Mustaqillik — barcha ezgu reja va marralarimizning mustahkam kafolati
Mustaqillik — barcha ezgu reja va marralarimizning mustahkam kafolati

 

Shu kunlarda yurtimizda eng ulug‘, eng aziz bayram — Mustaqilligimizning 32 yilligini nishonlashga taraddud qizg‘in pallaga kirdi. Garchi 32 yil ko‘hna tarix oldida qisqa vaqt bo‘lsa-da, istiqlol davri xalqimiz taqdirida, Vatanimiz taraqqiyotida ulkan iz qoldirgan muhim tarixiy yillardir.

Aynan mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimizning poydevori mustahkamlanib, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi. Jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi.

Mustaqillikka erishgan kunimizdan buyon xalqimiz bosib o‘tgan mashaqqatli va sinovli davrlarda qilingan ishlar ko‘lami, erishilgan yutuqlar, ulkan marra va natijalar salmog‘i juda katta. Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgardi, davlat va jamiyat boshqaruvi ishlarida faolligi oshmoqda.

Bularning barchasi kelajakda yanada salmoqli natijalarga erishish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini anglatadi. Hozirgi vaqtda hayotimizning turli sohalarida yangilanishlar yanada jadallashmoqda. Xususan, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash shakllanmoqda. Ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etildi.

Shu asosda ko‘makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilib, vaqtida va samarali hal etilmoqda. Mamlakatimizda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat tamoyili mustahkamlandi hamda davlatning ijtimoiy sohaga oid mas’uliyati oshdi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Davlat budjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lari uning yarmini tashkil etib, bugungi kunda bu raqam 64,4 trillion so‘mni tashkil etayotir.

Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda. Hozirda bolalarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 72 foizga yetdi, bog‘chalar soni esa qariyb 3 marta ko‘payib, 14 mingdan oshdi.

Ayni chog‘da yurtimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida maktab ta’limi tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri va hududlarda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko‘paymoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida ta’lim tizimi xarajatlariga davlat budjetidan 30,1 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 trillion so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Mahallalarda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish kurslarida minglab o‘g‘il-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda. Endilikda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida so‘z borganda xotin-qizlarning bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog‘lig‘ini saqlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etuvchi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani biz, ayollarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasi bo‘ldi.

Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilishi, magistraturada to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt puli davlat budjetidan qoplab berilishi, 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilinishi hamda xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz ta’lim krediti berilishi opa-singillarimizning baxtu iqbolini ko‘zlab yaratilayotgan sharoitlarning bir qismi, xolos.

Bundan tashqari, xotin-qizlarning ijtimoiy ta’minotdan foydalanish huquqini ta’minlash, xalqaro standartlarga muvofiq ijtimoiy sug‘urta orqali homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lab berish tizimi joriy etildi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik yurituvchi subyektlarda ishlovchi 7732 nafar ayolga 15,4 milliard so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lab berildi.

Mustaqillik bayrami arafasida yurtimizda inson qadrini ko‘zlab amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlarni bir karra sarhisob qilish, uning xalqimiz, yoshlarimiz hayotidagi o‘rnini tahlil qilishga chog‘lanishimiz bejiz emas. Bularning barchasi, avvalo, istiqlolimizning taqdirimizda tutgan o‘rnini, ahamiyatini anglashga undaydi. Qolaversa, bu xayrli ishlar bardavom bo‘lishi uchun bizni yangi maqsadlarga ruhlantiradi.

Zero, mamlakatimizning ertasi bugundan obod bo‘lishi, istiqlolimiz bar davom bo‘lishi uchun har birimiz yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan hayot kechirishimiz, taraqqiyotga xizmat qiladigan yangi-yangi marralarni ko‘zlab yashashimiz lozim. Shundagina xalqimiz intilayotgan obod Vatan, farovon jamiyat barpo etishga musharraf bo‘lamiz.

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Mustaqillik Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish