlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risida tushuntirish ishlarini ko‘proq olib borish kerak, deb o‘ylayman.

 

Akmal Umaraliyev,

O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish